Sabrli va hamjihat xalq pandemiyani yenga oladi

Yil avvalida Xitoyda paydo bo‘lgan koronavirus infeksiyasi qisqa vaqt ichida deyarli barcha davlatlarni qamrab oldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya deya nomlangan ushbu kasallik butun dunyo ahlining salomatligiga va davlatlar iqtisodiyotiga o‘ta salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Ayni paytda dunyoning bir qator rivojlangan davlatlarida ham narx-navoning ko‘tarilishi, oziq-ovqat taqchilligi va ishsizlik darajasining keskin oshib ketishi kuzatilmoqda.

O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasi kirib kelganligi aniqlanishi hamonoq hukumatimizning maxsus komissiyasi tomonidan qat’iy karantin tadbirlari e’lon qilindi. Eng avvalo, barcha darajadagi ta’lim dargohlari, aholi gavjum bo‘ladigan ob’yektlar, buyum bozorlari, yirik ko‘ngilochar markazlar, bazmgohlar va umumiy ovqatlanish shaxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Keyinchalik esa viloyatlararo va yirik shaharlarda shaxsiy transport vositalari harakatlari cheklandi. Barcha ommaviy axborot vositalari, rasmiy ijtimoiy tarmoqlarda aholining uyda qolishi yuzasidan talab va tavsiyalar yoritib borildi.

Tezkorlik bilan ko‘rilgan chora-tadbirlar, jonkuyar tibbiyot xodimlarining sa’y-harakatlari natijasida aholi o‘rtasida infeksiya tarqalishining salbiy oqibatlari sezilarli ravishda kamaytirildi. Biroq, koronavirus pandemiyasi ko‘plab davlatlarda bo‘lgani kabi mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi daromadlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi.

Karantin davrida davlatimiz rahbari aholi tomorqasiga asosiy e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Darhaqiqat, odamlarning uyda qolganligi tomorqalarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishda qo‘l keladi. Bu borada Narpay tumanidagi vaziyat tahlil qilinganda, 35 mingga yaqin xonadondagi 2685 gektar tomorqaga barcha turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilib, 60150 tonna mahsulot olinishi ko‘zda tutilmoqda. Demak, fuqarolarimiz uyda qolib, zerikmasdan o‘z tomorqasini obod qiladi va bu harakat qisqa vaqtda ro‘zg‘origa daromad keltiradi.

Yurtboshimiz yana shunday tashabbus bildirdiki, karantin tadbirlari davomida va unga qadar faoliyatini to‘xtatgan yoki kam quvvatda ishlayotgan ishlab chiqarish korxonalari ishini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratildi. Shunga muvofiq, tumanda tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan 175 ta sanoat korxonasi birma-bir monitoring qilinib, korxonalar holati bo‘yicha 5 xil (0, 25, 50, 75 va 100 foiz) quvvatda ishlaydigan tasniflarga bo‘lib chiqildi. Ularga ko‘mak bergan holda ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich oshirib borish natijasida byudjetga soliq tushumlari oshib bormoqda. 800 dan ortiq ish o‘rinlari tiklandi. Agar ushbu raqamlarni respublika miqyosida ko‘radigan bo‘lsak, olib borilayotgan ishlar shunchaki qilinmayotganligini isbotlovchi ijobiy raqamlar yuzaga chiqadi hamda bu ham davlatimiz iqtisodiyoti barqarorligiga asos bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 23 aprelida ilgari surilgan eng muhim tashabbus bu “Saxovat va ko‘mak” umumhalq harakati tashkil etilishi bo‘ldi. Yurtdoshlarimiz esa ushbu tashabbusga “labbay” deya javob berishdi. O‘zbek xalqi qadimdan xonadonida biror-bir taom tayyorlasa yoki tandirida non yopsa birinchilardan bo‘lib qo‘shnilariga ulashgan. Bu odat davrlar mobaynida qadriyat shakliga kirib borgan. Tarixning og‘ir kunlarida, urush, qahatchilik va turli kasalliklar tarqagan davrda xam o‘zbek xali bir-birini tashlab qo‘ymagan. Shundan kelib chiqib, bugun ko‘p sinovlarni boshidan kechirgan tajribali va hamjihat xalqimiz kambag‘al, nochor, yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan har bir fuqaroni 3 oygacha homiyligiga olgan holda yordam qo‘lini cho‘za boshladi. Bunda, ayniqsa, o‘rta va yirik tadbirkorlarimiz alohiga o‘rnak bo‘lishmoqda. E’tiborli tomoni hukumatimiz saxovat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarimizning amalga oshirayotgan ishlarini inobatga olib, ularga soliq imtiyozlari va moliyaviy ko‘mak ko‘rsatib borilishini ma’lum qildi.

Muxtasar aytganda, “birlashgan o‘zar” naqlidan kelib chiqib harakat qilayotgan hamjihat o‘zbek halqini qisqa muddat ichida koronavirus pandemiyasini yengib, yanada jipslashgan va yanada qudratli holatda asl hayot tarziga qaytishiga shubha yo‘q.

Sherzod RAHMONOV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi, Narpay tumani hokimining birinchi o‘rinbosari.