Saida Mirziyoyeva Samarqandda o‘tkaziladigan ilk xalqaro xayriya marafoni g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi

Bugun, 30 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Samarkand Half Marathon” – ilk xalqaro xayriya marafoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Oybek Qosimov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

“Samarqand yarim marafoni jamiyatda faol yashash tarzi g‘oyasini ilgari suradi va madaniyatning barchaga, jumladan, nogironligi bor insonlar uchun ochiqligini ta’minlash bo‘yicha xayrli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Inklyuziv muhitni yaratishga doir xayriya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etish katta vazifadir. Bunday tadbirlar, dasturlar ko‘p bo‘lishi kerak”, dedi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, “Samarkand Half Marathon” 1-3 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Loyihaning asosiy maqsadi madaniyat va san’at ob’yektlarining hammabopligi va inklyuzivligi muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb etish, shuningdek, O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sport turizmini rivojlantirishga qaratilgan.

Inklyuziya – bu butun jahonda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya. Unga ko‘ra, salomatligidan qat’i nazar, jamiyatdagi har bir odamga moddiy va ma’naviy boyliklardan bahramand bo‘lish va o‘zini namoyon etishga imkon berish demakdir.