"Samarkand Half Marathon 2020" 1 dekabrga qadar davom etadi

Samarqand shahrida "Samarkand Half Marathon-2020" doirasida o‘tkazilgan shahar va klublar o‘rtasidagi musobaqalarning yakunlari hamda musobaqaning tashkiliy ishlari sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Samarqand xayriya yarimmarafoni tashkiliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova  yarimmarafon maqsad va vazifalariga mos o‘tkazilganligi, natijalari, kelgusidagi rejalar bo‘yicha ma’lumot berdi.

- Bu yilgi yarimmarafon pandemiya sabab an’anaviy va onlayn tartibda tashkil etilgan bo‘lsa-da, unga qiziqish juda yuqori bo‘ldi, - dedi A.Abduhakimov. – O‘tgan yil ilk bor o‘tkazilgan musobaqada 1200 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa, joriy yil ishtirokchilar soni 3000 nafardan oshdi. Eng muhimi, mamlakatimizdan tashqari dunyoning 35 davlatidan professional sportchilar, havaskorlar Samarqand yarimmarafonida qatnashdi. Musobaqa ayni paytda ham onlayn davom etmoqda. E’tiborlisi, ishtirokchilar tomonidan musobaqa muddatini uzatirish bo‘yicha takliflar bildirilmoqda. Shuni inobatga olib, tashkilotchilar bilan kelishgan holda Samarqand yarimmarafonini joriy yilning 1 dekabriga qadar davom ettiramiz.

Matbuot anjumani doirasida musobaqaning shahar va klublar o‘rtasida tashkil etilgan bahslari g‘oliblari taqdirlandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, klublar o‘rtasidagi bahsda “Toshkent Raners” klubi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa,   Sporty family klubi ikkinchi, “Turizm Raners” klubi uchinchi o‘rinni egalladi. Musobaqaning eng yaxshi yuguruvchilar shahri bahsida Toshkent shahri birinchi, Dushanbe shahri ikkinchi va mezbon Samarqand shahri uchinchi o‘rindan joy oldi.

Matbuot anjumani doirasida yarimmarafondan tushgan mablag‘lar sarflanishi bo‘yicha ham ma’lumot berildi. Tashkiliy qo‘mita xayriya mablag‘lari hisobidan faqaktgina Toshkent shahrida emas, balki Samarqandda ham autizmga chalingan bolalar uchun badiiy ustaxona tashkil etishga qaror qilinganini ma’lum qildi.

Matbuot anjumani yakunida Samarkand Half Marathon inklyuziv muhit, mamlakatning sayyohlik salohiyati, ayniqsa sport turizmini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan xalqaro sport brendiga aylanayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.