Saidrizo Alizoda ishlagan binoda peshlavha o‘rnatildi

Viloyat jamoatchiligi Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi hamda shahar hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan 1919-1921 yillarda Saidrizo Alizoda muharrirligida “Shu’lai inqilob” haftalik jurnali chop etilgan bino (hozirda Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i ma’muriyati)da peshlavha o‘rnatish marosimida ishtirok etdi.

Saidrizo Alizoda «Samarqand» gazetasi hamda «Oyina» jurnalida Behbudiyning yaqin hamkori bo‘lgan, «Sharq», «Hurriyat», «Zarafshon», «Ovozi tojik» gazetalarida ishlagan. U 1919 yilda “Shu’lai inqilob” jurnaliga asos solgan va chop ettirgan. «Sarfi arab», «Turkiy alifbo», «Tarix», «Jug‘rofiya», «Riyoziyot», «Xandasa” kabi 11 ta darslik tuzgan, 1933-1937 yillarda SamDUda talabalarga ta’lim bergan.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov, allomaning nevarasi F.Alizoda tadbir ishtirokchilariga ma’rifatparvar olimning hayoti va ijodi hamda kelajak avlodga qoldirgan boy ijodiy merosi haqida ma’lumot berdi. 

- Bobomizning hayoti turli siyosiy taloto‘plarda o‘tdi, xorijda mashhur bo‘lgan alloma bolsheviklar tomonidan xalq dushmaniga chiqarilib, hibsga olindi, - deydi mutafakkirning nabirasi Farhod Alizoda. – Bunday dramatik taqdir haqida tom-tom asarlar yozsa arziydi. Asarlari, ilmiy faoliyati chuqur tadqiq etilishi lozim. Bobomizning bugungi avlod uchun ibrat qilib ko‘rsatishga arzigulik sifatlari shu qadar ko‘pki, ular o‘rganishni, ilmiy mulohazalarni taqozo etadi.