Salkam bir asrlik tajriba: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti 95 yoshda

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti tashkil etilganining 95 yilligi munosabati bilan ushbu nufuzli oliy ta’lim muassasasida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Qariyb bir asrlik tarixga ega bo‘lgan ta’lim dargohi yubileyi nafaqat institut jamoasi, balki mamlakatimiz ta’lim tizimi, iqtisodiyot va servis sohalari uchun ham muhim voqea sifatida nishonlandi.

Tantanali tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari U.Salomov, viloyat hokimining o‘rinbosari X.To‘xtayev, respublikadagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar institut jamoasini 95 yillik qutlug‘ sana bilan qutlab, ta’lim muassasasining mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida tutgan o‘rni, ilm-fan va ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasi haqida to‘xtaldilar. Ta’kidlanganidek, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘zining qariyb bir asrlik faoliyati davomida iqtisodiyot, savdo, xizmat ko‘rsatish, turizm va tadbirkorlik sohalari uchun minglab yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab bergan.

Anjuman qatnashchilari institutning bugungi taraqqiyot bosqichi, zamonaviy ta’lim dasturlari, xalqaro hamkorlik aloqalari, ilmiy salohiyati va kelgusidagi strategik rivojlanish yo‘nalishlarini alohida e’tirof etdi. Ayniqsa, xorijiy universitetlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma dasturlar, akademik almashinuvlar va ilmiy loyihalar ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Xalqaro anjuman doirasida institutning boy tarixi, bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li va erishilgan yutuqlarini namoyon etuvchi ko‘rgazma tashkil qilindi. Ko‘rgazmada ta’lim muassasasining tashkil topishidan bugungi kungacha bo‘lgan tarixi bir necha davrlarga ajratilgan holda yoritildi. Jumladan, 1931–1942, 1943–1962, 1963–1981, 1982–1990, 1991–2003, 2004-2014 va 2015 yildan bugungi kungacha bo‘lgan bosqichlar maxsus sahnalashtirilgan chiqishlar, arxiv hujjatlari, fotosuratlar va ekspozitsiyalar orqali namoyish etildi.

Shuningdek, institutning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, ta’lim jarayonidagi islohotlar, xalqaro hamkorlik natijalari hamda professor-o‘qituvchilar va talabalarning yutuqlari haqidagi ma’lumotlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘rgazma institutning qariyb bir asrlik ilmiy va ma’naviy merosini yana bir bor namoyon etib, ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.

Institut tarixidagi e’tiborli jihatlardan biri shundaki, O‘zbekiston xalq shoiri va taniqli adib Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek Samarqand mamlakat poytaxti bo‘lgan yillarda mazkur ta’lim muassasasida falsafa fanidan dars bergan. Bu esa institutning nafaqat iqtisodiy ta’lim, balki mamlakat ma’naviy hayoti bilan ham uzviy bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.

Ta’kidlanganidek, institut turli yillarda xalq xo‘jaligi uchun tovarshunoslar, hisobchilar va iqtisodchilar tayyorlab bergan. Murakkab ijtimoiy-iqtisodiy davrlarda ham ta’lim va ilmiy faoliyat uzluksiz davom ettirilgan. Xususan, mustaqillikning ilk yillarida talabalar qabuli cheklangan bo‘lishiga qaramay, institut olimlari va ustozlari soha uchun kadrlar tayyorlashni izchil davom ettirgan.

Institut rektori Muhiddin Po‘latovning aytishicha, bugungi kunda institut iqtisodiyot, turizm va servis sohalari uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda yetakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, dual ta’lim tizimini respublikada birinchi bo‘lib joriy etgan oliygohlardan biri sifatida talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mehmonxona biznesi va servis sohasi uchun kadrlar tayyorlashda mazkur tajriba samarali natijalar bermoqda.

— Men shu dargohda tahsil olganimdan faxrlanaman, — deydi Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Sharipov. — Bugun mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab taniqli tadbirkorlar, rahbar kadrlar va iqtisodchilar aynan shu oliygoh bitiruvchilari ekani institut nufuzining yaqqol dalilidir.

Anjuman yakunida mehmonlar institut jamoasiga samimiy tabriklar yo‘lladi, so‘ngra ta’lim muassasasining rivojiga munosib hissa qo‘shgan ustoz va faxriylarga esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi.