Salom berish - farosat

Odatiy ish kunlarimizning birida yoshi ulug‘roq hamkasblarimdan biri “Va alaykum assalom”, deya kirib keldi. Bilib turibman, u keyingi vaqtlarda salom bermay qo‘yganimga pisanda qilayotgandi...

Yo‘q, adashmang, shariatimizning savob va gunoh, halol va harom borasida ko‘rsatmalaridan yaxshi xabardorman. Lekin solih bir insondan gunohni yengil sanaydigan fojir kimsaga aylana borayotganimni bilib turib, parvo qilmayman. Bu taxlit havoyi nafsimga ergashish bilan islomiy axloq me’yorlaridan chekinayotganim faqat o‘zimga zararligini ham tushunsam-da, tan olgim kelmaydi.

Yana shuni ham bilamanki, barchasidan xabardor zotdan yashirib bo‘lmagan bu qusurlarimni Sizga aytishimdan maqsad nima ekanligini anglab yetyapsiz. Aniqki, Allohning eng suyukli bandasi Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) hatto kichiklarga ham avval o‘zlari salom berganini yaxshi bilasiz. Ishonamanki, bu sunnatga to‘la rioya qilyapsiz.

Men-chi?..

Odam go‘shti yeganmisiz?

Islomiy axloq me’yorlaridan chekinish o‘zimga zarar keltirayotganini aytdim. O‘sha, salom bermasam-da alik olingan voqea rivoji ham bunga yana bir dalil bo‘ldi.

- Salom bersang alik olmaydi, kesatig‘iga o‘laymi, - dedim boshqa hamkasbimga. Shu bilan boshlanib ketdi, “uning go‘shtini yeyishni boshladik” (Birodarining g‘iybatini qilish uning go‘shtini yeyish bilan barobarligini aytmasam ham yaxshi bilasiz).

Salom berish savob amalligini, uni kimga berishim muhimmasligini, qarshi tomon alik olmasligi amalim savobini kamaytirmasligini bilaman. Biroq takror aytaman, havoyi nafsimga ergashib shu ko‘ydaman.

Siz-chi?..

O‘z amalingiz haqida o‘ylaysizmi yoki men kabi “odamxo‘rlik”dan qutulolmayapsizmi? Birodarimning xato-nuqsonlarini uning ortidan gapirishim g‘iybat, o‘zida yo‘q amal-odatlarini boshqa birov bilan muhokama qilishim esa tuhmatligini sira o‘ylab ko‘rmadim.

Unutib qo‘yaman, afsus...

Rost, unutib qo‘yaman. Bo‘lmasa, namoz Islomning shiori, mo‘minni boshqalardan ajratib turuvchi amal ekanligini, Alloh taolo musulmonlarga imondan keyin namozni farz qilganini yaxshi bilaman.

Qiyomatda ham bandalar, eng avvalo, namozdan savol qilinishini, namozsiz boshqa ish-amallar qabul qilinmasligini, namozni esa qazo qilmay vaqtida o‘qish farzligini (majburiyligini) tushuntirib o‘tirmang. Ammo oddiy turmush tashvishlari bilan o‘ralashib yoki arzimas sabablar tufayli namozlarni osongina qoldirib yuboraveraman.

Buning ortidan esa Qur’oni karimda «Bas, qachon uylarga kirsangizlar, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak pokiza salomni aytinglar (ya’ni, «Assalomu alaykum», denglar)» ("Nur" surasi, 61-oyat) tarzida bayon etilganini unutib qo‘yaman.

Umuman, islomda salomlashuv ibodat amal sifatida talqin etilishi barobarida uchrashgan kishiga qilingan duo ekanligi hadisda eslatilgan. Buni o‘qib, miyamda charx urayotgan savolga javob topishga urinaman: namozniki unutib Yaratuvchi zot amrini bajarmayapman, boshqalarni duo qila olarmikanman?

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Iymon keltirmaguningizcha jannatga kirmaysizlar. Bir-biringizga muhabbat qilmaguningizcha iymonli bo‘la olmaysizlar. Agar amal qilsangiz, o‘rtalaringizda muhabbat paydo etadigan narsaga sizlarni dalolat qilaymi? Orangizda salomni yoying”, dedilar (Imom Muslim).

Bugun, hozir o‘zgaraman

Farosat – anglash, tushunish ma’nolarini anglatadi. Qoralamani bejiz salom berish - farosat, deb nomlamadim. Men ham angladim, chunki siz kabi mening ham oliy niyatim – jannat. Hadisdan anglashiladiki, jannatning kaliti – iymon, iymonli bo‘lish uchun esa bir-birimizga muhabbatli bo‘lish, buning uchun esa “salomni yoymoqlik” zarur ekan.

Bas, ertagamas, bugun o‘zgaraman: Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuhu.

Yoqubjon MARQAYeV.