Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida 3 ta ilmiy katalog nashrdan chiqdi

18 may - Xalqaro muzeylar kuni arafasida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida 3 ta ilmiy katalog nashr etildi va muzey-qo‘riqxonada nashr etilgan kataloglar soni 11 taga yetdi.

Ta’kidlash lozimki, katalog tizimlashtirilgan ro‘yxat, bir mavzuga oid ashyolar jamlanmasi, muzey kolleksiyalarini o‘rganish va tizimlashtirish bo‘yicha ilmiy ishlar natijasidir. Kataloglashtirish muzey ilmiy ishining eng muhim bosqichlaridan biri bo‘lib, muzey kolleksiyalarining kataloglarini tuzish san’at asarlarini hujjatlashtirishga, ularni ilmiy muomalaga kiritishga, shu bilan madaniy meros ob’yektlarini saqlashga yordam beradi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2022-2023 yillarda muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Ushbu dasturda muzeylar sohasini targ‘ib qilish va ommalashtirish nazarda tutilgan bo‘lib, har bir muzey yilda kamida bir donadan o‘zining noyob ashyolari va kolleksiyalari kataloglarini yaratishi hamda nashr qilib, kitob do‘konlarida ularning sotuvini yo‘lga qo‘yishi ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda 2022 yilda muzey-qo‘riqxonada “Tasviriy san’at durdonalari”, “Amir Temur maqbarasining o‘rganilishi tarixidan” kabi bir nechta kataloglar, joriy yilda “Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi”, “Ergash Jumanbulbul o‘g‘li yodgorlik muzeyi” nomli kataloglar nashrdan chiqarildi. 

Joriy yilning 25-26 may kunlari Madaniy meros agentligi tomonidan Samarqand shahrida “Muzeyshunoslik va arxeologiya tadqiqotlari: dolzarb muammolar va zamonaviy yechimlar” xalqaro forumi hamda uning doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, “Buyuk ipak yo‘li” tadqiqotlari” ko‘p jildli katalog taqdimoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirda  birinchi marta Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan nashr etilgan kataloglar taqdimoti o‘tkaziladi.

Zokir JAYNAROV, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi marketologi.