Samarqand davlat muzeyiga o‘ta noyob qadimiy eksponatlar sotib olindi

Samarqand shahrida “Milliy merosga mening hissam” umumxalq aksiyasi doirasida xarid qilingan ashyolar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yil 1 iyuldan aholidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olishni rag‘batlantirish va ommalashtirishga qaratilgan umumxalq aksiyasi o‘tkazilmoqda. Mazkur aksiya doirasida har yili davlat muzeylariga madaniy boyliklarni xarid qilish uchun mahalliy byudjetdan 500 million so‘mdan mablag‘ ajratilishi belgilangan.

- Ushbu ajratilgan mablag‘ hisobidan muzey ilmiy xodimlarining viloyat va respublika bo‘ylab ilmiy ekspeditsiyalari tashkil etilyapti, - deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori o‘rinbosari Mahmudxon Yunusov. - Ekspeditsiyalar natijasida 600 ga yaqin tarixiy va badiiy qimmatga ega noyob ashyolar topildi va ular muzey uchun xarid qilindi.  

Ko‘rgazmada Payariq tumani hududidan topilgan miloddan avvalgi II asrga oid saklarning bronza qozoni, miloddan avvalgi II asrdan milodiy XIV asrga taalluqli 41 dona bronza oyna kolleksiyasi, XI asrga tegishli, asosan Qoraxoniy Ibrohim ibn Nasrning 180 dona kumush tanga kolleksiyasi, Chig‘atoy xonlarining 236 dona dinor va dirhamlari, o‘ndan ortiq rang-tasvir asarlari, shuningdek, tarixiy liboslar, kashta, fotoapparat, uy-ro‘zg‘or buyumlari, ipak gilamlar, zargarlik mahsulotlari namoyish etildi.

Ushbu tarixiy ashyolar ko‘rgazma ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Xususan, miloddan avvalgi II asrga oid saklarning bronza qozoni va qoraxoniylarga tegishli noyob tangalar xorijdagi soha mutaxassislarining ham e’tiborini tortgan.