Samarqand davlat universiteti mahallalar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlamoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida “mahallabay” ishlash tizimida Samarqand tajribasini yaratish va amaliyotga joriy etish taklifini bildirgan edi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat universiteti olimlari tomonidan shahardagi Xo‘ja Ahror Valiy, Namozgoh, Bog‘bonlar, Oqsaroy, Bog‘isaroy, Chashma, Chaqar, Baraka, Temiryo‘lchilar, Yangiqo‘rg‘on kabi mahallalar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

- Samarqand shahridagi Bog‘isaroy mahallasida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish yuzasidan amaliy ishlarni boshlaganmiz, - deydi filologiya fakulteti dekani, professor Azamat Pardayev. - Mazkur mahallada yashaydigan yoshlar uchun xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport va kitobxonlik to‘garaklari tashkil qilindi. Shuningdek, mahalla yoshlari o‘rtasida “Mahallangiz tarixini bilasizmi?”, “Mahallamizda yashab o‘tgan mashhurlar”, “Mahallamiz ozodaligiga mas’ulmiz” kabi mavzularda insholar tanlovi o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Mahalladagi maktablar o‘quvchilari uchun yozgi ta’til davomida ko‘chma kutubxona tashkil qilishni maqsad qildik. Bugina emas, mahalladagi yoshlarni oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun tayyorlov kurslari tashkil qilish bo‘yicha kelishib oldik. Ayniqsa, mahallada “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarga alohida e’tibor qaratyapmiz. Ularning qiziqish va intilishlarini o‘rganyapmiz. Mahalla yoshlari bilan yaqindan aloqa o‘rnatish maqsadida telegram kanal ham ochmoqchimiz.

- Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan mahallabay ishlash tizimi o‘zining dastlabki ijobiy natijalarini bera boshladi, - deydi Bog‘isaroy mahallasi raisi Tohir G‘afurov. - To‘g‘risini aytganda, odamlarning uyiga kirib bormaguningcha, ularning dardiga quloq tutmaguningcha, haqiqiy ahvolni bilib bo‘lmas ekan. Tan olib aytishimiz kerak, bugun mahalladagi chin manzara butunlay oydinlashdi. Kimga ish kerak, kimga kredit kerak, kim davolanishga muhtoj, kimni uy-joy sharoiti og‘ir, barchasi aniq bo‘ldi.

Samarqand davlat universiteti olimlarining mahallamizga kelib, bizga amaliy yordam ko‘rsatayotganidan nihoyatda xursandmiz. Ular bilan mahallamizga ziyo, ma’naviyat-ma’rifat kirib keldi. Farzandlarimiz professorlar bilan uchrashib, suhbatlashish baxtiga muyassar bo‘ldi. SamDU olimlari mahallamizda katta masshtabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borishga bel bog‘lashgan. Ayniqsa, yoshlar uchun tashkil qilingan to‘garaklar, yoshlarni oliy o‘quv yurtlariga tayyorlash yuzasidan boshlangan sa’y-harakatlar biz, ota-onalarni juda quvontirdi.

Otabek Sa’dullayev,

SamDU axborot xizmati xodimi.

***

Samarqand davlat universiteti olimlari, shuningdek, Yoshlar ittifoqining universitet boshlang‘ich tashkiloti faollari shahardagi Bog‘bonlar mahallasi bilan ham hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. 

Dastlabki paytda mahallada 17 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lsa, bugungi kunda ular bilan ishlash davomida sezilarli ijobiy natijalarga, siljishlarga erishildi. Mahalladagi yoshlar uchun bir qator to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Universitet va mahalla raisi V.Qodirov hamkorligida tikuvchilik, ingliz tili, matematika, duradgorlik, dizaynerlik to‘garaklari mahalla yoshlarining qiziqishlaridan kelib chiqqan holda tashkil etilgan. Quvonarli tomoni, to‘garak ishtirokchilarining soni kundan kunga oshib bormoqda.

Bundan tashqari, 2500 dan ziyod aholisi bo‘lgan mahallada bittagina sport maydoni mavjud edi. Hozirda universitetimizning sport zallari, ochiq sport maydonlari ham mahalla yoshlari uchun bepul xizmat qilishni boshladi.

Shahzod Tog‘aymurodov.