Samarqand davlat universiteti qachon tashkil topgan?
Bugun bu savolga o‘rin qolmadi. Negaki, professor Rustam Xolmurodovning O‘zA saytida e’lon qilingan shu nomli maqolasi nafaqat ilmiy doiralar, balki turli kasb egalari, umuman, keng jamoatchilik tomonidan e’tirof etildi.
Shu bilan birga unda berilgan taklif ilmiy jamoatchilik, shu jumladan, xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Natijada Samarqand viloyatining vakillik organi qaroriga ko‘ra, ko‘hna diyorimizdagi ilk oliy dargoh, deb tan olingan Samarqand davlat universitetining 600 yilligi keng nishonlashlash belgilandi.
Qaror nechog‘lik adolatli?
Yevropalik mashhur yozuvchi, faylasuf va tarixchi olim Volter (1694-1778 yy.) «Transoksiyanada uning (Amir Temur) o‘rniga taxtga chiqqan mashhur Ulug‘bek Samarqandda birinchi akademiyaga asos soldi” degan gapni yozib qoldirgan.
Tarixdan ma’lumki, mazkur akademiya bir necha yuzdan ziyod olimlarni tarbiyalangan. Xususan, usmoniylarning 6-sultoni Mehmet Fotih Istanbulni fath etgach asos solingan Istanbul universiteti (Ulug‘bek madrasasidan 33 yil keyin - 1453 yilda)ning birinchi rektori Ulug‘bekning shogirdi Mavlono Ali Qushchi bo‘lgan. Birgina shu misolning o‘zi Samarqand davlat universiteti nechog‘lik katta salohiyatga ega tarix bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatib turibdi.
Rost, O‘zbekistondagina emas, butun musulmon Sharqida oliy ta’limning vujudga kelishi va taraqqiyotida muhim rol o‘ynagan Ulug‘bek madrasasining huquqiy vorisi Samarqand davlat universitetida tarixiy ana’analar davom ettirilmoqda.
Jumladan, Samarqand davlat universiteti tashabbusi bilan 2017 yilda astronomiya va astrofizika bo‘yicha talabalar olimpiadasiga asos solindi.
Keyingi yillarda Ulug‘bek qoldirgan merosga bo‘lgan e’tibor davlat darajasiga ko‘tarilib, nafaqat Samarqandda, balki, O‘zbekiston Milliy universiteti, Andijon davlat universiteti kabi ta’lim muassasalarida o‘quv-ilmiy rasadxonalar tashkil qilindi va ular zamonaviy teleskoplar bilan jihozlandi.
Vorislikka munosib dargoh
Albatta, tarixiy haqiqatni tiklashda bir guruh olimlar bilan birga Rustam Xolmurodovning katta xizmatlari, siyosiy faolligini alohida tilga olib o‘tish o‘rinli. Negaki, aynan domlaning rahbarligida bu ishga yeng shimarib kirishildi. E’tiborlisi, universitet rektorining tashabbusi bilan universitetning nufuzi ham nomiga munosib bo‘lishi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
U kishining tashabbusi bilan joriy yilning 16-17 iyul kunlari Samarqand shahrida “Samarqand davlat universiteti – Ulug‘bek madrasai oliyasining vorisi” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, YuNESKOning Markaziy Osiyo vakolatxonasi rahbari Krista Pikat, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ma’ruza qildi. Tadbirda mahalliy va xorijlik olimlarning 30 ga yaqin ma’ruzalari tinglandi. Shuning o‘ziyoq univesitetni nufuzini tiklash, uning xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirish borasidagi muhim qadam emasmi?
Yashash joylarining koordinatlarini aniqlash, 1018 yulduzni o‘z ichiga olgan mukammal yulduzlar jadvalini tuzish, quyosh yilining 365 kun 10 daqiqa 8 soniyadan iboratligini bexato hisoblab chiqish (xatosi 0,58 soniya xolos) Samarqand akademiyasini dunyoga tanitib, butun ilm-fan namoyandalari diqqatini o‘ziga jalb etgan Ulug‘bek madrasasi XV asrda qurilgan Islom Sharqining eng yaxshi dorilfununlaridan biri bo‘lgan.
Bugungi kunda universitetimizda ushbu shonli tarixga munosib voris bo‘lishga, uni xalqaro reytingda peshqadamlar qatoriga olib chiqishga harakat qilinmoqda. Bu borada olib borilayotgan ishlarga birgina 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab o‘quv jarayoni kredit-modul tizimida tashkil etilayotganini ham misol tariqasida aytib o‘tish mumkin.
Ulug‘ allomalar izidan
Universitet hayotida ro‘y berayotgan yangiliklar, uning tarixiy salohiyatini tiklash borasidagi ishlar ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Ularga ta’lim-tarbiyaning zamonaviy metodlarini o‘rganish, ularni kasbiy faoliyatida qo‘llash majburiyatini qo‘yadi. Qolaversa, ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirib, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shishni taqozo qiladi.
Shu o‘rinda aytish mumkinki, bu borada filogiya fakulteti o‘qituvchi-pedagoglaridan alohida faollik talab qilinadi. Negaki, 1920 yilda ikki yillik pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurti sifatida faoliyatini boshlab, 1927 yilda Samarqand pedagogika akademiyasiga aylantirilgan, 1930 yilda O‘zbekiston pedagogika instituti, 1933 yili O‘zbek davlat universiteti va keyinroq Samarqand davlat universiteti maqomini olgan ilm maskanimizning dastlabki professor-o‘qituvchilari tarkibida Hoji Muin Shukurullayev, Abdurauf Fitrat, G‘ozi Olim Yunusovlar bo‘lgan. Ular nafaqat pedagogik faoliyati, balki ilmiy izlanishlari bilan ham o‘zbek tili va adabiyoti fani rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan.
Qolaversa, Abdurahmon Jomiy dastlabki ta’limni aynan Ulug‘bek madrasida olgan. O‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiyning Samarqandda olgan ikki yillik ta’limidan so‘ng uning qarashlarida, ijodida tub burilish bo‘lganligi tarixiy manbalardan ma’lum.
D.ISLAMOVA,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti assistent-o‘qituvchisi.