Samarqand davlat universiteti talabalari Ufada o‘qishini davom ettirishi mumkin

Samarqand davlat universitetida Rossiya Federatsiyasining Ufa davlat neft-texnika universiteti prorektori Nail Chanishev va xalqaro aloqalar bo‘limi xodimlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Samarqand davlat universiteti talabalariga Ufa davlat neft-texnika universiteti haqida olingan videolavha namoyish etildi. So‘ngra N.Chanishev universitetdagi shart-sharoitlar haqida gapirib, bakalavriatni bitirayotgan talabalarga magistraturani Ufada davom ettirishni taklif qildi. Albatta, bu taklif talabalarda qiziqish uyg‘otdi. Talabalar tomonidan grant asosida magistraturada o‘qish mumkinmi, degan savol berildi.

 

- Albatta, xorijlik talabalarga grant asosida ham o‘qish imkoniyati beriladi, - dedi N.Chanishev. – Faqat bizda imtihonlar iyun oyida bo‘lib o‘tadi. Talabgorlar onlayn tarzda hujjat topshirishlari mumkin.

Davra suhbatida talabalarni qiziqtirgan savollarga ufalik professor-o‘qituvchilar batafsil javob berishdi.

Samarqand davlat universiteti va Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalari kengaymoqda.

Xurshida Ernazarova.