Samarqand davlat universitetida COSPAR va NASA tashkilotlari hamkorligida xalqaro seminar o‘tkazilmoqda
Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida YuNESKO ning Koinot tadqiqotlari qo‘mitasi (COSPAR - Committee on Space Research), NASA (AQSh Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi) va boshqa nufuzli tashkilotlar hamkorligida “COSPAR Capacity Building Workshop” xalqaro ilmiy seminari o‘tkazilmoqda.
Nufuzli anjumanning asosiy maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlar olimlari tomonidan kosmik ma’lumotlardan ilmiy maqsadda foydalanishni rag‘batlantirishdan iborat.
Xalqaro seminarda AQSh, Fransiya, Hindiston, Shveysariya, Ispaniya kabi davlatlardan 10 dan ortiq olimlar ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Seminar dasturi doirasida ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar dunyoning yetakchi ilmiy markazlari professorlari, Nat Gopalsvamy (NASA, GSFC), Seiji Yashiro (NASA, GSFC), Pertti Makela (NASA, GSFC), Nandita Srivastava (Physical Research Laboratory, Hindiston), Kathiravan Chidambaram (Indian Institute of Astrophysics, Hindiston), Christian Monstein (IRSOL, Shvetsiya), Javiyer Bussons Gordo (University of Alcala, Ispaniya), Vageesh Mishra (Indian Institute of Astrophysics, Hindiston) tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ikki hafta davom etishi belgilangan seminarda magistr, doktorant va tadqiqotchilardan jami 40 nafar nomzod tinglovchi sifatida saralab olingan. Shundan, 20 tasi O‘zbekistonlik bo‘lib, qolgan 20 nafari AQSh, Hindiston, Turkiya, Misr, Ozarbayjon, Malayziya, Pokiston, Shri-Lanka, Jazoir, Qozog‘iston, Tojikiston kabi 11 davlat vakillaridan iborat.
YuNESKOning Koinot tadqiqotlari qo‘mitasi Samarqand davlat universitetida quyosh chaqnashlarini qayd qiluvchi radiospektrometr qurilmasini o‘rnatish va uni xalqaro radiospektrometrlar tarmog‘iga ulashni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu juda muhim qurilma bo‘lib, uning yordamida magnit bo‘ronlarining mustaqil prognozini amalga oshirish mumkin.
Ayni vaqtda magnit bo‘ronlarining chastotasi quyosh faolligining ko‘tarilish bosqichi tufayli sezilarli darajada ortganligi bu qurilmaning ahamiyatini yanada oshiradi.
Seminar davomida SamDU Yadro fizikasi va astronomiya o‘quv-ilmiy markazida muhandis olimlar tomonidan quyosh radiospektrometr qurilmasi va radioantennaning o‘rnatilishi va xalqaro tarmoqga ulanishi rejalashtirilgan, deya xabar bermoqda Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.
Sarlos Gabriyel, YuNESKO ning Xalqaro ilmiy kengashi qoshidagi Kosmik tadqiqotlari qo‘mitasi (COSPAR) raisi, professor:
- Mazkur xalqaro seminar rivojlanayotgan mamlakatlar olimlari va tadqiqotchilari uchun muhim. Chunki, COSPAR ilm-fan bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini yanada oshirishga harakat qiladi. Samarqand davlat universiteti yuqori ilmiy salohiyatga, boy moddiy texnik bazaga ega. Shuning uchun ham anjumanni Samarqandda o‘tkazishga qaror qildik. Mazkur anjuman Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilmoqda. Anjuman sabab O‘zbekiston COSPAR ning 70 ta davlati ro‘yxatiga kiritildi.
Nat Gopalsvamy, NASA Goddard kosmik parvozlar markazi vakili, professor:
- Xalqaro seminarda kosmik ob-havo bo‘yicha, ya’ni quyoshdan toj massasining chiqarilishi, koronal massa tashlanmalari natijasida yuzaga keladigan zarba to‘lqinlari haqida ma’ruza qildim. Biz bu koronal massa tashlanmalarini o‘rganishimiz juda muhim, chunki ular zarracha nurlanishini va geomagnit bo‘ronlarni keltirib chiqarishi kabi Yerning kosmik muhitida g‘alayonlanishlarga olib keladi. Va bu g‘alayonlanishlar aslida koinotdagi inson texnologiyasiga ta’sir qiladi. Masalan, sun’iy yo‘ldoshlar zarracha nurlanishidan zarar ko‘rishi mumkin. Shunday qilib, biz bu zarracha nurlanishining kelib chiqishini koronal massa tashlanmalari va zarbalarni o‘rganish orqali o‘rganamiz… Seminar juda yaxshi tashkil qilingan. Buning uchun Samarqand davlat universitetiga minnatdorlik bildiraman. Ma’ruzalardan so‘ng ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Seminarda ishtirok etayotgan tinglovchilar kosmik tadqiqotlarning ma’lumotlarini tahlil qiladilar. Bunda NASA, ESA (Yevropa kosmik agentligi) hamda Yerdagi radio teleskop ma’lumotlaridan foydalanamiz. Ushbu ma’lumotlar tahlilini birlashtirib, Quyoshdan keladigan zarbalar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lamiz.