Samarqand davlat universitetining 600 yilligi deputatlar nigohida

Samarqand dunyoning uzoq o‘tmish madaniyatiga ega qadim shaharlaridan biri hisoblanadi. Bu shaharda tahsil olib yetishib chiqqan olimu fuzalolar dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan. Jahon madaniyatiga Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Shamsiddin Muhammad Xavofiy, Ali Qushchi, Abdurahmon Jomiy kabi yirik allomalarni yetishtirib bergan ana shunday ilm dargohi Mirzo Ulug‘bek madrasasi hisoblanadi. Mirzo Ulug‘bek madrasasining vorisi sifatida faoliyat olib borayotgan Samarqand davlat universitetidan ham turli davrlarda P.Soliyev (1927 yilda Samarqanddagi Oliy pedagogika institutida ish boshlagan), Hamid Olimjon (1928-1931), Ibrohim Mo‘minov (1928-1931), Mirtemir (1929-1932), Amin Umariy (1931-1934), Sharof Rashidov (1937-1941), A.Otaxo‘jayev (1944-1948), Dushan Fayziy (1947-1952), B.Valixo‘jayev (1948-1953), B.Boyqobilov (1958-1962), Omon Matjon (1965-1969) kabi siyosatchi, shoir va fan arboblari yetishib chiqqan.

Mirzo Ulug‘bek madrasasiga 1420 yilda Sohibqiron Amir Temurning nevarasi Mirzo Ulug‘bek asos solgan bo‘lib, 2020 yil 21 sentyabrda ushbu madrasa o‘z faoliyatini boshlaganiga 600 yil to‘ladi. Faoliyati davomida turli siyosiy jarayonlar va tarxiy burilishlarga qaramay, Mirzo Ulug‘bek madrasasi faoliyati uzluksiz ravishda 1920 yilga qadar davom etgan va madrasa zamirida shakllangan Pedagogika akademiyasining keyingi  faoliyati davomida 1927 yildan boshlab Samarqand davlat universiteti shakllanishi uchun zamin yaralgan. Keyingi 20 yil davomida olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar buni isbotladi. Shu munosabat bilan Samarqand davlat universitetining Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasi vorisi sifatida shakllangan¬ligiga 600 yil to‘lishini respublikada keng nishonlash bo‘yicha qizg‘in ishlar boshlandi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘nlab buyuk ajdodlarimiz va qadim tarixga ega shaharlarning yubileylari nishonlandi. Lekin bugungi kunga qadar Respublikamizda ta’lim va fan yoki alohida bir oliy ta’lim muassasasining yubiley sanasi nishonlangan emas. Oliy ta’lim muassasalarining yubiley marosimlari, ularning tashkil topgan kunini nishonlash hamda ularning yoshini aniqlash mamlakatimiz tarixida ilk bora amalga oshirilayotgan hodisadir.

Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston Respublikasi ilm-fani, ta’lim tizimini barpo etish va rivojlantirish, xalqimiz madaniyati,

ma’rifatini yuksaltirish borasidagi xizmatlari, respublika xalq xo‘jaligiga ko‘p ming sonli yuqori malakali kadrlar tayyorlab berayotgan oliy ta’lim muassasa ekanligi, uning Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasining davomchisi va yuksak ilmiy salohiyatga ega oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritayotganligi dunyo ilm ahli diqqat e’tiborida.

Viloyat hokimi boshchiligidagi xalq deputatlari kengashi ham bu fikrni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda. Samarqand davlat universitetining ilmiy tadqiqotlar sohasida erishayotgan yutuqlari, yosh avlodni tarbiyalashdagi xizmatlari hamda tashkil topganligining 600 yilligi munosabati bilan keng jamoatchilikning bu boradagi takliflarini inobatga olgan xalq deputatlari viloyat Kengashining VI chaqiriq 10-sessiyasida Samarqand davlat universitetining 600 yillik yubileyini 2020 yil 21 sentyabr kuni tantanali nishonlash to‘g‘risida qabul qilgan qarori ham bunning yaqqol isbotidir.

Ushbu qaror Samarqand davlat universiteti 600 yillik yubileyini nishonlashning huquqiy asoslaridan biri bo‘ldi. Qarorning alohida bandlarida:

- Samarqand davlat universiteti tashkil topganligining 600 yilligini nishonlash tadbirlarini yuksak darajada o‘tkazish yuzasidan ishchi guruhi tuzish;

- amaliy tadqiqotlarga oid yutuqlarni keng yoritish hamda milliy ta’lim strategiyasini hayotga tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish;

- “O‘zbekistonda ilm-fan, oliy ta’lim tizimining shakllanishi va taraqqiyotida Samarqand davlat universitetining tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish;

- yosh olimlar, iqtidorli talabalar, o‘rta maktab va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun turli tanlovlar, fan olimpiadalari va festivallar tashkil etish kabi universitet taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi muhim masalalar ilgari surilgan.

Mazkur tadbirlarning amalga oshirilishi o‘zining 600 yilligini nishonlayotgan Samarqand davlat universitetining kelajakda yanada taraqqiy etishini ta’minlaydi.

Rustam XOLMURODOV,

SamDU rektori.