Samarqand eshkak eshish kanali yo‘qolmaydi, aksincha uning salohiyati oshadi
Prezident Sh.Mirziyoyev Samarqandga keyingi kelishi chog‘ida Cho‘ponota massivida olib borilayotgan qurilish va obodonchilik loyihalari bilan tanishib, bu mavze xorijliklar va mahalliy aholi uchun ham chinakam ko‘ngilochar va chiniqish maskani bo‘lishini ta’kidladi.
Xususan, Samarqand eshkak eshish kanalini ta’mirlash, kengaytirish, bu yerda sportchilarga hamda xalqaro musobaqalar o‘tkazishga qulayliklar yaratish yuzasidan tavsiyalar berdi.
- Bu mintaqaning havosi suv sporti uchun juda qulay, - deydi viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev. – Shuning uchun eshkak eshish kanalini yanada yaxshilash, bu yerda har yili respublika, Osiyo va jahon miqyosida musobaqalar o‘tishiga, sportchilarning dam olishiga, musobaqalarni tomosha qilishga yangi sharoitlar yaratiladi.
Bundan tashqari, kanal atrofida katta sport majmuasi quriladi. Unda eshkak eshuvchilar mashq qiladigan havza, mahalliy aholi va mehmonlar cho‘milib, hordiq chiqaradigan yozgi va qishki basseynlar, sun’iy qoplamali futbol maydonchalari barpo etiladi.
Ular atrofida esa eng zamonaviy mehmonxonalar, ochiq estrada, ixcham o‘yingohlar, akvapark, oshxonalar bo‘ladi. Kunduzi tarixiy obidalarni ziyorat qilgan mehmonlar bu yerda kechqurun miriqib hordiq chiqarishadi. Katta yo‘l yoqasi bo‘lgani uchun uzoq safarga chiqqan yo‘lovchilar ham bu yerda to‘xtab, oilaviy ravishda dam olishlari mumkin.