Samarqanddagi turistik markaz qurilishi loyihasini Turkiya kompaniyasi tuzadi, Singapur kompaniyasi bosh pudratchi bo‘ladi
Xabaringiz bor, xalq tilida “Grebnoy kanal”, deb yuritiladigan Samarqand eshkak eshish kanalida turistik majmua va aholi uchun dam olish maskanlari barpo etiladi.
Prezidentimizning Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyat hokimligi, Qurilish vazirligi va O‘zmilliybankning “Ipak yo‘li” jamg‘armasi (Xitoy) hamda “EREILL Group” kompaniyasi bilan birgalikda eshkak eshish kanali hududida turistik markaz qurilishi va undan foydalanish bo‘yicha bergan taklifi ma’qullangandi.
Tashrif doirasida shuningdek, “ARUP Group” kompaniyasi (Turkiya) - bosh loyiha tashkiloti etib, “Enter Engineering pte.ltd” kompaniyasi (Singapur) – bosh pudrat tashkiloti etib belgilangan.
Aytish mumkinki, turistik markaz qurish davomida eshkak eshish kanaliga ziyon yetkazilmaydi. Aksincha, sportning eshkak eshish turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zahiralari respublika bolalar-o‘smirlar sport maktabiga qarashli ushbu kanal xalqaro talablarga javob beradigan holda rekonstruksiya qilinadi.
Samarqand turistik majmuasini tashkil etish doirasida eshkak eshish kanali qarama-qarshisida joylashgan turar-joy va noturar-joy ob’yektlarni zarurat bo‘lganda ko‘chirish hisobidan aholi uchun dam olish maskanlarini tashkil etish loyihasi takliflari ishlab chiqilmoqda.
Dam olish maskanida suzish havzalari, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda ko‘ngilochar ob’yektlarni o‘z ichiga olgan 12 ta kichik turistik majmualar barpo etiladi.