Samarqand eshkak eshish kanali atrofida turistik markaz qurilishi boshlandi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 26 iyul kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida  Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali atrofida qurilishi rejalashtirilgan turistik markaz loyihasi bilan tanishib, bu yerda xorijiy va mahalliy sayyohlar, viloyat aholisi uchun qulay shart-sharoitga ega dam olish maskani yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

360 gektar maydonni egallagan mazkur hududda bugun qurilish ishlari boshlandi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.Ramatov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, bir qator vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, qurilishga mutasaddi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Loyiha qurilishiga mas’ul Timur Soyning ma’lum qilishicha, turistik markaz ikki hududdan iborat bo‘lib, eshkak eshish kanalining shimoliy hududida zamonaviy anjumanlar saroyi, ikkita besh yulduzli, ikkita to‘rt yulduzli mehmonxona va boshqa inshootlar quriladi. Mazkur hudud – markazning biznes hududi hisoblanadi.

Janubiy hudud esa ichki turizm uchun mo‘ljallanib, bu yerda ham oltita mehmonxona, akvapark, sport inshootlari, restoran va kafelar, milliy mahsulotlar bilan savdo qiluvchi nuqtalar bunyod etiladi. Muhimi, mazkur hududda dendra park tashkil etiladi va bu yerda mahalliy aholining oilaviy kelib hordiq chiqarishi uchun imkoniyat yaratiladi. Hududda bir vaqtning o‘zida uch ming kishi dam olishi mumkin bo‘ladi.

Sayyohlik markazi hududidagi yo‘llar asosan elektromobillar qatnoviga mo‘ljallanadi. Shuningdek, veloyo‘lak, piyoda sayr qilish uchun yo‘laklar tashkil etiladi.

Yangi markaz qurilishi davomida eshkak eshish kanalining tabiiy shart-sharoiti va imkoniyatlari saqlab qolingan holda yirik xalqaro musobaqalar o‘tkazish uchun yanada qulay, zamon talablariga mos qulayliklar yaratiladi.

Bugun boshlangan qurilish ishlarini 2021 yil oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgan.