Samarqand meva-sabzavotchilik korxonalariga Yaponiya kreditlari beriladi

Pandemiya davri sharoitida tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida xalq deputatlari viloyat Kengashi qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi tijorat banklari bilan birgalikda koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha banklar oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi ta’minlanadi. Pandemiya davrida davlatimiz rahbarining 16 ta farmon va qarorlaridan banklar faoliyatiga doir 5 ta farmon va 3 ta qarorda belgilangan vazifalar o‘z muddatida va sifatli bajarilishiga e’tibor qaratiladi.

2020 yil 1 avgustgacha meva-sabzavot sektoridagi korxonalarni moliyalashtirish maqsadida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JAYKA) tomonidan ajratilgan kredit liniyasida ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan resurslarning to‘liq ishlatilishi ta’minlanadi.

ATB “Mikrokreditbank”, ATB “O‘zsanoatqurilishbank”, ChEKI “Hamkorbank”, va ATB “Qishloq qurilish bank” viloyat filiallari tomonidan viloyatdagi eksportyorlar hamda kichik va o‘rta biznes korxonalarini moliyalashtirish uchun “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi hisobidan Yevropa investitsiya bankining kredit resurslari jalb qilinadi.

TIF “O‘zmilliybank” AJ, ATB “Asakabank”, ATB “O‘zsanoatqurilishbank” va ATIB “Ipotekabank” viloyat filiallari Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining kredit liniyalari hisobidan tadbirkorlik sub’yektlari loyihalarini moliyalashtirish rejalashtirilgan.

2020 yilda aholining bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirlarni rivojlantirishga qaratilgan viloyat “Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazi” tomonidan tasdiqlangan loyihalar belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.

Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga bank xizmatlari sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarini yanada kengaytirish va sifatini yaxshilash belgilandi.