Samarqand muzeyi durdonasi: "Sherdor" madrasasi
Rassom Lev Bure qalamiga mansub “Sherdor” nomli asar 1913 yilda yaratilgan. Asar Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasiga qarashli O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyining san’at bo‘limi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan, muzey-qo‘riqxona fondidagi durdona asarlardan biri.
Kartinaning birinchi ko‘rinishida dunyoga mashhur me’moriy yodgorlik – Registon majmuasidagi Sherdor madrasasi old qismi va yon tomonidagi yoyma bozor tasvirlangan. Surat ko‘z o‘ngingizda betakror tarixiy manzarani jonlantiradi. Musavvir qadim ustalarning takrorlanmas san’ati namunasi bo‘lmish bu bino tasviri orqali tomoshabin ongida ezgulikning, inson zakovati, iste’dodning qudrati haqidagi chuqur mulohazalarni uyg‘otadi. Madrasaning nurab yotgan qismi esa kishini ajdodlarimiz yaratgan buyuk obidalarni avaylash, ularni o‘z vaqtida qadrlashga undaydi. O‘tmish davr ruhini odamlarning turmush tarzi, aholining ijtimoiy ahvoli va davr nafasi sezilib turgan liboslar orqali tasvirlaydi.
Rassom barcha tarixiy asarlari orqali tomoshabin nigohini ularning yuksak ma’naviy olamiga, o‘sha davr odamlari hayot tarziga, san’at olamiga qaratadi. Asardagi ranglar mutanosibligi ham shakl va mazmunni ochishdagi o‘rnini belgilab turibdi.
Rassom hali hayotlik vaqtida uning tarixiy manzaralarini namoyon qilgan asarlariga g‘arbiy yevropaliklarda katta qiziqish uyg‘ongandi. Shu sababli vafotidan so‘ng ham bu an’ana davom etdi va ushbu asar 2010 yilning 18 dekabridan 2011 yilning 8 mayiga qadar Niderlandiya qirolligining Grongen muzeyidagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish qilindi.
T.BO‘RIYeV,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy xodimi.