Samarqand shahri kuni ommaviy sayil sifatida nishonlanadi
Bayram tadbirlari 18 oktyabr kuni tongda Sohibqiron Amir Temur maqbarasida Qur’on tilovati bilan boshlanadi. So‘ngra viloyat va shahar hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, o‘quv yurtlari tomonidan Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yiladi.
Universitet xiyoboni, viloyat musiqali drama teatri, Amir Temur maqbarasi hududlarida viloyat maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, kasb-hunar ta’limi muassasalari va oliy o‘quv yurtlari, yoshlar ittifoqi faollari tomonidan ko‘rgazmalar namoyish qilinadi.
Shahar umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida "Aziz shahrim – Samarqandim", "Men Samarqand farzandiman" mavzularida o‘tkazilgan insholar tanlovi g‘oliblari taqdirlanadi. Bolajonlar uchun viloyat qo‘g‘irchoq teatrida "Ulug‘bek yulduzi" spektakli namoyish etiladi. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, "Saxovat" internat uyida yashayotgan keksalar va nogironlar, shahar obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlari uchun bayram dasturxoni yoziladi.
Viloyat musiqali drama teatrida Maqsud Shayxzoda asari asosida sahnalashtirilgan "Mirzo Ulug‘bek" spektakli namoyish etiladi. Teatr oldidagi sahnada konsert dasturlari uyushtirilib, shu yerda ilk bor shahar miqyosida tashkil etilgan "Eng obod mahalla", "Eng faol maktab", "Eng ko‘rkam maktabgacha ta’lim muassasasi", "Yilning eng yaxshi patronaj xodimi" kabi ko‘rik-tanlovlar g‘oliblariga sovg‘alar ulashiladi.
Shaharning Sartepa maskani, Kimyogarlar qo‘rg‘oni, Farhod va So‘lim shaharchalarida, Registon maydoni, Islom Karimov ko‘chasi, Hunarmandlar markazida, madaniyat va istirohat bog‘larida madaniy tadbirlar, konsert dasturlari uyushtiriladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda #Samarkandday xeshtegi ostida yoshlar o‘rtasida "Samarqand – eng go‘zal shahar" suratlar, "Samarqand tarixini bilasizmi?" tanlovlari o‘tkaziladi.
Oliy o‘quv yurtlarida "Zarafshon vohasi – jahon sivilizatsiyasi tarixi" mavzusida ilmiy konferensiya, she’riyat kechalari, viloyat o‘lkashunoslik muzeyida "Maqom kechasi", O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida "Samarqand – kecha va bugun" nomli fotoko‘rgazma tashkil etiladi.
"Sport – yoshlik shijoati va nafosati" shiori ostida marafon, velomarofon, futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va badiiy gimnastika bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.
Shaharda harakatlanayotgan jamoat transportlari bayramga xos, Samarqand shahri logotipi tushirilgan emblemalar bilan bezatiladi. Toshkent-Samarqand-Qarshi yo‘nalishidagi "Afrosiyob" poyezdi monitorlariga "Sharq gavhari" nomli ko‘rsatuv-roligi, Registon maydonida esa 3D shou dasturi namoyish qilinadi.
Abdug‘ofur ShERXOLOV.