Samarqand shahrida fuqarolar va tadbirkorlardan MIB ish yurituvidagi qarzdorlik 20 milliard so‘mdan oshadi

Davlat rahbari topshirig‘iga qaramay kompensatsiya to‘lovlari bilan bog‘liq 30 ta ish doirasidagi shuncha summa undirilmay qolmoqda. Bu xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida berilgan viloyat MIB boshlig‘ining hisobotida qayd etilgan.

Hisobotga ko‘ra, Prezident rahbarligida hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarga bag‘ishlab o‘tgan yili 19 mayda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan.

Bosh prokuratura, Majburiy ijro byurosi bilan birga hokimliklarga sud qarorlari bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini bir oy muddatda to‘liq oxiriga yetkazish vazifasi yuklatilgan.

Bugungi kunda Byuroning viloyat boshqarmasi organlari ish yurituvidagi fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining foydasiga kompensatsiya undiruvi bilan bog‘liq 29 mlrd. 794 mln. so‘mlik 37 ta ijro hujjatlari mavjud.

Shundan Samarqand shahar hokimligi tomonidan 30 ta (20 mlrd. 862 mln.), Payariq tumani hokimligi tomonidan 2 ta (7 mlrd. 171 mln.), Oqdaryo tumani hokimligi tomonidan 2 ta (748 mln.), Jomboy tumani hokimligi tomonidan 2 ta (399 mln.) va Past Darg‘om tumani hokimligi tomonidan 1 ta 613 mln. so‘mlik ijro hujjatlari bo‘yicha kompensatsiya pullari to‘lanmasdan kelinyapti.