Samarqand shahrida qancha aholi markazlashgan kanalizatsiya xizmati bilan ta’minlanadi?

Samarqand shahrida oqava tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 24,9 million AQSh dollariga shartnomalar imzolangan. Bugungi kunda 1 ta oqava suv tozalash inshooti va 58,4 kilometr oqava suvi tarmoqlari qurilishi ishlari bajarilgan. Bu haqida bugun viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan anjumanda viloyat “Suvoqava” DUK mutasaddilari tomonidan aytib o‘tildi.

Shuningdek, 1 ta oqava suvini tozalash inshooti va 3 ta oqava suvi nasos stansiyalarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari 2020 yilning iyun oyiga qadar tugatiladi.

Mazkur loyiha bo‘yicha iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan Samarqand shahrida qo‘shimcha ravishda 3 ta oqava suvning ikkilamchi ko‘tarib berish nasos stansiyasi, 45 kilometr kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan.

Ushbu ishlar natijasida Samarqand shahrida 80 ming nafardan ortiq aholi markazlashgan kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlanadi.

Xurshida ERNAZAROVA.