Avariya bartaraf etildi, tahririyatga yangi suv tarmog‘i tortildi

Zarnews.uz saytida yaqinda “Suvning qadrini “Suvoqava” biladimi? (2019 yil 29 aprel) va «Suvning qadrini “Suvoqava” bilmas ekan” (2019 yil 30 aprel) sarlavhali materiallar e’lon qilingan edi. Shuningdek, 2019 yil 2 may kuni viloyat teleradiokompaniyasining “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida ham ushbu masala yuzasidan tayyorlangan lavha namoyish etildi.

Haqiqatdan ham, U.Tursunov ko‘chasida “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati hamda “Sherdor plyus poligraf” mas’uliyati cheklangan jamiyati binolariga tortilgan ichimlik suvi quvurining yorilishi oqibatida, ushbu korxonalar suv ta’minotidan bir necha kun uzilib qoldi. Quvur ayni paytda xususiy shaxsga tegishli bino ostida bo‘lgani uchun uni kovlab sozlashning imkoniyati bo‘lmagach, eski tarmoq uzilib, 68 metr masofaga yangi suv tarmog‘i tortildi.

Hozirda avariya to‘liq bartaraf etildi va mazkur korxonalar ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Javohir Zugurov.

“Suvoqava” DUK Samarqand shahar filiali rahbari.