Samarqand viloyatida suv inshootlarining 46 foizi ta’mirtalab ahvolda

Samarqand viloyati aholisining 65,7 foizi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lib, 55,6 foiz aholiga viloyat “Suvoqova” DUK tomonidan toza ichimlik suvi yetkazib beriladi. Qolgan 34,26 foiz aholi boshqa manbalar hisobidan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
Bugungi kunda viloyatda 1024 ta suv inshootlari mavjud bo‘lib, shundan 469 tasi, ya’ni 46 foizi ta’mirtalab. Bu haqda viloyat Matbuot uyida jurnalistlar bilan bo‘lgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
- Suv quvurlarining eskirib ketganligi sabab joriy yilda viloyatda ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha 1593 ta avariyalar sodir bo‘lgan. Ulardan 1521 tasi bartaraf etilgan bo‘lsa, 72 tasi ko‘rib chiqilmoqda, - dedi viloyat “Suvoqava” davlat unitar korxonasi direktori Komil Yusupov. – Eski tarmoqlarni yangilash, rekonstruksiya qilish natijasida avariya holatlari o‘tgan yilga nisbatan suv ta’minotida 611 ta, kanalizatsiya ta’minotida 202 taga kamaydi.
Joriy yilda viloyatimizda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida respublika byudjeti hisobidan 229,3 milliard so‘m evaziga 158 ta ob’yektlarda ichimlik suvi va oqava tarmoqlari qurilish-montaj ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunga qadar 69 ta ob’yektlarda qurilish-montaj ishlari tugatilgan. Qolgan 89 ta ob’yektda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.
Xurshida ERNAZAROVA.