Samarqand shahrida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni nishonlandi

Bayram tadbirida qishloq xo‘jaligi rivojida samarali mehnat qilib kelayotgan 10 nafar xodim «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi» ko‘krak nishoni, 40 nafarga yaqin soha mutaxassislari faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Taqdirlanganlarga mukofotlarni Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev topshirdi.

Tadbir avvalida Adiz Boboyev agrar sohada mehnat qilib kelayotgan ilg‘orlarni, ular timsolida tizim vakillarini ushbu sana bilan tabrikladi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda global iqlim o‘zgarishlari ta’siri, xususan, yoz faslining keskin issiq bo‘lishi, suv resurslaridagi sezilarli darajada taqchillik dehqonlarimizning iroda hamda matonatini sinovdan o‘tkazmoqda. Shunga qaramay, sohada uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida barcha tarmoqlarda mo‘l hosil yetishtirilib, yildan yilga yuqori marralarga erishilmoqda. Misol uchun, viloyatimiz dehqonlari tomonidan 891,1 ming tonna g‘alla, 227,4 ming tonna paxta, qariyb 3,9 mln. tonna sabzavotlar, 765 ming tonna kartoshka, 189 ming tonna poliz mahsulotlari, 397 ming tonna mevalar, 679 ming tonna uzum, 3,9 ming tonna pilla, 339 ming tonna go‘sht hamda 1,5 million tonna sut tayyorlashga erishilgan.

Suvni tejash va undan samarali foydalanish maqsadida 47 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishiga erishilgan. Ushbu tadbirlar kelgusi yilda ham davom ettirilib, 28 ming gektar maydonda suv tejamkor texnologiyalar joriy qilinadi.

Yangi yerlarni o‘zlashtirish orqali oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha ham e’tiborga loyiq ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida 20 ming gektar yer maydonlari o‘zlashtirildi.

Tadbirda agrar sohaning muhim tarmog‘i bo‘lgan paxtachilikda olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy mavsumda ulkan natijalar qayd etilgani aytib o‘tildi. Misol uchun, joriy yilda birinchi marta paxta maydonlarining 10 foiziga tajriba sinov tariqasida xorijiy paxta navlari ekilib, o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatdi. Kelgusi yilda ham ilg‘or tajribalar keng joriy qilinib, Xitoyda o‘zini oqlagan 76 qo‘shqator va 90 lik ekish sxemasiga o‘tiladi.

Yig‘im-terim natijalariga ko‘ra, 79 ta fermer xo‘jaliklarida hosildorlik 50 sentnerdan oshgan.

Joriy yilda paxtani terib olishda qanchalik qiyin bo‘lganligini, shu sababli  kelgusi yildan paxta hosilini 80-90 foiz mashinada terib olish choralari ko‘rilishi bildirildi.

Boshoqli don yetishtirishda ham rag‘batlantirish tizimi joriy etilgani ijobiy samara bermoqda. Bu borada Ishtixon, Narpay, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida gektaridan o‘rtacha hosildorlik 87-90 sentnerni tashkil etib, viloyatda 252 ta fermer hosildorlikni 100 sentnerdan oshirib, 100 sentnerchilar sinfi shakllandi.

Eng muhimi, 633 ming tonna g‘alla dehqon va fermerlar ixtiyorida qoldirilgan.

Meva-sabzavotchilikda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yilning o‘tgan davri mobaynida 277 million dollar qiymatidagi 223 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ukraina, AQSh, Polsha, Germaniya va Kanada kabi 57 davlatga eksport qilingan. Bu esa eksport 2023 yilga nisbatan 104 million dollar oshganligini ko‘rsatmoqda.

- Prezidentimizning yaqinda (29 noyabr) qabul qilingan “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, shubhasiz, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga katta hissa qo‘shish bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasida ham ulkan imkoniyatlar yaratib berishini mamnuniyat bilan ta’kidlashni xohlardim, - dedi A.Boboyev. - Jumladan, qaror bilan Bulung‘ur tumanining 6040 gektar g‘alla maydonlari to‘liq meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtiriladi.

Tumanda suv ombori qurish loyihasi yakuniga yetkaziladi. Bundan tashqari, Qo‘shrabot tumanida “Oqtepasoy”, Nurobod tumanida “Anjirli” sel suv omborlari barpo qilinadi.

Tadbirda bir guruh soha fidoyilariga tashakkurnomalar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Viloyatning taniqli san’atkorlarining kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga bayram kayfiyati ulashdi.

Yo.Marqayev tayyorladi.