Samarqand shahrida “Zarmed” xususiy universiteti binosi qurildi

Ushbu ta’lim maskani davlatimiz rahbarining “Zarmed Pratiksha” ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tashrifi chog‘ida Samarqand shahrida xususiy tibbiyot universiteti va klinikadan iborat tibbiyot klasterini tashkil etish to‘g‘risidagi topshirig‘i doirasida barpo etildi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bo‘lajak talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Universitet tashkilotchisi, “Zarmed xolding" rahbari ta’kidlaganidek, ta’lim muassasasi ayni paytda talabalarni qabul qilishga tayyor. Loyiha qiymati 5 million AQSh dollarini tashkil etadi. Zamonaviy o‘quv binolari va laboratoriyalar eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, buning uchun 1 million AQSh dollari sarflangan.

Besh qavatli binoda talabalar hamda professor-o‘qituvchilarning barcha ehtiyojlari inobatga olingan. Ularning ixtiyorida o‘quv va badiiy adabiyotlar, jumladan, elektron kutubxona, lingafon laboratoriyalari, interaktiv doskalar bilan jihozlangan aqlli sinfxonalari, oshxona, faollar zallari va boshqalar mavjud.

Yangi universitetda darslar uch tilda: o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Ta’lim muassasasi ochilishi bilan 300 nafarga yaqin kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi. Birinchi bosqichda 1000 nafar talabani o‘qishga qabul qilish rejalashtirilgan. O‘tgan yili Buxoro shahrida ham shunday universitet ochilgan edi.