Samarqand shahridagi barcha maktab o‘quvchilari ham ertadan ta’tilga chiqadi

Joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan muhim xalqaro siyosiy tadbir munosabati bilan xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining qaroriga ko‘ra, Samarqand shahridagi barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga, shuningdek, Oqdaryo, Toyloq, Samarqand tumanlarining mahalliy Kengashlari qarorlariga asosan, Samarqand tumanidagi 3 ta (7-, 23-, 53-), Toyloq tumanidagi 5 ta (11-, 12-, 15-, 17-, 59-), Oqdaryo tumanidagi 5 ta (25-, 38-, 39-, 41-, 48-) umumta’lim maktablariga 5-19 sentyabr kunlari navbatdan tashqari ta’til berilgan edi.

Qarorlarda qoldirilgan dars soatlari o‘quv yili davomida beriladigan ta’tillar hisobiga qoplanishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, 9-, 10-, 12-, 13-, 14 sentyabr kunlari qoldirilgan darslar o‘rni qishki ta’til kunlarining oxirgi 5 kuni hisobidan (2023 yil 5-, 6-, 7-, 9-, 10 yanvar kunlari) jami 5 o‘qish kuni evaziga qoplanishi rejalashtirilgan edi. Samarqanddagi yuqorida nomlari sanab o‘tilgan maktablarda 5 yanvardan dars boshlangan.

O‘zbekiston Respublikasi hukumatining tegishli yig‘ilish bayoniga asosan, umumta’lim hamda ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilarining qishki ta’til kunlari ob-havo haroratining keskin tushib ketishi sababli 2023 yilning 17 yanvarigacha uzaytirilishini hisobga olib, mazkur maktablarda ham 7 yanvardan navbatdan tashqari ta’til e’lon qilinadi. Qoldirilgan dars soatlari bahorgi ta’tillar hisobidan qoplanadi.

Qayd etilganidek, 2022-2023-o‘quv yilining uchiinchi choragi 2023 yilning 18 yanvaridan boshlanadi.

Joriy yilning 11-17 yanvar kunlari rejalashtirilgan dars mashg‘ulotlari o‘quv yili davomida boshqa mavzularda tig‘izlashtirilib o‘qitiladi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.