Bir kun qolganda: 11 yanvardan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida dars mashg‘ulotlari bosqichma-bosqich boshlanishi aytildi

2023 yil 11 yanvardan boshlab oliy hamda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanadi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoni bilan OTM, texnikum, kollej, kasb hunar maktablari va akademik litseylarda o‘quv jarayonini mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tashkil etish tavsiya etildi.

Ushbu jarayonlarni belgilangan tartibda amalga oshirish maqsadida har bir ta’lim muassasasida kechayu kunduz faoliyat olib boradigan, malakali mutaxassislardan iborat «Shtab» tashkil etiladi. Anomal sovuq bo‘lishi kutilayotgan 10–18 yanvar kunlarida barcha ta’lim muassasalarida har qanday majlislar (jumladan ZOOM shaklida), tadbirlar, mas’ullarni asosiy faoliyatidan chalg‘ituvchi boshqa yig‘ilishlar o‘tkazish ta’qiqlanadi.Shuningdek, ta’lim muassasalari binolarining issiqlik tizimlarini barqaror ishlashi ta’minlanadi.

Ta’lim muassasalari rahbarlari va tegishli mahalliy hokimliklar talaba-o‘quvchilarni xabardor qilish, ularni OTM joylashgan hududga yetib kelishini ta’minlash hamda mazkur jarayonlarni shaxsan nazoratga oladilar. O‘quv jarayonlarini tashkil etishda xudud imkoniyatlari, talabalarning noqulay ob-havo sharoitlarida oliygohlarga yetib kelishlari to‘la inobatga olinishi va bunga zarur shart-sharoitlar yaratilishi lozimligi bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

O‘quv jarayonini tashkil etishda zaruriyat tug‘ilganda o‘quv grafigiga o‘zgartirish kiritish ruxsat beriladi. 20 yanvarga qadar talabalarning imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishlari tavsiya etiladi.

Alohida ta’kidlaymizki, 20 yanvarga qadar yakuniy nazorat ishlari tashkil etilmaydi. Ob-havo sharoitlari tufayli o‘qishga kelolmagan talabalarga o‘quv jarayonlarini boshlash hamda nazorat imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tegishli masofaviy dasturlar taklif qilinadi.