Ta’til qishning qahratoni va yozning saratonida bo‘lsa qulaylik beradi
Kecha Zarnews.uz saytida "Ta’tilni qishga ko‘chirsak..." sarlavhali maqolasida bildirilgan fikrlar barchamizning ko‘nglimizdagi gap. Chunki bu muammoning maqbul yechimini topish ta’lim tizimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Muallif aytganidek, bugun o‘quv yilining boshlanishiga paxta terimining ham, boshqa bir xo‘jalik yumushlarining ham aloqasi yo‘q. Ta’lim tizimida uch oylik ta’til biz uchun sobiq ittifoq davrida uni Yevropa qismidagi aholiga mo‘ljallab tuzilgan. Ya’ni, o‘sha joylar iqlimi hisobga olingan.
Nazarimda, bizda xalq ta’limi va oliy ta’limda ta’tilni ikki davrga ko‘chirgan ma’qul. Birinchisi dekabr-yanvar oyida, aniqrog‘i qish faslida, uchinchi oyini esa saratonda o‘tkazish mumkin. Chunki bolalar uchun qishning sovug‘i nechog‘li murakkab kechsa, saraton jaziramasi ham shunchalik ta’sirlidir. Ikkala holatda ham, avvalo, shifokorlarga bolalarning murojaatlari kamayadi, o‘quv yurtlarida isitish uchun sarflanadigan sarf-xarajatlar tejaladi. Muhimi, avgust va iyul oylarida qulay ob-havo sharoitida ta’lim samaradorligiga erishamiz. Qish faslida esa energiya sarfidan qat’i nazar sovuq holatda bo‘ladigan sinf xonalari, kutubxona va sport zallarida "dars o‘tildi", degan yolg‘on ma’lumotlardan qutulamiz.
Muallif ta’kidlaganidek, ta’lim tizimi xodimlari allaqachon bu masalaga jiddiy yondashishlari, uning xalqchil konsepsiyasini yaratishlari zarur edi. Lekin hali ham kech emas. Negaki, biz ta’lim tizimini yaratishda, nazarimda, bolalarimizning iqtidori, zakovatini namoyish qilishiga imkon yaratishda o‘z sharoitimizdan kelib chiqishimiz kerak. Binobarin, har bir davlat bu masalaga ana shunday yondashadi.
Dilshod Musinov,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchisi.