Samarqand shahridagi obod xiyobonlar soni yana bittaga ko‘payadi
Samarqand shahrining Buxoriy ko‘chasidagi “Sug‘diyona” xiyoboni ayni kunlarda obodonlashtirilmoqda. Ancha yillardan buyon e’tiborsiz qoldirilgan ushbu hududda viloyat hokimiligi tashabbusi bilan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, piyodalar va velosipedlar uchun maxsus yo‘laklar barpo etilyapti. Ko‘chaga yoritgichlar o‘rnatilmoqda.
Umumiy uzunligi 860 metrlik xiyobonning boshidan oxirigacha yo‘lning ikki tarafida 9 ta sport-sog‘lomlashtirish zallari foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, sport bilan doimiy shug‘ullanishi uchun yana bir imkoniyatdir.
Shuningdek, bu yerda yozgi tamaddixona va muzqaymoq paviloni ham qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 2 millirad 400 million so‘m bo‘lgan ushbu ob’yektda bugungacha 1 milliard 800 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.