Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasida 2 milliard so‘mlik qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani aniqlandi

Yangi yilning dastlabki kunlarida kuchli yoqqan yomg‘ir Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasining qurilish-montaj ishlari olib borilgan qismidagi yo‘lning cho‘kishiga sabab bo‘lgani haqida xabar bergandik (Zarnews.uz telegram kanali, 3 yanvar). Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilindi.

Kuzatilgan voqealar bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi, qurilish nazorati inspeksiyasi hamda yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish va ichimlik suvini nazorat qilish inspeksiyalari mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tuzildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ob’yektda qurilish-montaj ishlari “Suv ta’minoti va oqava suv ob’yektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi buyurtmasi asosida “Bag‘dod Karvon” MChJ tomonidan olib borilgan.

1,18 kilometr uzunlikdagi oqava suv quvurlari qurilishi uchun buyurtmachi bosh pudratchiga 6,2 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazgan. Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan nazorat o‘lchovining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ob’yektda 2 milliard so‘mlik qurilish ishlari sifatsiz va
593 million so‘mlik ishlar to‘liq bajarilmagani aniqlangan.

Qurilish nazorati inspeksiyasi va boshqa ishchi guruh a’zolari tomonidan tekshirish yakunlanib, to‘plangan hujjatlar tegishli tartibda prokuratura organlariga topshirilishi va qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Ayni paytda o‘rganish ishlari davom etyapti va natijalar haqida batafsil ma’lumot beramiz.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.