Samarqand shahrining diqqatga sazovor qadamjolari

Samarqand - yer yuzining sayqali, o‘z vaqtida Amir Temur birlashtirgan yigirma yetti davlatning poytaxti. Bu ko‘hna zaminda yuzlab diqqatga sazovor, sayyohlar e’tiborini tortadigan tarixiy maskanlar bor. Quyida ularning orasida eng mashhurlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Registon maydoni. Bu go‘zal tarixiy maskan Samarqandning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi. Unda uchta mashhur madrasa mavjud – Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori.“Registon” so‘zi fors tilidan olingan bo‘lib, “qumli joy”, ya’ni “reg” - qum, “iston” - turish joyi demakdir.

Amir Temur hukmronligi davrida hozirgi Registon maydoni o‘rnida markaziy bozor bo‘lgan. O‘sha davrdan Samarqand jahonga mashhur ilmu fan va hunarmandchilik markazi sifatida dunyoga tanilgan. Barcha yo‘llar savdo-hunarmandchilik markazi bo‘lgan Registonda bir-biri bilan tutashgan. Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida bozor timlari boshqa joyga ko‘chiriladi.

XVII asrning birinchi yarmida Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodir vayrona holatiga tushib qolgan Registon maydonida Ulug‘bek madrasasi qarshisida Sherdor madrasasini, uning yonida esa Tillakori madrasa-masjidi o‘z mablag‘lari hisobidan bunyod ettirdi. Registon maydoni o‘zining rang-barang koshinkori bezaklari; naqshinkori peshtoqlari, ulkan gumbazlari bilan Markaziy Osiyo me’morchiligining noyob yodgorligi hisoblanadi.

Hazrati Xizr masjidi – Samarqanddagi me’moriy yodgorlik, u afsonaviy o‘lmas taqvodor inson Hazrati Xizr (Qusam ibn Abbos) nomi bilan bog‘liq. Bino Shohi Zinda majmuasi qarshisidagi tepalikda joylashgan qadimiy masjid poydevori ustiga qurilgan (mehrobdagi yozuvga ko‘ra 1855 yil).

Shohi Zinda - Samarqanddagi me’moriy yodgorlik. Afrosiyob tepaligi janubida joylashgan qabristondagi maqbaralar hamda masjid, minora va madrasadan iborat majmua. Shohi Zinda me’moriy majmuasi Qoraxoniylar sulolasi tomonidan asos solingan. Bu maqbara Qusam ibn Abbosga tegishli ziyoratgoh hisoblanadi. Shohi Zinda majmuasidagi asosiy obidalar Amir Temur va Temuriylar davrida qurilgan.

Amir Temur va Temuriylar maqbarasi. Amir Temur maqbarasi – Samarqanddagi me’moriy yodgorlik. Maqbaraga temuriylar sulolasiga mansub kishilar (Amir Temur, uning piri Mir Sayyid Baraka, o‘g‘illari Mironshoh va Shohrux, nabiralari Muhammad Sulton, Ulug‘bek va boshqalar) dafn etilgan. Boburning ta’kidlashicha, dastlab Temurning nabirasi Muhammad Sulton Mirzo Samarqand qal’asi yaqinida Toshqo‘rg‘on tomonda madrasa qurdirgan. Muhammad Sulton halok bo‘lgach (1403), Amir Temur uning xotirasiga maqbara qurish haqida farmon beradi. Maqbara madrasa hovlisining to‘rida bunyod etilgan.

Xoja Doniyor maqbarasi — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (XX asr boshlarida qurilgan). Afrosiyob qo‘rg‘onining kunchiqar tomonida, Siyob arig‘i yoqasida. Avliyo Xoja Doniyor qabri ustida qurilgan. Cho‘ziq (15 metrga yaqin) to‘rtburchak tarhli, peshtoq, besh gumbazli xonadan iborat. Peshtoqi (shim. tomonda) hamda uning ikki yonidagi qubbali, ko‘zasimon kursili guldastalari ganch o‘ymakorligi bilan bezatilgan, yon tomonlariga ham ravoqlar ishlangan. Maqbara ichida cho‘zinchoq daxma bor. Maqbara yaqinidagi buloq aholi orasida tabarruk hisoblanadi. Abu Tohirxojaning "Samariya" asarida yozilishicha, Xoja Doniyor (Doniyol) Qusam ibn Abbosning safdoshlaridan bo‘lgan.