Qatag‘on qurboni: Yosh xalq tergovchisi nega qamalgan edi?

1937 yil sentyabr oyida Samarqand viloyatining Mitan tumanidagi 75-uchastka xalq tergovchisi Otaboy Karimov O‘zbekiston SSR prokurori nomiga yozgan arizasida o‘zini hozir ishlab turgan joyidan boshqa har qanday tumanga tayinlashini iltimos qilgan edi.

Buning asosiy sababi qilib arizada NKVDning Mitan tumani bo‘limi boshlig‘i Fedyayev, ushbu bo‘lim xodimi Sodiqov, ularga yaqindan yordam berayotgan tuman o‘t o‘chirish bo‘limi rahbari Raxmatullin bilan umuman ishlab bo‘lmasligi ko‘rsatilgan edi. Bundan tashqari, Fedyayev tomonidan begunoh kishilarning aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib, hibsga olinayotgani, odamlarni qo‘rqitish yo‘li bilan poraxo‘rlik qilayotgani dalillar orqali bildirilgandi. Bunday yozishmalar ikki-uch oy davomida 57 sahifani tashkil etdi. Lekin respublika prokurori Sheyndlin arizalarni tekshirish uchun odam yuborish o‘rniga, ularni e’tiborsiz qoldirdi. Bu hol NKVDning Mitan tumani boshlig‘iga va yordamchilariga prokuratura xodimi ustidan turli ma’lumotlarni to‘plash hamda uni aybdor qilish uchun katta imkoniyat yaratdi.

Mana, uning ustidan hibsga olishguniga qadar to‘plangan hujjatlar va ko‘rsatmalardan ayrimlari:

“Xalq tergovchisi Otaboy Karimov Mitan qishloq kengashi hududidagi «Oqdaryo» kolxozida vakil bo‘lgan paytida bu xo‘jalikda paxta topshirish rejasini barbod qilgan. Uning do‘stlari – rais Ergash Omonov, o‘rinbosari R.Sindorov, xo‘jalik ishlari bo‘lim mudiri N.O‘roqov NKVDning tuman bo‘limi tomonidan hibsga olingach, O.Karimov rais vazifasiga kattaqo‘rg‘onlik quloqning qizi Yoqubova degan ayolni tayinlatdi” (tuman yer-suv bo‘limining boshlig‘i G‘.Sultonov ko‘rsatmasidan).

«Xalq tergovchisi O.Karimovga men paxta ekilgan maydonlarni vaqtida sug‘ormagan va ishlov bermagan, deb bir nechta kishilar ustidan jinoiy ish qo‘zg‘ash uchun hujjatlar to‘plab topshirganman. Lekin Karimov bu odamlarga nisbatan hech qanday chora ko‘rmadi. Tuman ijroiya qo‘mitasi hay’atida uni ishdan olishni taklif qilganman. Ammo ijroiya qo‘mita raisi I.Tojiboyev Karimovni himoya qildi. U hatto hozir tuman prokurori vazifa­sini bajarmoqda» (guvohlardan birining NKVDda 1938 yil 10 yanvarda bergan ko‘rsatmasidan).

«Bir kun men 1-MTS direktori Jamol Samadov stoli ustida o‘ndan ziyod odamlar ismi-sharifi yozilgan ro‘y­xatni ko‘rdim. Bular kimlar, deb so‘radim. Bular NKVD tomonidan nohaq ayblanganlar, deb javob berdi u. Xalq tergovchisi Karimov ham shu yerda edi» (tuman yer-suv bo‘limining boshlig‘i G‘.Sultonov ko‘rsatmasidan).

Mana shunday ko‘rsatmalar tufayli Otaboy Karimov ustidan dasta-dasta hujjatlar to‘plangach, NKVD xo­dimlari ishga kirishdi. 1938 yil 23 yanvarda O‘zbekis­ton SSR NKVDsining Samarqand sektori boshlig‘i, davlat xavfsizligi katta leytenanti Kalmikov imzosi bilan shunday qaror qabul qilinadi:

«Men, O‘zSSR NKVDsi Samarqand sektori boshlig‘i, davlat xavfsizligi katta leytenanti Kalmikov Mitan tumani xalq tergovchisi bo‘lib ishlayotgan fuqaro Karimovga nisbatan ochilgan tergov hujjatlarini ko‘rib chiqib va bu materiallar uni aksilinqilobiy-qo‘zg‘olonchilar guruhiga mansub ekanligini to‘liq fosh etishini, ya’ni u tomonidan O‘zSSR Jinoyat kodeksining 57-1 va 67-moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlar sodir qilinganligini e’tiborga olib hamda O‘zSSR Jinoyat-protsessual kodeksining 49-moddasiga asoslanib qaror qildim:

Fuqaro Karimov jinoiy javobgarlikka tortilib, hibsga olinsin, xonadonida tintuv o‘tkazilsin. Tergovdan va suddan bo‘yin tovlamasligi uchun ehtiyot chorasi sifatida O‘zSSR NKVDsi Samarqand sektori hibsxonasida saqlansin».

24 yanvar kuni uning bu qarorini O.Karimovning o‘z nomiga yozgan arizalariga e’tibor bermagan respublika prokurori Sheyndlin darhol tasdiqlab beradi. Shunday qilib, o‘sha «katta qirg‘in» yillari yurtimizda o‘n minglab begunoh kishilar boshiga ayovsiz kulfatlar yog‘dirgan NKVDning qirg‘in mashinasiga qarshi chiqmoqchi bo‘lgan Mitan tumani prokuraturasi tergovchisi, 27 yoshli Otaboy Karimov 1938 yil 24 yanvar kuni ish joyida NKVDning Mitan tumani bo‘limi xodimi Sodiqov tomonidan hibsga olinadi.

U 1911 yilda Jizzax tumanining Xayrobod qishloq kengashi hududidagi Sharlok qishlog‘ida tug‘ilgan edi. Qamoqqa olingan paytida qaramog‘ida 22 yoshli xotini Mayramxon, ikki oylik qizchasi Mamlakat, 43 yoshli onasi Yangish opa va 86 yoshli buvisi Oltin momo bo‘lgan. Yuqorida aytganimizdek, unga nafaqat qandaydir aksilinqilobiy qo‘zg‘olonchilar guruhiga a’zolik, balki ushbu tashkilotga yangi odamlarni jalb etganlik, guruh rahbarlari topshirig‘i bilan aksilinqilobchilarni fosh etmoqchi bo‘lgan kolxozchilarni ta’qib qilgan, degan ayblar ham qo‘yiladi.

1938 yil 4 fevral kuni u bilan O‘zSSR NKVDsi Samarqand sektori 4-bo‘limi tezkor vakili Ribyanets birinchi so‘roqni o‘tkazadi.

Savol: Siz Mitan tumanida mavjud bo‘lgan aksil­inqilobiy-millatchilarning qo‘zg‘olonchi guruhi a’zosi sifatida hibsga olingansiz. Aytingchi, ushbu tashkilotga qachon va kim tomonidan jalb etilgansiz?

Javob: Hech kim va hech qachon meni bunday tashkilotga jalb etmagan. Hech qachon bunday tashkilotga a’zo bo‘lmaganman.

Oradan ko‘p o‘tmay xuddi shunday so‘roqni NKVDning Mitan tumani bo‘limi boshlig‘i Sodiqov o‘tkazadi. U ham aynan shu javobni oladi. 28 mart kuni ushbu bo‘lim boshlig‘i Fedyayev tomonidan o‘tkazilgan so‘roqda u o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni ilk marta «tan olishga» majbur bo‘ladi.

Savol: Siz tumandagi mavjud aksilinqilobiy tashkilot a’zosi bo‘lganligingizni tan olasizmi? 

Javob: Takror aytaman, men hech qanday aksilinqilobiy tashkilot a’zosi bo‘lgan emasman.

Savol: Yolg‘on aytyapsiz. Sizga ushbu tashkilot rahbarlaridan Jumaniyoz Matniyozovning ko‘rsatmalarini o‘qib beraman. Bundan tashqari, 1-MTS direktori Jalol Samadov ham buni tasdiqlaydi...

Ana shu so‘roqda u o‘ziga qo‘yilgan bunday «ayblov»larni ilk marta tan olishga majbur bo‘ladi. Otaboy Karimovga bundan tashqari «aksilinqilobiy guruh» a’zolaridan yana o‘n to‘rt kishining ismi-sha­rifi yozilgan ro‘yxatga ham qo‘l qo‘ydirishadi. Ularning barchasi NKVD tomonidan allaqachon hibsga olingan kishilar ro‘yxati edi. U, shuningdek, o‘zi tomonidan aksilinqilobiy tashkilot safiga tumandagi 1-MTS buxgalteri I.Po‘latov va Yejov nomidagi kolxozning xo‘jalik mudiri Amir Qilichev tortilganini ham «tan oladi»...

Savol: Aksilinqilobchilar guruhining qaysi yig‘ilish­larida shaxsan ishtirok etgansiz va ularda nimalar muhokama qilingan? 

Javob: Men aksilinqilobiy guruh yig‘ilishlarida biror marta ham ishtirok etgan emasman. Umuman, bunday yig‘ilishlar bo‘lgani haqida eshitganim yo‘q. Tashkilotning boshqa a’zolari haqida ham hech narsa bilmayman. Shuning uchun faqat o‘zim to‘g‘rimda gapirishim mumkin...

Shu yerda bir savol tug‘iladi. Nega ikki oydan ziyod vaqt davomida o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarning birortasini ham tan olmagan Otaboy Karimov mart oyining oxirlariga kelib ularni tan ola boshladi. Bunga javobni u hibsxonada turib, O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissari va O‘zSSR prokurori nomiga yozgan hamda qandaydir yo‘llar bilan chiqargan xatlaridan topsa bo‘ladi. Bu maktublar keyinchalik (1939 yilda) uning «jinoiy ishi»ga tikilgan edi. Ma’lumki, 1937 yil sentyabr-oktyabr oylarida O‘zSSR prokurori nomiga yozgan arizasida Mitan tumanida «aksilinqilobiy faoliyatda» ayblanib, ko‘plab begunoh kishilar NKVD tomonidan hibsga olinayotganini yozgan edi. Bundan tashqari, ushbu tashkilotning tuman bo‘limi boshlig‘i Fedyayev, xodimi Sodiqov, ularning ko‘makchisi Raxmatullin bilan ishlashning hech iloji qolmaganini bildirib, o‘zini boshqa tumanga ko‘chirishni iltimos qilgandi. Lekin endi uning ishini tergov qilish aynan ana shu kishilarga topshiriladi. U respublika prokurori nomiga yozgan xatida o‘zining tinimsiz jismoniy va ruhiy azoblarga duchor qilinayotganini bayon etadi. Buning natijasida sog‘lig‘i kundan kunga yomonlashayotganligini bildiradi. Otaboy Karimov O‘zbekiston SSR NKVDsining Samarqand sektori hibsxonasida Fedyayev, Sodiqov, Raxmatullinlar tomonidan 1938 yil 30 va 31 mart kunlari o‘tkazilgan so‘roq davomida qattiq kaltaklanganligini, yana 4 aprel kuni NKVD tuman bo‘limi xodimi Sodiqov uni majburlab turli to‘qilgan ko‘rsatmalarga imzo chektirganligini yozadi.

Lekin bu gal ham ushbu arizalar respublika prokurori tomonidan e’tiborsiz qoldiriladi. Mana shu jismoniy va ruhiy tazyiqlar tufayli u bir necha marta hibsxonadagi kasalxonaga yotqiziladi. 1938 yil 16 mayda O‘rta Osiyo Harbiy okrugi harbiy prokurori o‘rinbosari Budargin 12 kishining  (Mitan tumanidan) jinoiy ishini ko‘rib chiqish uchun SSSR Oliy Sudining harbiy kollegiyasiga o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi. Ularning barchasiga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 57-1, 58, 63, 67-moddalari qo‘llanilgan edi.

Bu ro‘y­xatda Otaboy Karimovning ham nomi bor edi. Lekin negadir o‘sha yilning oktyabr oyida ro‘yxatdagi boshqa kishilar ustidan o‘tkazilgan sud jarayonida (agar shunday deb atash mumkin bo‘lsa) u qatnashmaydi. Ehtimol, ahvoli og‘ir­lashib, kasalxonada yotganligi sabablidir. Bunga isbotni endilikda Fedyayevning o‘rniga kelgan davlat xavfsizligi serjanti Chernixning Otaboy Karimovga nisbatan olib borayotgan tergovni uning kasalligi tufayli 1939 yil 18 yanvardan e’tiboran vaqtincha to‘xtatish haqidagi qaroridan ham topsa bo‘ladi.

Shuningdek, 1938 yil kuz oylarida «Mitandagi aksilinqilobiy-millatchilar guruhi a’zolari» deb topilgan yana o‘ttiz kishining ishi Samarqand viloyat sudining maxsus kollegiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi. «Qovun qovundan rang olar», deganlaridek ushbu «maxsus kollegiya» o‘zlarining SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi «uchligi»dagi hamkasblaridan qolishmaslikka harakat qildi. «Aksilinqilobiy guruh a’zosi», deb topilgan Mitan tumani ijroiya qo‘mitasi umumiy bo‘lim mudiri Gamir Muhiddinov 20 yilga, kommunal xo‘jaligi boshlig‘i Turum Shaylanov 25 yilga, tuman pillachilik idorasi boshlig‘i Qudrat Xudoyo­rov 15 yilga, Mitan MTSning buxgalteri Siroj Muslimov 15 yilga, markaziy magazin direktori Maxamat Qo‘ldoshev 20 yilga, tuman maktab­laridan birining o‘qituvchisi Sagit Tarziyev 15 yilga, maktab direktori vazifasini bajargan Ismoil Abdulatipov 15 yilga qamoqqa yuborildi. Qolganlarining qismati ham shu tariqa hal etildi.

Bu «jinoiy ish» nechog‘lik to‘qib-bichilganini shundan ham ko‘rish mumkinki, Otaboy Karimov bilan unga qarshi ko‘rsatma berganlarning birortasi yuzlashtirilmaydi. Ehtimol, NKVD xodimlari bu yuzlashtirishlar oqibatida prokuratura tergovchisi bo‘lib ishlagan O.Karimov ularning to‘qigan tuhmatlarini boshqalar oldida ham fosh etib tashlashidan cho‘chishgandir...

Lekin ko‘p o‘tmay bunga hojat ham qolmaydi. Tergov materiallariga tikilgan va NKVDning Samarqand sektori ichki turmasi kasalxonasining bosh vrachi imzo chekkan hujjatda aytilishicha, Otaboy Karimov 1939 yil 13 aprelda vafot etgan. O‘limining sababi qilib qandaydir yuqumli kasallik ko‘rsatilgan. Lekin aslida-chi? Uning besh-olti oylab hibsxona kasal­xonasida yotishi va oxir-oqibatda vafot etishining asosiy sababi NKVD­ning yerto‘lalarida yegan kaltaklariyu boshqa azoblari bo‘lmadimikan?!

Harqalay endigina 28 yoshga kirgan, kuch-quvvatga to‘lgan, bilimli tergovchini qatag‘onning qonli suroni shu tariqa o‘z domiga tortgan edi.

Muzaffar MUQIMOV.