Sakkizinchi qavatdan qo‘rqmang...

Bu voqeadan so‘ng yaqin atrofimdagilardan eshitganim quyidagilar bo‘ldi: qattiq ta’sirlandim, yuragim og‘ridi... Tinchlantiruvchi dori ichishga majbur bo‘ldim... Bir haftalar o‘zimga kelolmadim, ijtimoiy tarmoqqa kirsam, shu mavzu...

Sakkizinchi qavatda yashayman, to‘g‘risi, yuragimdagi g‘ulg‘ula hech ketmayapti, xayolimda bolalarimga nimadir bo‘ladiganday tushkunlikka tushib qolganman...

Oddiy qoidalarga rioya qiling!

Facebook tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri Nazokat Azim esa aniq-tiniq qilib bu haqdagi fikrlarini ifodalab beribdi: “Kecha byuti-bloger, undan avval shoir ukamizning o‘limi ko‘p shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bugun ertalab qandaydir g‘alati xayollar bilan uyg‘ondim. Tushundimki, suitsid to‘g‘risidagi ma’lumotlar istaymizmi-yo‘qmi, inson ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu tabiiy holat. Shuning uchun jurnalist va blogerlarni suitsid holatlari haqida ma’lumot berganlarida oddiy qoidalarga rioya qilishga chaqiraman.

Suitsid mavzusida ma’lumot berishda juda ehtiyotkorlik va mas’uliyat talab etiladi, chunki noto‘g‘ri yondashuv suitsid xavfi bor shaxslarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jurnalistlar, blogerlar va kontent yaratuvchilar ushbu masalani yoritishda quyidagi prinsiplarga amal qilishlari kerak...”.

Jurnalist ushbu masalada hamkasblariga qator tavsiyalar berishi barobarida muhim bir fikrni ham aytib o‘tadi. Ya’ni, ushbu mavzuni yoritishda muhimi jamoat ongini oshirish ekanligini ta’kidlaydi. Ya’ni, o‘z joniga qasd qilish mavzusini yoritishdan maqsad odamlarni xabardor qilish va ularni yordam so‘rashga undash bo‘lishi kerak. Masalan, suitsidning oldini olish haqida ma’lumot tarqatish, ruhiy salomatlikni tiklash usullari haqida yozish va turli muammolar bilan kurashishda qo‘l keladigan maslahatlarni taklif qilish.

Umuman, yuqoridagi kabi o‘z joniga qasd qilish holati bilan bog‘liq axborotlarning tarqalishidan keyin men bilgan 4-5 kishining fikrlari bu. Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylardan biridan tushib ketib, halok bo‘lgan ayol haqidagi xabarlar to‘g‘ri, noto‘g‘ri, yolg‘on, rost gaplar bilan qo‘shilib, ommaga oshkor etilmoqda.

“Verter effekti” hamon bor

Keyingi kunlarda fuqaroning sakkizinchi qavatdan tushib ketish holati aks etgan videolarning ham tarqalayotgani, uni hatto ba’zi ommaviy axborot vositalari ham e’lon qilayotgani yanada tashvishli. E’tibor bering, bundan bir yil avval to‘qqizinchi qavatdan farzandlari va o‘zini tashlagan ayol voqeasi ham katta shov-shuvlar bilan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingandi. 

Bu kabi xabarlar marhumaning oilasiga qanchalik salbiy ta’sir qilayotgani bir masala. Ammo yana bir tomoni, uning yoshlarga salbiy ta’siri.

Aslida bu ta’sir haqida bir necha o‘n yilliklardan beri aytiladi. “Verter effekti” (Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” asaridan keyin ushbu mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holati keskin ko‘payib ketgani uchun shu nom qolgan) deb nomlangan bu ta’sir bir necha yillardan beri tadqiqotchilar tomonidan o‘rganiladi. Va ularning aksariyati ommaviy axborot vositalarida beriladigan o‘z joniga qasd qilish holatlari haqidagi xabar va lavhalar yoshlarning, ayniqsa, tashqi ta’sirlarga moyil bo‘lganlarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlaydi. Bu kabi xabarlarni berishda ommaviy axborot vositalari albatta, quyidagilarga e’tibor qaratishlari lozim, deyishadi olimlar. Xususan, o‘z joniga qasd qilish harakatining har qanday namoyon bo‘lishi mutaxassis (psixolog, psixiatr) bilan maslahatlashganidan keyin e’lon qilinishi kerak. Shuningdek, o‘z joniga qasd qilishning aniq holatlari va o‘z joniga qasd qilish usullarini batafsil ko‘rsatishi shart emas. Qolaversa, o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olishga qaratilgan ma’ruzalar, maqolalar, tok-shoular yoshlar ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va o‘z joniga qasd qilish niyatlari namoyon bo‘lishining oldini olishga hissa qo‘shishi mumkin. Ammo ushbu dasturlar ham, albatta, mutaxassis bilan maslahatlashilgan holda tayyorlanishi lozim.

Shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga undagan usullar, motivlar va sabablarning mavzuli illyustratsiyasidan foydalanishni cheklash kerak. Ommaviy axborot vositalarida keraksiz tafsilotlar, faktlar, o‘z joniga qasd qilish sabablari va o‘z joniga qasd qilish to‘g‘risidagi fikrlarni oshkor etish o‘smirlar, yoshlar va aholining zaif guruhlari o‘rtasida taqlid effektlarini shakllantirishi mumkin.

Afsuski, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan o‘z joniga qasd qilish holatlarining barchasida ushbu tavsiyalarga mutlaqo amal qilinmayotganini ko‘ramiz.

E’tibor jinoyatdan oldin bo‘lishi kerak

Aksariyat ommaviy axborot vositalari vakillarining bunday yondashuvga nisbatan o‘z xulosalari ham bor. Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlarda bu voqealar miridan sirigacha oshkor etib bo‘lindi, aksincha, biz voqeani yanada aniqlashtirib, xolis bir tarzda yorityapmiz, deya vaj keltirishadi. Afsuski, bu vajlarning birortasi inson hayoti, uning ruhiyatiga salbiy ta’sirini oqlamaydi.

E’tibor beradigan bo‘lsak, yil boshidanoq shu kabi voqealarning bir nechtasi qizg‘in muhokama qilindi, holatning barcha tafsilotlari berib borildi. To‘g‘ri, bu qaysidir ma’noda insonlarni ogohlikka chaqirishi mumkin, lekin bu mudhish holat keyingisiga undamasligiga kim kafolat beradi?

- Voqeaning tarqalishidan ham ko‘ra, unga munosabat hayotida muammosi bor, e’tibor va kimningdir qo‘lloviga muhtoj bo‘lib turgan xotin-qizlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, - deydi tajribali psixolog, Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi Abira Bahromova. – O‘tgan yilgi voqeani esga olaylik. Tushkun ahvolda qolgan ayol ikki farzandi bilan o‘zini suvga cho‘ktirishga urindi. Xayriyatki, ularning hayoti asrab qolindi. Butun jamoatchilikning e’tibori ularga qaratildi. Tegishli tashkilotlar mutasaddilari bu ayol bizning doimiy e’tiborimizda bo‘ladi, deya uni qo‘llab-quvvatladi, barcha tashkilotlar bu oila holidan xabardor bo‘ldi. Aslida bunday xatti-harakatdan oldin notinch oilalar bilan ishlash  ko‘proq ahamiyatli. Xo‘sh, ushbu voqea barcha joyda keng yoritilgandan so‘ng nima bo‘ldi, deb o‘ylaysiz. Yomon tomoni, xuddi shunga o‘xshash, o‘zini farzandi bilan suvga tashlamoqchi bo‘lgan bir necha ayollar paydo bo‘ldi.  

Biz istaymizmi-yo‘qmi, bu hodisalar inson ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va ayniqsa, hayotida notinchlik bo‘lgan insonlar bu holatlarni kelgusida bir yo‘l sifatida ong ostida saqlab turishi mumkin. Garchi buni o‘zi tan olmasa-da,  bir kun bu “xotira” yarq etib namoyon bo‘lgan holda uni mash’um xatti-harakatga undashi ehtimoli katta.

Shuning uchun ham bu kabi masalalarni yoritishda ommaviy axborot vositalari xodimlari ehtiyot bo‘lishlari, voqeani faqat fakt sifatida berib, qolgan tafsilotlarni faqat huquq-tartibot idoralari xulosalaridan keyin ommaga oshkor etishlari lozim. Xorijda bu kabi voqealar yoritib boriladi, lekin bizdagiday butun tafsilotlari batafsil aytilmaydi. Qolaversa, xorij auditoriyasi bu voqea-hodisalarni yuqori emotsiya bilan qabul qilmaydi, aholining voqea-hodisalarga ergashuvchanlik xarakteri ham yo‘q. Afsuski, bizda bu masala muammo. 

Hayotingizni o‘zingiz boshqarishga o‘rganing

Umuman olganda, bugun o‘z joniga qasd qilish holatlari nafaqat xotin-qizlar, balki kuchli jins vakillari orasida deyarli tengma-teng miqdorda kuzatilmoqda. Ya’ni, muammo ildizi faqat biz ko‘nikib qolgan oiladagi zo‘ravonlik, qaynona, er zug‘umi bilangina bog‘liq emas. Oiladagi e’tibor, farzandlari tarbiyasida er-xotinning birday ishtirok etishi, yaxshi ta’lim bu kabi salbiy holatlarning oldini olishdagi muhim omillardan bo‘lib qolaveradi.

Ha, sakkizinchi qavatdan qo‘rqish kerak emas, farzandlarimiz tarbiyasi, ularga mehr bera olyapmizmi, yo‘qmi, ta’limiga e’tibor qarata oldikmi, shulardan ogoh bo‘laylik!

Gulruh Mo‘minova.