2024 yil sarhisobi: Ma’naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi kerak

Tizimda amalga oshirilgan ishlar shunga mosmi?

Hozirgi globallashuv davrida ma’naviy tahdidlar jamiyat hayotining barcha jabhalarini izdan chiqarish, tartibsizlik va parokandalikni vujudga keltirish, xalqlarning qadriyatlarini obro‘sizlantirishga qaratilgani hech kimga sir emas. Bu nafaqat soha vakillari, balki har birimizning oldimizda dolzarb vazifa turganini anglatadi.

2023 yilning 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari bu masalaga alohida to‘xtalib, yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy muhit barqarorligini ta’minlash, yoshlarni turli ma’naviy tahdidlardan himoya qilish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasida soha mas’ullari oldiga aniq vazifalar qo‘ygan edi.

O‘tgan davr mobaynida bu vazifalar ijrosi doirasida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2024 yil davomida viloyatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida 15 mingga  yaqin ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, 350 mingdan ortiq aholi jalb qilindi. Xususan, “Ma’naviyat festivali”, “Ma’rifat ulashib”, “Mahallada kino karvon”, “Ma’rifatli kitobxon”, “Yosh kitobxon”  tadbirlari va ko‘rik-tanlovlari, “Milliy kontent”, “Matonatli yo‘l”, “Ijtimoiy so‘rovnoma” va “Ma’naviyat oqshomlari” kabi ma’naviy-ma’rifiy loyihalar tashkil etildi.

Shuningdek, aholi o‘rtasida milliy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy fazilatlarni targ‘ib qilish bo‘yicha Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limining “Samarqand sadosi” nomli rasmiy telegram kanali ochildi, shuningdek, viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda “Ma’rifat shu’lasi” nomli yangi ko‘rsatuv tashkil etildi.

Sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashining navbatdagi yig‘ilishida sohada amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emasligi tanqid qilingan edi. Mazkur muammolarga yechim topish maqsadida Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi va 16 ta tuman (shahar) bo‘linmasi tomonidan 448 ta korxona, tashkilot va idoralar bilan birgalikda ma’naviy-ma’rifiy sohada hamkorlik “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi.

“Samarqand milliy kontentlar” telegram guruhi ochilib, boshqarma, korxona, tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari tomonidan 550 dan ortiq videoroliklar tayyorlandi. 

Bundan tashqari, aholi o‘rtasida to‘y va marosimlarni ixchamlashtirish, dabdababozliklarsiz o‘tkazish hamda notinch oilalarni yarashtirish maqsadida biriktirilgan targ‘ibotchi hojilar va otinoyilar  ishtirokida mahallalarda tushuntirish tadbirlari amalga oshirildi.

“Ma’naviyat sektorlari”ni namunali tashkil qilish bo‘yicha viloyatdan Kattaqo‘rg‘on shahri tanlab olinib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga taqdim etildi.

2025 yilda viloyatda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida “Samarqand tajribasi” asosida umumta’lim maktablarining tarix fani o‘qituvchilari o‘qitiladi, aholi, ayniqsa, yoshlarning milliy kino, muzey va teatrlarga muntazam borishlari yo‘lga qo‘yilib, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda tariximiz va milliy qadryatlarimizga oid viktorina, o‘zbek xalq maqollaridan iborat so‘rovnomalar o‘tkaziladi.

Viloyatdagi boshqarma, korxona, tashkilotlar hamda tuman (shahar) hokimliklarida kutubxonalar tashkil etiladi, tuman va shahar markazlaridagi led ekran va bilbordlarga ma’naviyatni targ‘ib qiluvchi bannerlar joylashtiriladi. Musulmonlar idorasi bilan hamkorlikda to‘y va ma’rakalarni ixchamlashtirish borasida tushuntirish ishlari olib boriladi, notinch oilalar, tarbiyasi og‘ir va ijtimoiy daftarlarda turadigan yoshlarga katta hayot tajribasiga ega nuroniy otaxon va onaxonlarni hamda haj va umra ziyoratini ado etgan yurtdoshlarimiz biriktiriladi.

Dilshod ISMOILOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari.