2024 yil sarhisobi: Yutug‘imiz ko‘p, yutqazig‘imiz ham yo‘q emas
Hunarmandlarning erkin faoliyat yuritishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar e’tiborga loyiq. O‘tayotgan yilda usta-hunarmandlarimiz shunga monand mehnat qildi.
Hozirgi kunda uyushmamiz a’zolari 2 ming 548 nafarga yetdi. E’tiborlisi, 2024 yilning o‘zida 1110 nafar hunarmand uyushmaga a’zo bo‘ldi. Yil davomida joylardagi hokim yordamchilari hamda “Mikrokreditbank” bo‘limlari tomonidan 117 nafar hunarmandga 2 milliard 213,1 million so‘m miqdorida kredit, shuningdek "Usta-shogird" an’anasi asosida maktab tashkil etgan hunarmandlarga shogird tayyorlash uchun subsidiyalar ajratildi. Natijada qo‘lda gilam to‘qish, zargarlik, milliy qo‘g‘irchoqlar, yog‘och va mis o‘ymakorligi, kulolchilik kabi o‘nlab hunar turlari kengaydi, qo‘lda tayyorlangan mahsulotlar soni oshdi, 6263 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi, "Usta-shogird" maktabiga 2889 nafar shogird biriktirildi.
Yaratilgan imtiyozlar tufayli yil davomida tashkil etilgan 62 ta respublika va xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda 450 nafar hunarmand o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Buning natijasida hunarmandlarimizning chet mamlakatlarda ham kichik ustaxonalari yoki “master-klass” o‘tkazuvchi maydonchalari yaratildi.
Hunarmandchilikka e’tiborning kuchaytirilishi natijasida bu yil 2 nafar hunarmand davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi - koshinkor usta Rauf Tohirov “Shuhrat” medali bilan, kashtado‘z Fotima Azamatova “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
Albatta, 2024 yilda yutuqlarimiz bilan birga yutqaziqlarimiz ham bo‘ldi. Jumladan, Samarqand shahriga World kraft kounsil, ya’ni Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan beriladigan hunarmandlar shahri maqomini olish bo‘yicha boshlagan ishimiz yakuniga yetmay qoldi. Kelgusi yilda asosiy maqsadlarimizdan biri ushbu xayrli ishni amalga oshirish.
Shuningdek, 2025 yilda Samarqand shahridagi Islom Karimov nomli ko‘chada “Samarqand kulolchilik markazi”ni tashkil etish, hunar bilan shug‘ullanadigan yoshlar safini kengaytirish hamda viloyat bo‘yicha 4,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizning asosini tashkil etadi.
Umid Hakimov,
“Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.