Ozarbayjon samolyoti halokati sababi oydinlashdi: Voqealar xronologiyasi

25 dekabr tongida Bokudan Grozniyga uchgan samolyot yo‘nalishini o‘zgartirib, Qozog‘istonning Oqtov shahri aeroporti yaqinida avariyaviy qo‘nishni amalga oshirdi. 38 kishi aviahalokat qurboni bo‘lgan.

O‘sha kuni soat 10:43 da Aqto‘be tuman dispetcherlik markaziga samolyotni Grozniydan zaxira aerodromiga yo‘naltirish haqida ma’lumot berilgan. Samolyotning boshqaruv tizimlari, balandlik ruli va eleronlari Qozog‘iston havo hududiga kirmasdan oldinroq ishdan chiqqan.

Soat 10:53 da yo‘lovchilar salonidagi kislorod balloni portlab ketgan, yo‘lovchilar hushini yo‘qota boshlagan. Qozog‘iston samolyotni qabul qilishga tayyor turgan.

Soat 11:28 da ekipaj bilan aloqa uzilgan va samolyot yerga qulagan. Oqtov aeroporti qutqaruv xizmati voqea joyiga birinchi bo‘lib yetib kelgan.

Dastlab halokatga sabab sifatida qushlar galasi, texnik nosozlik kabi versiyalar taqdim etilgandi. Ammo ko‘p o‘tmay Ozarbayjon OAVlari, keyinroq boshqa manbalar ham samolyot Rossiya raketasi tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi.

Jumladan, 26 dekabr kuni Euronews telekanali o‘z manbasiga tayanib, Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining samolyoti Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan, deb xabar berdi. Jurnalistlarning Ozarbayjon hukumatidagi manbalari samolyot halokatiga Rossiyaning «yer-havo» sinfidagi raketasi sabab bo‘lganini aytishgan. Manbalarga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Grozniyda dronlar «faollashgan» vaqtda (shu vaqtda Kavkazdagi regionlarga ukrain dronlari hujum qilayotgandi) AZAL samolyoti tomonga raketa uchirgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar yetkazgan.

Nashrning Rossiyadagi manbalari Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi samolyoti Checheniston hududidan uchib o‘tayotgan vaqtda Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlarini urib tushirmoqchi bo‘lganini aytgan. Checheniston Xavfsizlik kengashi rahbari Hamzat Qodirov ham chorshanba kuni tongda Grozniyga dronlar hujumi haqida xabar bergan va dronlardan biri aks etgan videoni namoyish etgandi.

Bokudagi AnewZ nashri Ozarbayjon hukumati manbalariga tayanib, raketa Pantsir-S havo hujumidan mudofaa tizimidan otilganini xabar qilgan.

Euronews manbalari aytishicha, uchuvchilar favqulodda qo‘nishni so‘raganiga qaramay, shikastlangan samolyotga Rossiya aeroportlariga qo‘nishga ruxsat berilmagan. "Boku — Grozniy" aviareysi yo‘lovchisi, halokat vaqtida yengil jarohat olgan Subhonqul Rahimov TASS muxbiri bilan suhbatda Azerbaijan Airlines ekipaji samolyotni Grozniyga qo‘ndirish uchun uch marta uringanini aytib bergan. Euronews yozishicha, ekipajga Kaspiy dengiz orqali Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri tomon uchish kerakligi aytilgan.

Ozarbayjon, Rossiya va Qozog‘iston hukumatlari samolyotni rossiyaliklarning havo hujumidan mudofaa kuchlari urib tushirgani haqidagi versiyani rasman izohlamayapti. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 25 dekabr kuni AZAL samolyoti «ob-havo yomonlashishi» tufayli yo‘nalishni o‘zgartirgani, avariya esa Qozog‘istonga «qo‘nish chog‘ida» ro‘y berganini aytgandi. «Avariya sabablari bizga ma’lum emas. Turli versiyalar bor. Bu haqda gapirishga hali erta deb hisoblayman. Masala to‘liq tekshirilishi kerak», — degandi Aliyev. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml tergov xulosalari chiqmagunicha «qandaydir gipotezalar qurmasligi»ni aytgan.

Samolyot halokatga uchraganidan biroz o‘tib, laynerning butun qolgan dum qismi qoplamasida zenit raketaning shikastlovchi elementlari qoldiradigan izlar aks etgan videoyozuvlar paydo bo‘ldi.
Halokat oqibatida uch mamlakat — Ozarbayjon, Rossiya va Qozog‘iston fuqarolari halok bo‘lgan.

Ozarbayjonda 26 dekabr — motam kuni deb e’lon qilindi. Aviahalokat qurbonlari Azerbaijan Airlines reysi havoga ko‘tarilgan Boku aeroportida bir daqiqalik sukut bilan yodga olindi. Bu yerda qurbonlar xotirasiga yodgorlik stendi o‘rnatilgan. Checheniston hukumati samolyot halokatida qurbon bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga yordam ko‘rsatishni va’da qilgan.