Tansoqchi hikoyasi: Sharof Rashidovning vagonda o‘tgan so‘nggi kunlari
Sharof Rashidovning 1979-1983 yillarda tansoqchisi bo‘lib xizmat qilgan komissar Sa’dulla Muhammadqulov bilan Alisher Navoiy teatrining shundoqqina biqinidagi kafeda o‘tiribmiz. 1983 yilning kuzida Sharof akaning «og‘ziga suv tomizib, lablarini ho‘llab, ko‘z o‘ngida tobora so‘nib borayotgan jondan pichirlab chiqayotgan minnatdorchilik so‘zlarini eshitgan» yigit shu kishi bo‘ladi.
Sharof aka uchun farzandidek bo‘lib qolgan bu yigit respublikamizning birinchi rahbari umrining so‘nggi to‘rt yilidagi safarlarida doim hamroh bo‘lgan. Yosh, ochiq chehrali, chaqqon, tansoqchilarga xos baquvvat va kelishgan bu yigit shuncha yil Sharof akaning o‘limi haqidagi haqiqatni sir saqlab, sochlariga oq tushgan. Ammo hamon ko‘rkam, harakatlari tez va aniq, yuzida chiroyli kulgisi barq urib turibdi.
O‘zbekistonliklarni 40 yil qiynagan savollarni ichida saqlagan tansoqchi
Butun sobiq Ittifoqni, barcha yurtdoshlarimizni shu paytgacha qiynagan savollarni, voqealarni ichida saqlab yurgan bu yigitning «yorilib ketmagani»ga hayron qolasan kishi. Komissar, tansoqchilarning qismati shu-da, deyman o‘zimga o‘zim.
Sharof Rashidovning o‘limi tafsilotlari haqida haqiqatan ham kamdan-kam odam xabardor bo‘lgan.
– U kishining vafoti vaqtida yonida rafiqasi Xursandoy aya, men va vrach bo‘lganmiz, – deydi xavfsizlik xizmatida uzoq yillar, mamlakatning Sharof Rashidovdan tashqari yana ikki rahbariga tansoqchilik qilgan zaxiradagi KGB polkovnigi Sa’dulla Muhammadqulov.
Sharof Rashidovning vafotidan keyin uning o‘limi sabablari to‘g‘risida jahonning turli ommaviy axborot vositalarida har xil xabarlar tarqatildi. Ba’zilar o‘zini otdi, boshqalar zahar ichib o‘ldi, yana birovlar qaysidir xorijiy davlatga ketib qoldi, deb xabar bergan.
Bu gaplardan hatto g‘arb davlatlari gazeta va jurnallari ham chetda qolmagan edi. Gap shundaki, bir kun oldin O‘zbekiston televideniyesining «Axborot» dasturida Sharof akaning Xorazm viloyatidagi xizmat safari haqida ma’lumot berilib, unda Urganch va Xiva shaharlariga tashrifi haqida hikoya qilingandi. Shundan bir kun avval sog‘ bo‘lgan odamning to‘satdan o‘lganiga hech kimning ishongisi kelmasdi.
Endi Sa’dullaning o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan voqealar tafsilotlari bilan birma-bir tanishib chiqaylik.
– Gapni sal ilgariroqdan boshlayman, – deydi Sa’dulla aka. – O‘limidan bir-bir yarim oy ilgari, 1983 yilning sentyabrida Sharof aka Sovet Ittifoqi delegatsiyasining rahbari sifatida Efiopiyada safarda bo‘lgan edi. Afrika qit’asidagi bu mamlakat dengiz sathidan juda balandda joylashganligi sababli tibbiyot taomiliga ko‘ra har bir rahbar Efiopiyaga kelganidan keyin kamida ikki soat yotib dam olishi va mamlakat iqlimiga moslashishi shart edi. Ammo Sharof aka har galgidek dam olmadi. Bu esa Sharof akaning uzoq muddat samolyotda parvoz qilishi salomatligiga ta’sir ko‘rsatmay qolmagandi.
Efiopiya poytaxti Addis-Abebadan Moskvaga, undan keyin dam olmasdan Toshkentga uchib keladi, ko‘p o‘tmay Toshkentdan yana Moskvaga uchib, 3-4 kun mobaynida KPSS Markaziy Qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan majlisda qatnashadi. Bu ham uning sog‘lig‘iga ’ta’sir qiladi.
24 oktyabr kuni “Toshkent—Urganch”, 26 oktyabrda “Urganch —Toshkent”, 27 oktyabrda yana “Toshkent — Urganch”, 28 oktyabrda “Urganch — To‘rtko‘l — Urganch” yo‘nalishlari bo‘yicha samolyotda uchishlar ham Sharof Rashidov salomatligiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. 24-30 oktyabr kunlari Sharof Rashidovich avtomashinada har kuni ertalab soat 9 dan kechki soat 20:00 - 21:00 largacha 250-300 kilometrdan yo‘l bosib, avvaliga Xorazm viloyati hududlarini, keyin Qoraqalpog‘iston Avtonom Respublikasi rayonlarini aylanib, faollar bilan majlislar o‘tkazadi. Bu, albatta, 66 yoshga kirgan, bir marta infarktni boshidan kechirgan, Ikkinchi jahon urushida olgan jarohatini tanasida olib yurgan kishidan qanchalik katta jismoniy va ruhiy kuch-quvvat talab etishini tasavvur qilib qo‘ring.
Bu sabablar, ya’ni o‘zini o‘ylamasdan, topshirilgan vazifani bajarish maqsadida, kamtarinlik qilib hamma yukni o‘z zimmasiga olish va xalqining obro‘-e’tibori uchun o‘zini qurbon qilish uning o‘limiga sabab bo‘luvchi oqibatlarni keltirib chiqargandi.
Sharof Rashidovich boshqa hamkasblariga o‘xshab yilda ikki marta dam olgani yo‘q. Paxta yig‘im-terimi siyosiy masala ekanligini, qolaversa, o‘z ishiga fidoyiligi tufayli Moskvaning Markaziy shifoxonasida emas, hatto Markazqo‘mning Toshkentdagi birinchi statsionarida ham emas, balki xizmat safari vaqtida o‘zi yashaydigan torgina vagonda jon berdi.
Sharof Rashidovning o‘limiga Haydar Aliyev bilan bo‘lgan suhbat sabab bo‘lmagan
KPSS Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, SSSR Ministrlar Soveti Raisining birinchi o‘rinbosari Haydar Aliyev boshchiligidagi Ittifoq delegatsiyasi 26 oktyabrda Moskvadan Toshkentga uchib keladi, Sharof Rashidovichning o‘zi uni kutib oladi. Bundan bir kun oldin Sharof Rashidov Urganchdan uchib kelgan edi. Men navbatchilikni tansoqchi Volodya Bondarenkodan qabul qilib oldim. Uyga borayotganimizda, mashinada Sharof aka keyingi uch kunlik reja-dasturni ko‘rib chiqdilar va dasturni bajarish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalarni berdi. Oxirida «Mulla Sa’dulla, siz biz bilan Urganchga birga uchasiz», deb tayinladilar.
Men o‘sha kunning o‘zida belgilangan dastur bo‘yicha butun tizim (KGBning maxsus qo‘riqchilar tizimi)ni xabardor qildim. Ertasiga Haydar Aliyev boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini kutib oldik. Mehmonlar rezidensiyaga joylashgandan keyin ovqatlanishdi. Keyin maxsus programmaga asosan Toshkent metropoliteni, «Xalqlar do‘stligi» s’yezdlar saroyi va boshqa ob’yektlarni tomosha qildi. Sharof Rashidovichning o‘zlari hamrohlik qilganlari uchun men ham ular bilan birga bo‘lib, suhbatlariga guvoh bo‘lganman. Ular siyosiy, iqtisodiy va boshqa muammolarni muhokama qildilar. H.Aliyev va Sh.Rashidov o‘rtasida yaxshi munosabatlar mavjud edi. Chunki ularning bundan avvalgi bir necha uchrashuvlari (Tbilisi, Yerevan va Moskvada) ana shunday ruhda o‘tganiga guvoh bo‘lganman. Sharof Rashidovich Haydar Aliyev bilan kechki ovqatdan keyin xayrlashib, mashinaga o‘tirganlarida kayfiyatlari yaxshi edi. Chunki odatdagiday «qani, mulla Sa’dulla, «Mayak»ni qo‘yingchi, yangiliklarni eshitaylik», deb kulib, buyruq berdilar.
Sharof Rashidov ertasiga — 27 oktyabr kuni ertalab soat 7:00da Haydar Aliyev boshchiligidagi delegatsiyani Vetnamga jo‘natib, soat 8:00da Andrey Gromiko hamrohlik qilayotgan Finlandiya delegatsiyasini Markazqo‘mda qabul qildilar. Soat 11 larda biz Do‘rmonga qaytayotganimizda Sharof Rashidov menga «mulla Sa’dulla, bugun soat 17:00 da Urganchga uchamiz, bilasiz-a?» dedilar...
Men hamma topshiriqlarini bajarganligim va uchishga tayyorgarlik ko‘rilganligim haqida axborot berdim.
Dastur bo‘yicha 27 oktyabr kuni kechqurun soat 17:00da “YaK-40” samolyotida Urganchga uchdik. Sharof Rashidovichning salomatligi, kayfiyati yaxshi edi, ammo qattiq charchaganliklari bilinib turardi. O‘sha kuni kechqurun o‘zlarining yordamchilari Georgiy Alekseyevich Kraynov bilan hujjatlar ustida vagondagi salon-mehmonxonada ancha vaqt ishladilar. Soat 23:00 larda dam olish uchun yotoqxonalariga kirib ketdilar. Havo salqin bo‘lgani va charchaganliklari uchun sayr qilgani chiqmadilar.
28 oktyabr kuni ertalab soat 9:45da avtomashinada borish uzoq bo‘lgani uchun, “Yak-40” samolyotida Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal’a rayonlari xo‘jaliklaridagi paxta yig‘im-terimi ishlari bilan tanishish uchun To‘rtko‘l rayoniga uchib ketdik. U yerda obkomning birinchi kotibi K.Kamolov, “Sredazirsovxozstroy” boshlig‘i N.Hamroyev va avtonom respublikaning boshqa rahbarlari kutib oldilar. Aeroportda ular bilan qisqa suhbatdan keyin mutasaddi kishilar bilan birga xo‘jaliklarni ko‘rish uchun chiqib ketdik.
28 oktyabr kuni Sharof Rashidovich charchaganligiga qaramasdan, To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniy rayonlarining paxta maydonlarini ko‘rib chiqdi. Har bir xo‘jalik raisi, brigada boshliqlari, mexanizator va boshqa mutaxassislar bilan suhbatlashib, maslahatlar va topshiriqlar berdi. Bundan tashqari, har bir rayonning oldindan belgilangan xo‘jaligida, rayon faollari bilan suhbatlashib, ularga paxta rejasini bajarishda ko‘rsatayotgan jonbozliklari uchun minnatdorchilik bildirib, respublika paxta xirmoniga iloji boricha ko‘proq paxta topshirishlarini tayinlardi.
Shu kuni Sharof ota Ellikqal’a tumanidagi kolxozlardan birida paxta terishga hasharga chiqqan oqsoqollar bilan suhbat qilib, ulardan xalqning kayfiyati, hol-ahvoli va kamchiliklari haqida so‘radi. Oqsoqollar qishloqlardagi vaziyat, xalqning turmush sharoiti va QQASSRning paxta topshirishda ikkinchi o‘rinda ketayotganidan xursand bo‘lib gapirdilar. Odatdagiday oqsoqollar 3-4 kishining yashash sharoitidagi kamchiliklar haqida gapirib berdi. Biz bu kamchiliklarni yozib oldik va Sharof Rashidovich mutasaddi rahbarlarga ko‘rsatma bergandan keyin, oqsoqollarga bu topshiriqlarning bajarilishini shaxsan o‘zi nazorat qilishga va’da berdi.
Odatda Sharof Rashidovich qaysi viloyatga bormasin, oqsoqollar bilan albatta, suhbatlashar, ularning maslahatlarini olar va boshqalar yashirishga harakat qilgan haqiqatni ulardan bilib olar edi. Tushgan shikoyat va arizalarning ijrosini shaxsan nazoratga olardi.
Shu kuni kechqurun 18:00da Urganchga samolyotda qaytdik.
29 oktyabr kuni Sharof Rashidovich Urganch va Xiva shaharlarining ba’zi ob’yektlarini hamda Xiva rayonining xo‘jaliklarini ko‘rib chiqdi. O‘sha kuni kechqurun Sharof Rashidovich meni chaqirib, «30 oktyabrda Urganchda viloyat partiya qo‘mitasining plenumi bo‘ladi. Biz Plenumni o‘tkazib, kechqurun Nukusga yetib boramiz. Siz, uka, vagonlarni Nukusdagi temir yo‘l tupigi (temiryo‘lning Sharof akaning vagoni turadigan boshi berk yo‘lagi)ga joylashtirib, kerakli ishlarni bajarib, bizlarni kutib olasiz», deb topshiriq berdilar.
30 oktyabr kuni ertalab Sharof Rashidovich Xorazm viloyati partiya komitetiga jo‘nab ketdilar. U kishiga yordamchilari G.Kraynov, viloyat partiya komitetining birinchi kotibi M.Xudoyberganov va bir oydan beri xos soqchi bo‘lib ishlayotgan A.Filatov hamrohlik qilib ketdilar.
Soat 11:00 da biz Sharof akaning maxsus vagonida Nukusga jo‘nab ketdik. Shu kuni soat 14:00 larda Nukusga yetib bordik va soat 16:00 larda vagonni maxsus tupikda joylashtirib, kerakli aloqa tizimlarni o‘rnatdik hamda xavfsizlik bilan bog‘liq hamma chora-tadbirlarni o‘tkazib, Sharof otani kuta boshladik.
Soat 17:20da Sharof Rashidovich Qoraqalpog‘iston viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Qalibek Kamolov hamrohligida Amudaryoning panton ko‘prigidan o‘tib Gurlan-Amudaryo-Nukus yo‘nalishi bilan «tupik»ka yetib keldilar. Amudaryo rayonining Krupskaya nomli kolxozida tushlik qilishdi. Charchaganlariga qaramay Gurlan va Amudaryo rayonlaridagi xo‘jaliklardagi ishlarni ko‘rib chiqdilar. Tupikka kelganlaridan keyin vagonda Qalibek Kamolov va uning ayoli Lyubov Semyonovna bilan bir soatcha suhbatlashib o‘tirishdi.
Hammalarining kayfiyatlari yomon emas edi. Q.Kamolov xotini bilan chiqib ketayotganida ertangi dastur va boradigan yo‘nalishlarni Sharof Rashidovich bilan kelishib oldi. Ular ketgandan keyin Sharof ota odatdagidek rafiqalari bilan sayr qildi. U kishining yordamchilari obkomdan kelib Sharof Rashidovich bilan suhbatlashdi...
Irismat ABDUXOLIQOV.
(Davomi bor)