Gdlyan – yaqin o‘tmishimizdagi dog‘ yoki Sharof Rashidov vafotidan so‘ng xalqimiz boshiga tushgan musibatlar haqida bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasini chorak asr sharaf bilan boshqargan Sharof Rashidov vafotidan so‘ng, alg‘ov-dalg‘ov zamonlar boshlandi. Negaki, ba’zi o‘z kursisini o‘ylagan, markazga yaxshi ko‘rinish istagida bo‘lgan rahbarlarning iltimosi bilan SSR Bosh prokuraturasi tomonidan O‘zbekistonga Gdlyan, Ivanovlar tergov guruhi safarbar etildi.

Xullas, chirigan SSR ittifoqini saqlab qolish maqsadida Sharof Rashidov vafotidan keyin mamlakat boshqaruvini Kremldan yuborilgan yangi “desantchi kadrlar” to‘liq qo‘lga oldi.

O‘zbekiston Markazqo‘mining 2-kotibi - Anishchev, uning safdoshlari -Osetrov, Romanovskiy, Litvinenko, Bosh prokuror – Buturlin, Bosh prokuror o‘rinbosarlari - O.Gaydanov, Laptev, Ichki ishlar vaziri Vyachslav Muxtorov (familiyasi o‘zbekcha bo‘lsa ham o‘taketgan millatchi edi, u bilan ish yuzasidan bir necha marta uchrashib, gaplashib bunga amin bo‘lganman) uning o‘rinbosari – E.Didorenko, Ichki ishlar vazirining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari – Teplov.

Qo‘yingchi, o‘sha yillari respublikadagi yuqori darajadagi va joylardagi muhim lavozimlarni 200 nafardan ortiq “desantchi” borib “ishg‘ol” qilgan edi.

Oliy rahbariyatdagi familiyasi o‘zbek bo‘lgan I.Usmonxo‘jayev, so‘ng Rafiq Nishonov kabi birinchi zotlarning hammasi qo‘g‘irchoq edi.

Jinoyatchimi yo "desantchi"?

... O‘sha paytda Narpay tumanlararo prokuraturasida ishlardim. Rayon partiya komitetiga ikkinchi sekretarlik lovozimiga S.Grachov ismli "desantchi" shaxs keldi. Millatchi, juda olifta bu odam kelganiga ikki oy bo‘lmasdan savdo tashkilotlari, ichki ishlar bo‘limi, sud va boshqa idoralar ishlariga aralasha boshladi. Tumanda o‘n yilga yaqin ishlaganligim sababli Grachovni qayerga borganligi, kim bilan nima haqda gaplashganligi yuzasidan ma’lumot kelib turardi.

Bir kuni kechqurun u meni xizmat xonasiga chaqirdi. Borsam spirtli ichimlik iste’mol qilgan, mast edi. O‘ta og‘ir jinoyat sodir qilib, qamoqqa olingan shaxslarni qamoqdan ozod qilishim, aks holda meni ertalab byuro chaqirib, partiyadan o‘chirish masalasini qo‘yishini aytdi. O‘sha vaqtlari birinchi sekretar yo‘q bo‘lgani uchun u bu vazifani ham bajarardi.

Men bunday qilish mumkin emasligini tushuntirdim, u tushunishni istamadi. Partiya topshirig‘i, deb turib oldi. Uni gapirishlari ko‘p yil qamoqda o‘tirgan shaxslarni eslatardi. Shu bois, uning shaxsiyati haqida menda shubha uyg‘otdi. Tashqariga chiqqach, to‘g‘ri ishxonaga borib, S.Grachov kelgan joy - Ryazan shahar prokurori S.Ivanchinkoga telefon qilib, uning shaxsini aniqlab berishni so‘radim.

Ta’kidlash kerakki, S.Ivanchinko bilan Xarkovdagi malaka oshirish institutida birga o‘qigan edik. Eski tanishligimiz qo‘l keldi, bir soatdan keyin qayta telefon qilishimni iltimos qildi. Qayta telefon qilganimda S.Grachov Ryazanda texnikumda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan davrida o‘quvchini zo‘rlab, nomusiga tekkanligi uchun sudlanganligini bildirdi. Jazoning asosiy qismini o‘tab, qiziga aliment to‘lashdan bosh tortganligi uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruvda ekanligini aytib qoldi.

Shu jinoyachi "desant" chi sifatida katta bir tumanni partiya komitetiga ikkinchi sekretar bo‘lib, ishga qo‘yilganligiga hayron qolasan. Ertasi kuni faks S.Ivanchinko ikkinchi sekretar – S.Grachovning barcha qilmishlari haqidagi hujjatlarni faks orqali yubordi. Hujjatlar nusxasini ko‘paytirib, xat bilan viloyat partiya komitetiga yetkazdim.

Yashab turgan uyida tintuv o‘tkazib, o‘zini ushlash haqida topshiriq berdim. Uni partiya bileti va pasporti soxta bo‘lib chiqdi. Tintuvda uyidan o‘q otar qurol - o‘qlari bilan to‘pponcha, ko‘p miqdorda oltin taqinchoqlar, pullar va boshqa narsalar olindi.

Surishtiruv davomida uch oyni ichida ancha ishlar qilganligi aniqlandi. Shu bois, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov o‘tkazildi. Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tugatilib, tegishlicha hujjatlashtirilib, respublika prokurori orqali Ryazanga - ochilgan jinoyat ishiga qo‘shishlik uchun yuborildi.

Katta “desantchi”ga qarshi

1983-1989 yillarda Gdlyan, Ivanovlar tergov guruhi mingdan ortiq aybsiz insonlarni qamoqqa olib, millatimizni haqorat qiluvchi soxta “o‘zbeklar ishi” yaratganliklari haqida ko‘pchilik xabardor.

Bilmaganlarga Tog‘aymurodning bu fojiali davr badiiy yuksak darajada tasvirlangan “Otamdan qolgan dalalar”, Toshtemir Qahramonovning “Iblis iskanjasida” romanlari, SSRI prokuraturasi tergovchisi - Gdlyan boshliq tergov guruhining O‘zbekistonda qonunsiz tergov harakatlari olib borish jarayonini tergov qilgan guruh rahbari Viktor Ilyuxinning (shu guruhda shtab boshlig‘i bo‘lganman) “Qabohat yoxud o‘zbeklar ishi degan uydirma xususida” hujjatli essesini o‘qishni tavsiya qilaman.

Negaki, ushbu asarlarda yaqin o‘timishimiz yaqqol tasvirlangan. Uni o‘qish, o‘rganish hamda xulosa chiqarish, bugungi avlod uchun suv va havodek zarur, deb o‘ylayman.

Aslida Gdlyan guruhining qonunsiz harakatlarini fosh qilish uchun kecha-yu kunduz tinimsiz mehnat qilib, ulardan jabr ko‘rgan shaxslarning oila a’zolari bilan suhbatlashish jarayonida gdlyanchilar xalqimizga yetkazgan sitam bir kitobga jo bo‘lmasligiga ishonch hosil qilganman.

Gdlyanchilarning qonunsiz harakatlarini aniqlash maqsadida olib borgan surishtiruvlarimda Gdlyanni o‘zi tomonidan yuritilgan maxsus (temir daftar) kitobni qo‘lga kiritganman. Qayd etish lozimki, unda kelajakda O‘zbekiston va Moskvadagi rahbarlarga qanday soxta tuhmatlar qilishligi haqidagi yozuvlar va sxemalar aks etgandi.

Viktor Ilyuxin boshliq tergov guruhimiz Gdlyanning o‘zi yozgan va boshqa hujjatlarni qo‘lga kiritib, ularni harakatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish va jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarlicha asoslar yig‘dik. Ularni tegishlicha hujjatlashtirib, gdlyanchilarning harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Gdlyan, Ivanov va guruhning boshqa a’zolari tergovdan chetlashtirildi.

Olib borilgan daslabki tergovda ayblari to‘lig‘icha fosh qilindi. Afsuski, SSR ittifoqi Bosh prokurori Gdlyan va uning hamtovoqlarini qamoqqa olish xaqida Oliy sovetga rozilik so‘rab yozgan bir necha taqdimnomalariga ruxsat berilmadi. Shu jumladan, Oliy sovet s’yezdida ko‘rilib, gdlyanchilarni qamoqqa olishga ruxsat berilmadi.

O‘sha davr talablariga asosan Bosh prokuror A.Ya.Suxarev ishdan olindi. Uning o‘rniga tayinlangan Trubin tomonidan jinoyat ishi o‘ta qonunsiz, sharmandalarcha chiqarilgan qaror asosida harakatdan tugatildi.

Aslida Trubin ham Gdlyanni jinoiy sherigi, ustozi bo‘lgan Karakazovning shogirdi. Bu ikkisi ham Karakazovni taqdimnomasi bilan SSR ittifoqi prokuraturasiga ishga olinganligi tekshirish jarayonida aniqlangan edi.

Trubin Bosh prokuror lavozimiga tayinlangach, barcha o‘rinbosarlarini bo‘lim va boshqarma boshliqlarini ham ishdan bo‘shatdi. Ammo ko‘p o‘tmay SSR ittifoqi tugatilib, o‘zi ham ishsiz qoldi...

O‘sha vaqtdagi SSR ittifoqi Oliy soveti rahbarlarining ham kechirib bo‘lmaydigan xatolari tufayli bosqin tugatilgan bo‘lsa-da, uni amalga oshirganlarni jinoiy javobgarlikka tortish amalga oshmay qolgan edi.

Ana shu qatog‘on davrda juda ko‘plab yozuvchi, jurnalistlar, hatto hofizlar va boshqa ilm-fan namoyondalari ham arzimagan sabablarga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortilish xavfi ostida qoldi. Chunki, asli o‘zi jinoyatchi bo‘lgan “desantchilar” ziyolilarga nisbatan ham yolg‘on ko‘rgazmalar va dalillar to‘plagan. Ularning ba’zilari bu g‘avg‘olarga chiday olmay, yurak xurujidan vafot etdi. Ba’zilari esa har xil kasallikka chalinib bo‘lgandi.

O‘zimning shaxsiy tashabbusim bilan vakolatimdan foydalanib, yuzdan ortiq shaxslarga nisbatan jinoiy ishlarni harakatdan tugatib, tegishlicha asoslantirilgan qarorlar qabul qilganman.

Ushbu holatlarni tasdiqlovchi tarixiy va voqeiy romanim yaqin kunlarda dunyo yuzini ko‘rsa ajabmas, uni mutoala qilasizlar, degan umiddaman...

Ismatillo YO‘LDOShEV.