Bosh kotib panjasiga panja urgan sher

Xalqimizning suyukli farzandi Sharof Rashidov teran tafakkurga ega faylasuf, iqtidorli adib, vazmin, ammo xalq manfaatlari borasida hech narsadan qo‘rqmaydigan mard, dono inson sifatida nom qoldirdi.

Bu inson 33 yil O‘zbekiston rahbariyati olimpida mustahkam mavqega ega bo‘ldi: 9 yil sho‘ro O‘zbekistoni Oliy Kengashini, 24 yil O‘zbekiston Kompartiyasini boshqardi.

Bu maqolani bejiz yozmayapman: Sh.Rashidov vafotidan keyin 37 yil o‘tgach, shu davrda yashagan, o‘sha zamon havosidan nafas olgan, ozmi-ko‘pmi mazkur tuzum mafkurasiga xizmat qilgan odam sifatida bugun atoqli davlat arbobi hayoti, shaxsiyati, taqdiri bilan bog‘liq ba’zi savollarga javob izlamoqchiman.

Katta avlod vakillari yaxshi biladi: Sh.Rashidov 1961 yildan KPSS Markaziy Qo‘mitasi Prezidiumi a’zoligiga, 1966 yildan umrining oxirigacha Markaziy Qo‘mita Siyosiy byurosi a’zoligiga nomzod bo‘ldi. U o‘z davrining Mao Sze Dun, Xo Shi Min, Kim Ir Sen, Pahlaviy, Sukarno, Javoharla’l Neru, Shastri, Fidel Kastro, U.Kekkonen, G.Makmillan, Fransua Mitteran, Indra Gandi S.Alende, I.Tito, L.Svoboda kabi ellikdan ortiq davlat hamda partiya rahbarlari bilan SSSR delegatsiyasi rahbari sifatida muzokaralar olib borgan edi. Bu mas’uliyat ayrim Siyosiy byuro a’zolariga ham nasib etmagan. U olgan ikkita “Oltin yulduz” va 10 ta «Lenin» ordenining har biri qaysidir sohadagi betakror xizmati uchun berilgan edi.

Sh.Rashidovning eng katta tarixiy xizmati “Karib inqirozi” paytidagi favqulodda jur’ati, dovyurakligi edi. Gap shundaki, u 1962 yilning 27 mayida Kubaga uchadi. 10 iyunda qaytib kelib,  N.Xrushchevga “Anadir” operatsiyasi haqida hisob beradi. 1962 yil 27 oktyabr (yangi tarixga “qora shanba” atamasi bilan kirgan) kuni sayyoramizning taqdiri qil ustida, sobiq ittifoqning katta qismi “yadro kallak”larining to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishonida qolgan edi. AQSh Qurolli Kuchlari tomonidan Turkiyaning Izmir shahri yaqinida o‘rnatilgan 15 ta “PGM–19 Yupiter” rusumli ballistik raketalari nafaqat ittifoq poytaxti Moskva, balki Qrim, Kavkaz, Kaspiy hududlari ustidan Turon zaminining bir qismiga qaratilgan edi. 

Sharof akaning N.Xrushchevga bildiorgan taklifi bilan tezkor ravishda “Karib inqirozi” bo‘yicha siyosiy muloqot tashkil etildi. Unga SSSRdan N.Xrushchev, A.Mikoyan, Sh.Rashidov, Kubadan F.Kastro, R.Kastro, Che Gevara, qarama-qarshi tomon - AQShdan J.Kennedi, R.Maknamara, M.Teylor qatnashadi va favqulodda holatga barham beriladi.

Shu o‘rinda biroz ortga qaytsak: “qora shanba”dan oldin N.Xrushchev Novo-Ogarevodagi qarorgohida KPSS Markaziy Qo‘mitasi Prezidiumi (siyosiy byurosi)ning bir necha majlisini chaqiradi. Bir majlisda L.Brejnev, F.Kozlov, Sh.Rashidov, B.Ponomarev kompartiya liderining nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatlaganida Markaziy  Qo‘mita bo‘lim mudiri Yuriy Andropov  “imperialist dushman”lar tarafini yoqlaydi. Bir umr vazmin, bosiq bo‘lib kelgan Sharof aka o‘sha daqiqada tutaqib ketadi va darg‘azab holda o‘rnidan turib Markaziy Qo‘mita bo‘lim mudirining tepasiga keladi. Bu xatti-harakati boshqalarni bilmadigu kompartiya “olimp”ida o‘z nufuzini mustahkamlab kelayotgan Mixail Suslovga yoqmaydi. Xo‘sh, Suslov kimu Andropov kim? Ikkovi ham atoqli partiya arbobi Otto Kuusinenning izdoshlari edi.

M.Suslov 1939–1944 yillarda VKP(b) Orjonikidze (hozirgi Stavropol) o‘lka qo‘mitasi birinchi kotibi edi. Yillar o‘tgach, uning nigohi Stavropolning Nagutskaya stanitsasida tug‘ilgan Yuriy Andropovga tushadi. 1954 yili aynan Suslovning tavsiyasi bilan Yu.Andropov SSSRning Vengriyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi bo‘lib tayinlanadi.

Shu o‘rinda bir voqea: sho‘ro elchisi venger isyonchilarini shafqatsiz bostirishga bosh qo‘shgani uchun ular Yu.Andropovning o‘g‘li Igorni garovga oladi. Shunda Geydar Aliyev boshliq maxsus guruh elchining o‘g‘lini muqarrar o‘limdan saqlab qoladi. Bunga javoban Yu.Andropov davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi bo‘lganidan 41 kun o‘tib, Geydar og‘aga Ozarbayjon davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi, o‘zi Bosh kotib bo‘lganidan 12 kun o‘tib esa SSSR Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimini tortiq qiladi. (Shundan kelib chiqsak, Sh.Rashidov hayotining so‘nggi kunlarida birodari unga Yu.Andropovning haqiqiy munosabatini bildirgani rostga o‘xshaydi).

1967 yilning 10 may kuni kompartiya “kardinali” o‘z shogirdini SSSR davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi qilib tayinlashga erishadi. O‘sha kun, o‘sha soat, o‘sha daqiqadan boshlab, Yu.Andropov besh yil avval Sh.Rashidovga nisbatan boshlagan ta’qibini davom ettiradi. U 1969 yili 25 oktyabrda Aleksey Beschastnovni, 1974 yilning 25 oktyabrida shogirdi Eduard Nordmanni, 1978 yilning 2 martida Levon Melkumovni O‘zbekistonga yuboradi. 1978 yil 2 martida Sh.Rashidov yoki uning atrofidagi oriyatli safdoshlari Nordmanni “qopqon”ga tushiradilar. 1983 yil 24 avgustda L.Melkumovni SSSR Gidrometereologiya qo‘mitasiga jo‘natadilar.

Lekin bu paytgacha Yu.Andropov asosiy “ustozlari”dan judo bo‘lgan ya’ni hukumat raisi A.N.Kosigin 1980 yilning 18 dekabrida olamdan o‘tgan, 1982 yilning 25 yanvarida M.Suslov, o‘sha yil 10 noyabrida L.I.Brejnev vafot etgan edi. Xullas, ustozi M.Suslov bilan birga Yu.Andropov Qozog‘iston lideri Dinmuhammad Qunayev Siyosiy byuro a’zosi bo‘lganidan so‘ng o‘tgan 12 yil davomida ham Sh.Rashidovni bu maqomga yo‘latishmaydi. Ukrainaning ko‘p yillik rahbari P.Shelestning ta’kidlashicha, o‘tgan asrning oltmishinchi yillari nihoyasida bu gap tor doirada muhokama qilinganida M.Suslov va Yu.Andropov qarshi chiqadi.

Yu.Andropov sho‘ro taxtiga chiqqach, Sh.Rashidovdan o‘ch olishga kirishadi. U o‘z kekini qo‘rg‘oshin bilan qorgan edi. “O‘zbek ishi” yoinki “Paxta ishi” deb nomlangan bo‘htondan iborat jazo jarayonida 800 jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 4 ming begunoh odam qamoqqa olindi. Bu sud orqali jazo olganlar, xolos. Aslida “O‘zbek ishi”  bir necha o‘n ming yurtdoshimizning achchiq qismatini qamrab olgani haqida atoqli yurist A.Polvonzodaning chiqishlarida batafsil yoritildi. Biz o‘sha tafsilotlarni takrorlash fikridan yiroqmiz. Qolaversa, u to‘la ma’noda “Paxta ishi” emas. Chunki dastlab bu jinoyat ishi Buxoro viloyat OBXSS boshlig‘i A.Muzaffarov va savdo xodimi Sh.Qudratovga nisbatan ochilgan edi. Ho‘kizning shoxiga urilganida tuyog‘i zirqiraydi, deganlaridek ayb A.Muzaffarov yo Sh.Qudratovda emas edi. Bu hujjatlar 1983 yilning yanvarida Yu.Andropov Sharof akani o‘z kabinetiga chaqirib, iste’fo talab qilganida qo‘l kelgan edi. Sh.Rashidov sukut saqlaganidan keyin Bosh kotib huzuriga general G.Karakozovni chaqirib, “murvatni qattiq burash”ni topshiradi. Natijada elning asl azamatlari A.Muzaffarov va V.Usmonov otib tashlanadi. K.Ergashev, G.Davidov, R.G‘oyibov o‘z joniga qasd qiladi. O‘zbekiston rahbarlari, viloyatlar, tumanlar rahbarlaridan katta qismi bilan birgalikda IIVning 6 generali hibsga olinadi.

1983 yilning 31 oktyabrida Sh.Rashidovning yuragi urishdan to‘xtadi. 1983 yilning 28 dekabrida bir umr uni yoqtirmagan Yu.Andropov Sh.Rashidov xotirasini abadiylashtirish haqidagi qarorni imzolaydi-yu, hujjatni matbuotga berdirmaydi, unga hukumat rahbari N.Tixonovning imzosini qo‘shdiradi. Hujjatni K.Chernenkoga berayotib, Yuriy Andropov nelarnidir pichirlaganini yordamchisi G.Shaxnazarov ko‘rgan. Mayli, gumon iymonli odamning ishi emas. Ammo 1984 yilning 23 iyuni biz, o‘zbekistonliklar uchun “qora kun” bo‘lganini katta avlod, shu jumladan, bizning avlod yaxshi biladi. Aynan shu kuni O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi XVI plenumi bo‘lib, birinchi kotib I.Usmonxo‘jayev butun dunyoga O‘zbekistonda “qo‘shib yozish, ashaddiy talon-toroj” avj olganini jar solib, yuzlab, minglab hamyurtlarimiz “hibsga olindi, ularning katta miqdordagi puli, qimmatbaho buyumlari musodara qilindi” dedi (“Sovet O‘zbekistoni”, 1984 yil 26 iyun, 145-son).

I.Usmonxo‘jayev va KPSS Markaziy Qo‘mitasi kotibi Ye.Ligachevning shafqatsizlarcha xulosalariga ko‘ra, Sh.Rashidov siymosiga qora chaplash kompaniyasi boshlanadi. Yu.Andropov ishongan shogirdlaridan biri M.Gorbachevni Markaziy Qo‘mitaga ishga olgan edi. U Bosh kotib bo‘lganidan so‘ng, aniqrog‘i, 1986 yilning 22 mayida Sh.Rashidov xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risidagi qarorni subutsizlarcha bekor qildi. Ammo Sharof akaning qabriga dastini cho‘zgan qizil saltanat tez orada tanazzulga yo‘l tutdi.

Atoqli faylasuf Gegel tarix xalqlarga saboq berishga ojizlik qilishiga shama qilgan edi. Ammo yangi O‘zbekiston olis va yaqin o‘tmishdan tegishli xulosalar chiqarishga qodir. Biz bugun ro‘yi zamin sayqali Samarqandning tabarruk tuprog‘ida voyaga yetgan, uzoq yillar O‘zbekiston ravnaqi uchun jon kuydirgan, kezi kelganda Yuriy Andropovdek qasoskor hukmdorning temir panjasiga panja urgan, to so‘nggi soniyasigacha unga bosh egmagan, tiz cho‘kmagan sher – Sharof Rashidovni esladik. Uning faoliyatiga oid keng jamoatchilikka unchalik ma’lum bo‘lmagan tafsilotlardan ayrimlarini keltirdik.

Kishini yana bir savol o‘yga toldiradi: mabodo Sharof aka har tomonlama qudratli, o‘zi ko‘zlagan eng yuqori lavozimga da’vogarlardan D.Polyanskiy, K.Mazurov, F.Kulakov, P.Masherov, V.Grishin, G.Romanov, V.Sherbitskiylarni ustalik bilan “zinapoya”dan chetlatgan Yu.Andropov bilan tortishib qolmaganida nima bo‘lardi? To‘g‘ri, siyosiy maqomi biroz yuqori darajada bo‘lishi mumkin edi. Ammo baribir u yana Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi birligi uchun kurashgan, Toshkentda adiblarning, kinematograflarning anjumanlarini o‘tkazgan, metro qurilishini ro‘yobga chiqargan, iqtisodiyotni rivojlantirgan, xalq hayotini yanada yaxshilagan bo‘lar edi. Sharof Rashidov ana shunday ulkan salohiyatga ega arbob edi. Xalq qalbida aynan ana shu betakror siymo bo‘lib qoladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017 yilda Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi. Shu o‘rinda bir taklifim bor: Sharof Rashidov hayotining eng navqiron, eng qaynoq damlari ko‘hna va go‘zal Samarqandda o‘tgan, uning yoniq qalbli inson, samimiy va sehrli so‘z zargari, matbuot fidoyisi, yetuk partiya xodimi, davlat arbobi sifatida aynan shu shaharda shakllanganini unutmaslik kerak. Shunga ko‘ra Samarqand shahri markazidagi so‘lim, sersoya, go‘zal xiyobonlardan biriga Sharof Rashidov nomi berilsa, bu buyuk siymo xotirasiga nisbatan tarixiy adolat tiklangan bo‘lardi.

Yangiboy Qo‘chqorov,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.