Sharof Rashidov Toshkent metropoliteni qurilishida quruvchilar qatorida ishlagandi
Bugun atoqli davlat arbobi, taniqli adib Sharof Rashidov tavallud topgan kun. Sh.Rashidov 1917 yil 6 noyabrda Jizzaxda tug‘ildi, chorak asr davomida O‘zbekistonning otasi sifatida yurtni boshqarib, xalq uchun ezgu ishlarni amalga oshirdi.
Shunday kunda Sharof Rashidov bilan uchrashgan kunlarimdagi ayrim voqealarni esladim. 1956 yil aprel oyi edi. Maktabning 9-sinfida o‘qirdim. Darsdan keyin biz, yuqori sinf o‘quvchilari ota-onamizga dala ishlarida yordam berardik. Brigadamizning shinamgina dala shiyponida to‘planayotgan edik, bir mahal qo‘shni Qo‘riqovul qishlog‘i tomondan «Pobeda» rusumli yengil avtomashina dala shiyponi oldiga kelib to‘xtadi. Mashinadan uch kishi tushdi. Ulardan biri, biz gazetalarda suratini ko‘rib yurganimiz – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovet Prezidiumining raisi Sharof Rashidov edi.
Hamroh bo‘lib kelganlar esa viloyat va rayonning rahbarlari ekan. Bu kutilmagan uchrashuv hamon kechagidek yodimda: u kishining har bir so‘zi, iborasi odamni ohanrabodek o‘ziga tortardi. Sharof Rashidov shiypondagi odamlar bilan siyosiy jarayonlar xususida suhbatlashdi, odamlarning fikri bilan qiziqdi. Keyin bizga yuzlanib, «O‘zbekiston bu yil davlatga qancha paxta beradi?» deb so‘radi. Men javob berdim. Shunda u kishi «Barakalla, ana, yoshlar bilan gaplashsak bo‘lar ekan-ku», deb yelkamga qoqib qo‘ydi.
Ulug‘ inson bilan bo‘lgan bu ilk uchrashuv kelajak hayot yo‘limni belgilab berganini o‘sha paytda kim bilibdi, deysiz?
Oradan yillar o‘tib, taqdir meni yana bu inson bilan uchrashtirdi. Toshkent qishloq xo‘jalik instituti (hozirgi Toshkent davlat agrar universiteti)ni bitirib, xo‘jalikda bosh iqtisodchi, viloyat partiya qo‘mitasida mas’ul vazifalarda ishladim. Samarqand viloyati ijroiya qo‘mitasining rejalashtirish komissiyasi raisi lavozimida ishlab yurgan kezlarim edi. O‘zkompartiya Markazqo‘miga chaqirib qolishdi. Poytaxtga yetib bordim. Markazqo‘mning mas’ul xodimlari bilan qisqagina suhbatdan so‘ng Sharof Rashidov qabuliga olib kirishdi. Xonada u kishidan tashqari Markazqo‘mning yana bir necha kotiblari ham bor edi.
Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, muammolari haqida so‘radi. Shuningdek, bizning To‘polos qishlog‘iga qo‘shni Oqqo‘rg‘on qishlog‘ida Ikkinchi jahon urushida birga xizmat qilgan quroldosh do‘sti Abdumajid Alimov to‘g‘risida o‘tirganlarga so‘zlab berdi.
Suhbat davomida bu insonning samimiy chehrasi, muloyim so‘zlaridan keyin rasmiyatchilikka o‘rin qolmadi. Meni xuddi yaqin do‘stidek ko‘rib, samimiy munosabatda bo‘ldi. Muloqot davomida xalq orasida u kishi haqida aytilgan so‘zlar ayni haqiqat ekaniga amin bo‘ldim. Sharof Rashidov menga ko‘p savol bermadi va o‘tirganlarning ham ortiqcha savol berishiga o‘rin qoldirmadi. «Sizni Markazqo‘m apparatiga ishga olamiz», deb suhbatga yakun yasadi.
1975 yil 10 oktyabrdan boshlab Markazqo‘m qishloq xo‘jaligi bo‘limida sektor mudiri bo‘lib ishlay boshladim. Bu dargohda ishlagan yillarim hayotimning eng mas’uliyatli va zavqli damlari sifatida, u kishining apparat yig‘ilishlaridagi so‘zlarini eshitish esa shirin xotira bo‘lib qolgan.
Sharof Rashidov bilan 1977 yil 21 fevralida yana suhbatlashish nasib etdi.
Meni Samarqand viloyati partiya qo‘mitasining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha kotibligiga tavsiya etishdi. Moskvaga suhbatga borishim lozim edi. Jo‘nashimdan oldin Sharof Rashidov huzuriga chaqirishdi. Suhbat qishloq xo‘jaligi, xususan, paxtachilik salohiyati haqida bordi. O‘z tajribamdan kelib chiqib bilganimcha javob berdim… Keyin menga oq yo‘l tiladi u kishi. Bu ulug‘ zot duosi bilan qariyb 12 yil obkom kotibi va yana ko‘p yillar boshqa mas’uliyatli lavozimlarda ishlab, ishonchni oqlashga harakat qildim.
Sharof Rashidovdek buyuk insonning otalarcha mehri, g‘amxo‘rligini his etib, ishlash nasib etganidan o‘zimni baxtiyor deb bilaman. U kishi chin ma’noda haqiqiy mehnatkash inson edi. Joniga azob berib bo‘lsa ham o‘z vazifasini ado etishga odatlangandi. Siyosiy byuro yig‘ilishlariga tayyorlangan hujjatlarni o‘qib, unga taqrizlar yozib beraverganidan barmoqlari qavarib ketganligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Viloyatlarga chiqqanida hashamatli dala hovli-yu (dacha), restoranlardan foydalanmay turmush o‘rtog‘i Xursand aya bilan vagonda yashar edi. Sirdaryo, Jizzax, Navoiy viloyatlari juda ko‘plab tumanlar, xo‘jaliklar tashkil etilishi, Mirzacho‘lning o‘zlashtirilib bo‘stonga aylantirilishi, Toshkentda metropoliten qurilishi, elektrlashtirish, gazlashtirish, zavod-fabrikalar, yo‘llar qurilishi, 1966 yil Toshkent shahrining zilziladan keyingi qayta qurilishlari bevosita Sharof Rashidov nomi bilan bog‘liq.
Sharof Rashidov chin ma’noda o‘z xalqining jonkuyar rahbari, Vatanning fidoyi farzandi edi. U kishi respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qildi, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shdi.
Ammo totalitar tuzum uning barcha ezgu ishlari, xayrli sa’y-harakatlari, yurt va xalq farovonligi yo‘lidagi xizmatlarini qoraladi, o‘zini esa yomonotliq qilishga urindi.
Haqiqat egilar, bukilar, lekin sinmas ekan. Mustaqillik bois, bu insonning nomi oqlandi, ezgu ishlari munosib bahosini oldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yildagi qarori bilan Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash bo‘yicha joylarda keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirildi.
Har safar Toshkentga borganimda Toshkent metropolitenining qurilishiga barcha ishchilar bilan birga hasharda ishlayotgan Sharof Rashidov ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Ha, u kishining ezgu ishlari, ezgu tashabbuslari, ezgu bitiklari xotiramizda mangu yashaydi.
Abdushukur Muhammadqulov,
I darajali mehnat faxriysi.