Sharof Rashidovning qadrdoni

Joniqul Yusupovning nomi, amalga oshirgan xayrli, ezgu amallari bugun ham davralarda tez-tez eslanadi.

 Bobom Joniqul Yusupov o‘z davrining usta paxtakori, dongdor rais, taniqli inson bo‘lgan. Qishloq xo‘jaligi rivojiga qo‘shgan hissasi, fidoyiligi uchun Mehnat Qahramoni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor unvonlari berilgan.

Ishim yuzasidan yoki to‘y-ma’rakalar sababli ko‘p davralarda bo‘laman. Shunda odamlarning bobomning ibratli hayoti, ish faoliyati davomida qilgan yaxshiliklari, xayrli ishlarini aytib, hurmat va ehtirom bilan xotirlaganlariga guvoh bo‘lib, ko‘nglim tog‘dek o‘sadi. Shunday insonning nabirasi bo‘lganimdan faxrlanaman.

Ertaga bobom tavallud topgan kun. Shu bahona Joniqul otani bilgan, eshitgan va albatta ko‘rgan, suhbatlashgan kishilar xotiralarini uyg‘otish uchun bobom faoliyati bilan bog‘liq muxtasar maqola yozish uchun qo‘limga qog‘oz-qalam oldim.

Joniqul Yusupov 1918 yil 2 mayda Past Darg‘om tumanining Zormon qishlog‘ida tug‘ildi. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, akasi Primqul Yusupov ikkalasi bir vaqtda tengqurlari qatori ko‘ngilli bo‘lib frontga otlangan. Urushda Primqul akasi bedarak ketgan, o‘zi esa urushdan qaytgach, tumandagi «Qizil mehnat» nomli jamoa xo‘jaligida oddiy ishchi bo‘lib ishlagan. 1947 yilda xo‘jalik a’zolari unga yuksak ishonch bildirib, xo‘jalikka rais etib saylashadi. J.Yusupov harakati, mehnati va omilkorligi bilan mayda-mayda yer maydonlari kengaytiriladi. Yangi qo‘riqlar ochiladi. Natijada paxta hosildorligi ortib, odamlarning turmush sharoiti yaxshilana boshlaydi.

 1960 yillarda Past Darg‘om tumanidagi past rentabelli mayda xo‘jaliklar birlashtirilib, yirik Karl Marks nomli xo‘jalik tashkil etiladi va unga Joniqul Yusupovni rais etib saylashadi. Xo‘jalik ekin maydoni 2 ming gektardan oshadi. Yirik chorvachilik va parrandachilik fermalari vujudga keladi, qudratli hamda ko‘p sonli texnika parki yaratiladi.

 Xo‘jalikda 1960-1970 yillarda paxta yetishtirish 13 ming tonnagacha yetgan, respublikamizda 70 sentnerchilik tashabbusini ham J.Yusupov boshlab bergan.

Muhimi, “rais bobo” nafaqat Past Darg‘om yoki Samarqandning, balki butun mamlakatning faxri, g‘ururi edi. Shu bois Moskvadan Gdlyan va Ivanov boshliq «desantchi»lar to‘dasi «paxta ishi» bahonasida respublikamizga bostirib kelib, begunoh odamlar sha’niga tuhmat toshlari yog‘dirib, “qama-qama” boshlanganida, bobom garchi Moskvada davolanayotgan bo‘lsa-da, tumandoshlaridan biror kishi nohaq, asossiz ayblanishiga yo‘l qo‘ymagan.

Sharof Rashidov Joniqul Yusupov bilan juda qadrdon bo‘lgan. Samarqandga keldi deguncha, bobomdan hol-ahvol so‘rab, dehqonchilikni rivojlantirish bo‘yicha maslahat berib ketarkan. “Samarqand – Kattaqo‘rg‘on” yo‘lining xo‘jalik chegarasida suv chiqmaydigan qaqroq dasht yerda bog‘ barpo etishni maslahat bergani ham gapimning tasdig‘i. Ko‘p o‘tmay u yerda 30 gektarlik bog‘ barpo etiladi, suv chiqarilib, shinam dam olish oromgohi quriladi.

Quvonganim shuki, bugungi kunda ham Joniqul Yusupovning nomi, amalga oshirgan xayrli, ezgu amallari davralarda tez-tez eslanadi. Masalan, yaqinda bir ma’rakada yoshi ulug‘ otaxonlardan biri gap boshladi:

- Joniqul aka u yog‘i Moskva, bu yog‘i respublika rahbariyati bilan gaplashadigan juda katta salohiyatga ega rais bo‘lsa-da, odamlar bilan samimiy, har qanday ishni o‘zi bosh bo‘lib bajarib ketaverardi. 1970 yillarning boshi edi adashmasam. U kishi rais bo‘lgan Karl Marks nomli xo‘jalikni yanada kengaytirish uchun dasht hududdagi yerlar o‘zlashtirilgan bo‘lib, bu maydonlarga ekilgan g‘o‘za nihollari begona o‘t bilan qoplandi. Joniqul aka darhol qishloq odamlari va ishchilarni o‘sha joyga jalb qildi. Ammo yo‘l uzoq, xo‘jalikda bittagina “bortovoy” mashina bor, traktorlar boshqa ishlardan ortmaydi. Shunda xo‘jalik rahbari Joniqul aka mashinasini chopiqchilarni dalaga olib borishga berib, o‘zi piyoda xo‘jalik idorasidan 5-6 kilometr olisda bo‘lgan fermaga jo‘nadi…

Davraning to‘rida o‘tirgan ikkinchi otaxon suhbatni davom ettirdi:

- Samarqand oblast partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Vladimir Qodirov haqida eshitgansizlar. U kishi haqgo‘y va talabchan rahbar edi. Obkom bo‘lib ish boshlagan dastlabki paytlarda yonidagilar Joniqul Yusupov haqida turli bo‘hton gaplarni aytibdi. Qodirov tushga yaqin xo‘jalikka borishni rejalashtirib, bu haqda na viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, na tuman partiya qo‘mitasiga xabar qilgan. Maqsadi - Joniqul Yusupov va ayrim brigada boshliqlarining nima ish bilan mashg‘ul ekanliklarini hech kimga bildirmay bilib olish va shunga qarab xulosa qilish bo‘lgan.

Idoraga kelsa, rais yo‘q. «Biror joyda dam olib yotgandir!». Shu fikrda jahl bilan xo‘jalik dalasiga yo‘l olibdi. Uzoqdan «Vilis UAZ»ni ko‘rib, haydovchiga o‘sha tomonga haydashni buyuribdi. Borsa, Joniqul aka suvchi bilan birga yengini shimarib, katta ariqqa band tashlayotgan, haydovchisi esa ariq suvini to‘sish uchun oldinroqqa «Vilis»ning zaxira ballonini tashlab turgan ekan. Vladimir Qodirov raisning bunday ish qilishini kutmaganligini sezdirmasdan u kishiga:

- Yana suvchilarni chaqirsangiz bo‘lmaydimi? - debdi.

- Boshqa suvchilarni o‘z ishi bor-da, Vladimir Nikolayevich. Qolaversa, ular kelguncha bir ariq suv boshqa paykallardagi jo‘yaklarni ham yuvib ketadi, - deb javob beribdi.

So‘ngra viloyat rahbari raisga «Boyto‘ra Ko‘makov degan qahramon brigada boshlig‘ingiz bor ekan. Yuring-chi, shu brigadadagi ishlar bilan ham tanishaylik», debdi. Joniqul aka u kishini o‘sha brigadaga boshlabdi. Borishsa, ayni kun qizigan paytda ikki kishi telejkadan qoplangan azot mineral o‘g‘itini tushirayotgan ekan. «Nega bu bechoralarni tushlik paytida, shunday issiqda ishlatyapsizlar? Brigada boshlig‘ining o‘zi qani?», debdi V.Qodirov jig‘ibiyron bo‘lib. Joniqul aka «Boyto‘ra, ishingni qo‘yib, bu yoqqa kel. Viloyat rahbari sen bilan tanishmoqchi», deya uni yoniga chorlabdi. U kelgach, V.Qodirov ishlayotgan haligi kishilardan biri ilg‘or brigada boshlig‘i Boyto‘ra Ko‘makov ekanligini bilgach, brigada yetakchisining o‘zi dori tushirayotganiga hayron qolib «Yoningizdagi kim?» deya so‘rabdi, xolos. Boyto‘ra aka «Tabelchim, tush payti ishchilar dam olishi kerak. Shuning uchun tabelchim bilan shuni tushirib qo‘yaqolaylik, deya harakat qilib yotgandik», debdi.

Viloyat rahbari Joniqul akani chetga tortib, «Ha, qahramonlikka munosib odam ekan, sizga ham, brigadiringizga ham sovg‘am bor», debdi. Shundan uch kun o‘tmay V.Qodirov Boyto‘ra akaga yengil avtomobil, Joniqul akaning iltimosi bilan xo‘jaligiga yangi kultivator sovg‘a qilgan ekan.

Joniqul Yusupov katta bir avlod paxta ustalarini tarbiyaladi. Ulardan Boyto‘ra Ko‘makov, Hamro Ergashev, Meli Qo‘chqorov, Qurbon Orziqulovlar Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi. Rasul Farmonov, Mardi Yo‘ldoshev, Bekmurod Xolmurodov, Hayit Salimov, Xoliqul Pardayev, Ko‘char Xudoyqulov, Jabbor Xushmurodov kabi paxtakorlar el nazariga tushdi. Narziqul Eshonqulov, Muxtor Sattorov, Mansur Abduraimov, Tifli Bobonorov, Sobir Abduraimov, Ne’mat Nortoyev, Normurod Omonov, Rahmatullo Shodiyev, Abduvali Mustanov va boshqa ko‘plab kadrlari yetuk rahbarlar bo‘lib yetishdi.

Uzoq yillar Joniqul Yusupov bosh bo‘lgan xo‘jalik hamda 85-maktab u kishining nomi bilan atab kelindi. Maktab hovlisi va hozirda kasb-hunar kolleji bo‘lgan sobiq xo‘jalik idorasida byusti o‘rnatilgan. Xo‘jalik markazida «Joniqul Yusupov muzey» tashkil etilgan.

Bobom Joniqul Yusupov ibratli hayotini, umrini ezgulikka, xayrli ishlarga baxshida etgan inson edi. Shuning uchun u kishining yodi, ezgu ishlari el tilidan, dilidan tushmaydi.

Abdumalik Yusupov.