Sharof Rashidovning tansoqchisi hikoyasi: Vagonda o‘tgan so‘nggi kunlar. (Davomi)
Sharof Rashidovning 1979-1983 yillarda tansoqchisi bo‘lib xizmat qilgan komissar Sa’dulla Muhammadqulov bilan suhbatimiz hayajonli davom etdi.
«Biz buni albatta, tekshirib ko‘ramiz»...
...Bilmadim, birovga aytganmi-yo‘qmi bu gapni? Har gal Sharof aka bilan paxta dalasida bo‘lib o‘tgan suhbatimizni eslaganimda u kishining o‘limidan ikki yarim kun avval o‘sha Xorazm viloyatidagi Shovot tumani paxta dalasida menga nimadir demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagani-yu, biroq negadir jim qolib, so‘ng: «Shundoq kelishdik-a, mulla Irismat?», deya xayoli parishon holda gapirgan holatini eslayman.
Sharof akaning nima demoqchi ekanligini hozir ham bilmayman, lekin shu kunlari ro‘y bergan ayrim voqealardan xabar topdim.
1983 yil 29 oktyabr (o‘limidan ikki kun avval) Sharof aka Andropovga telefon qilib:
- Yuriy Vladimirovich, Xorazm viloyati paxtakorlari yillik rejani bajardilar, – deb ko‘tarinki ruhda raport berganida Andropov qutlov o‘rniga:
– Biz buni albatta, tekshirib ko‘ramiz, – deb dag‘dag‘a qiladi va telefon trubkasida Sharof akaning qulog‘iga qandaydir zaharxanda kulgi eshitiladi.
Shundan so‘ng endi Andropov Rashidovga telefon qiladi:
– Sharaf, 3 million tonna paxta bo‘ladimi, – deb so‘raydi.
– Bo‘ladi, Yuriy Vladimirovich, – deb javob beradi Sharof aka.
Shundan keyin Sharof aka uch kun paxta dalalarini aylanadi. Toshkentga qaytganda, telefon go‘shagida yana Yuriy Vladimirovichning ovozini eshitadi:
– Xo‘sh, Sharaf, paxta bo‘ladimi, yana o‘zing qara, chorasini ko‘r. Agar uddasidan chiqmasang, bilib qo‘y, menga javob berasan, – deydi o‘dag‘aylab.
Sa’dulla Mamatqulov gapida davom etdi:
– Yo‘lakda 2 marta oxirigacha borib kelgandan keyin uchinchi marta 15 metrlar yurib Sharof Rashidovich birdan to‘xtab Xursand G‘ofurovnaga boshlari qattiq og‘riy boshlaganini aytdilar. Xursand aya mendan darrov 2 ta stul olib chiqishni so‘radilar. Vagonlar yonida 3-4 minut o‘tirgandan keyin, ranglari oqarib, peshanalari terlay boshladi. Shunda men tezda vrachni ikkinchi vagondan chaqirdim va hammamiz Sharof Rashidovichni qo‘ltig‘idan suyab vagonga olib kirdik.
Yotoqxonalari kichik bo‘lgani sababli Xursand G‘ofurovnaning maslahatlari bilan salondagi divanga yotqizdik. Shu zahoti vrach B.Naumov qon bosimlarini o‘lchadi, men esa kardiografni tayyorlab qo‘ydim. Sharof Rashidovichning qon bosimlari 115 ga 80, kardiogrammalaridagi o‘zgarishlar esa infarkt bo‘lganlaridan dalolat berar edi.
Vrach darrov zarur bo‘lgan dorilarni berib, bir nechta ukol qildi. Sharof Rashidovich bosh og‘riqlari kuchayayotganligi va yuraklari ham og‘riyotganini aytdilar. Shundan so‘ng vrach yana kerakli ukollarni qildi. Men Xursand G‘ofurovna va vrach bilan maslahatlashib, Toshkentdan Markazkomning ishlar boshqaruvchisi Tursun Umarovga telefon qildim.
Aniqki, telefon orqali ochiqchasiga Respublikaning birinchi rahbari haqida, uning og‘irlashayotgan sog‘lig‘i haqida ochiq telefon orqali bor gapni aytib bo‘lmas edi. Shunda men Tursun Umarovichga:
– Tursun Umarovich, men o‘zimni yomon sezyapman. Tobim qochdi shekilli. Ahvolim yaxshi emas, iltimos, Anvar Sattorovichni (O‘zbekiston SSR Sog‘liqni saqlash vazirligi 4-bosh boshqarmasi boshlig‘i), professor R.Katsenovich (Respublika Kardiologiya markazining direktori), kardiolog Karim aka Yo‘ldoshevni (professor, respublikada yetakchi kardiologlardan biri), reanimatsiya bo‘yicha hamshiramizni zudlik bilan Nukusga uchirib yuborsangiz.
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining tajribali ish boshqaruvchisi Tursun Umarovich:
– Men sizni tushundim, Sa’dullaxon, zudlik bilan jo‘nataman, kutinglar, - dedi vaziyatni tezda anglab olib. U bunday hollarda telefon orqali gaplashish qonun-qoidalariga qat’iy rioya qilardi.
Toshkentdan shifokorlar yetib bordi
Ikki-ikki yarim soatga qolar-qolmas Toshkentdan shifokorlar yetib kelishdi. Qilingan muolaja, ukollar va berilgan dorilardan keyin Sharof Rashidovichning ahvoli ancha yaxshilandi. Toshkentdan tibbiy guruh kelguniga qadar vrach uch marta Sharof Rashidovichning qon bosimini o‘lchab, yuragini kardiogramma qildi. Qon bosimi borgan sari pasayib, kardiogrammada har gal yangi o‘zgarishlar paydo bo‘layotgan edi.
Yarim soatdan keyin Sharof Rashidovich yana bezovta bo‘la boshladi. Toshkentdan kelgan vrachlar zarur bo‘lgan tekshirishlarni yana bir marta o‘tkazdi va vrachning birinchi qo‘ygan tashxisini tasdiqlashdi.
Soat 19:40da Sharof Rashidovichning bosh og‘rig‘i yana kuchaya boshlaganda kerakli ukollar takroran qilindi. Shundan keyin Sharof Rashidovich uxladi. Ota ikkinchi marta infarkt bo‘lgan edi. Vrachlar maslahatlashgandan keyin Sharof Rashidovichga yana bir necha ukollar qilindi.
1983 yilning 31 oktyabr, kechasi soat 1:00larga borib Sharof Rashidovich ancha tinchlandilar. Lekin chap qo‘llari og‘riyotgani va sovqotayotganini aytdilar.
Xursand G‘ofurovna va men Sharof Rashidovichning qo‘lini navbat bilan silab, isitib turdik. Soat 1:30da Sharof Rashidovich menga vrachlarni vagonga joylashtirib, ovqatlantirishni iltimos qildi. Men u kishining topshiriqlarini bajarib, axborot berdim.
Sharof Rashidovich tirsaklari og‘riyotganini aytganda vrachlar yana bir necha ukol qilishdi. U kishining yonlarida Xursand aya, vrach va men qoldik. Sharof Rashidovich uxlagan bo‘lsa ham notinchligi ko‘rinib turardi.
Yuraklarni yorib yuboradigan chinqiriq
Soat 2:00 larga yaqin Sharof Rashidovich chap qo‘li bilan yuragini silab qo‘ydi. Bir necha minutdan keyin u kishi juda bezovta bo‘ldi. Men darrov Toshkentdan kelgan vrachlarni chaqirdim.
Ular Sharof Rashidovichga kislorod yetishmayotganini aytishdi. Men vrach bilan maslahatlashib, kechqurun «tez yordam» mashinasida kerak bo‘ladigan barcha jihozlar va dori-darmonlarni vagon oldiga olib kelib tayyorlab qo‘ygan edim.
Sharof Rashidovich kislorod shlangini avval o‘zlari ushlab yotdilar. Keyin men iltimos qilib, u kishining qo‘lidan kislorod shlangini olib kislorod berib turdim. Vaqti-vaqti bilan Sharof Rashidovich so‘raganda choy berib turdik. U kishi ikki marta oz-ozdan qayd qildi. Tashqaridan qaraganda sezdirmasak ham, Xursandoy aya va men qattiq xavotir ola boshladik.
Soat uch yarimlarda Sharof Rashidovich qattiq yo‘tala boshladi va nafas olishlarida xirillash paydo bo‘ldi. Soat to‘rtlarga qadar kislorod Sharof Rashidovichning nafas olishiga yordam berib turdi. Lekin soat 4 dan keyin kislorod miqdorini ko‘paytirganda ham u kishiga havo yetmayotgani sezilar edi.
Soat 4:12 da Sharof Rashidovich suv so‘radi. Men darrov u kishiga iliq choy berdim. Bir qultum choy ichib «rahmat» dedilar. Men yana ozroq ichishini so‘radim, Sharof aka choydan ozroq ichib «rahmat, uka», deb minnatdorchilik bildirdi.
Shundan keyin Sharof Rashidovich Xursand G‘ofurovna bilan 5-7 minut kasalligi to‘g‘risida o‘zaro gaplashishdi. Vagondagilarning barchasi hamma narsani tushunib turar, lekin hech kim hech narsa qila olmas edi. Men Sharof aka bilan Xursandoy aya gaplaridan o‘zimni sal chetroqqa olib turdim.
Ko‘p o‘tmay Sharof aka biroz bezovtalanib, keyin jim bo‘lib qoldi. U kishi hushidan ketgan edi.
Vrachlar shoshilinch ravishda kerakli dori-darmonlar qilishdi. Doktor B.Naumov Sharof Rashidovichning yuragini massaj qilib, sun’iy nafas oldirishga harakat qildi. Soat 4:30 larda defibrillyatorni ishlatdik, lekin o‘zgarish bo‘lmadi. Soat 4:55 larda yana ishlatdik, harakatlar foyda bermadi. Shundan so‘ng oxirgi imkoniyat – bevosita yurakka ukol qilishdi, ammo bu ham yordam bergani yo‘q.
Soat 5:02 da Sharof Rashidovichning hayotdan ko‘z yumganini aytishdi.
Vagonda Xursandoy ayaning yuraklarni yorib yuborgudek chinqirig‘i eshitildi. Hammamiz qotib qoldik.
Keyin men chiqib bu haqda G.Kraynovga ma’lum qildim. U kishi Markaziy qo‘mita kotibi O.Salimovga, Xursand G‘ofurovna qizlari Dilorom va Ilhomga, men Davlat Xavfsizlik komitetining raisi V.Golovinga Sharof Rashidovichning dunyodan o‘tganligi haqida xabar berdik.
Ertalab soat 7:00larda yig‘idan ko‘zlari qizarib, shishib ketgan Sharof Rashidovichning o‘g‘li Ilhom Sharofovich yetib keldi.
Men Sharof Rashidovichning iyaklarini bog‘lab, oppoq choyshabga o‘radim va boshqalar bilan birga tibbiy zambilga qo‘yib, soat 8:30 da “TU-134” samolyotida Toshkentga uchdik.
Ikki soatdan keyin Toshkentga yetib keldik. Sharof Rashidovichning jasadi qo‘yilgan mikroavtobus ichida byuro a’zolari mendan nima bo‘lganini gapirib berishimni so‘radi. Men ularga oxirgi ikki kunda bo‘lib o‘tgan voqealar haqida ma’lumot berdim. Sharof Rashidovichning jasadini o‘zi yashaydigan uyga olib keldik.
TashMI rektori, akademik O‘ktam Oripov boshchiligidagi maxsus tibbiy guruh Sharof Rashidovichning jasadini yorib, u kishi o‘limining sabablari haqidagi ma’lumotnomani yozdi va ertasiga meditsina-ekspertiza xulosalari matbuotda e’lon qilindi».
Sharof ota Qoraqalpog‘iston temiryo‘lining bir chekkasida, tupikda, vagonda, tepasida yaqinlaridan faqat rafiqasi Xursandoy opa, birgina tansoqchi va shifokorlar qo‘lida vafot etdi. Bu holatdan yuragimda alam otilib chiqadi-yu, yana qalbimda qandaydir hislar tug‘yon uradi: aslida Sharof aka jonajon vatani – bepoyon paxta dalalarining bir chekkasida, xalqining qo‘ynida, o‘zi tug‘ilib o‘sgan, obod qilgan yurti bag‘rida omonatini Allohga topshirdi.
Ayrim hollarda qismatimizga achinib ketasan kishi. Sharof ota boshqalar kabi kasal bo‘lmasdan avval, tanasida dardning ilk alomatlari paydo bo‘lishi bilan ko‘rpa-to‘shak qilib yotib olishi, tez yordamni chaqirishi, statsionar sharoitida davolanishi mumkin edi-ku. Ammo Sharof ota unday qilmadi, u 6 million tonna paxta uchun jonini ham qo‘shib berdi. U Ikkinchi jahon urushida toblangan, o‘zi a’zo bo‘lgan kommunistik tuzumning barcha sitamlariga sabr qilib, chidab kelgan mag‘rur o‘zbek o‘g‘loni edi. O‘zbek millatining faxri, g‘ururi, vijdoni, ori, nomusi edi.
Irismat ABDUXOLIQOV.