Samarqand - Shensi: Iqtisodiy hamkorlik kengayadi
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.
18 may kuni Sian shahrida oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin Qo‘shma bayonot imzoladi hamda 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturini qabul qildilar.
Ushbu marosimda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Shensi gubernatori bilan Shensi va Samarqand viloyatining 5 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha bitimni imzoladi.
Samarqand viloyati Xitoyning Shensi provinsiyasi bilan birodarlashgan hudud maqomida iqtisodiyot, madaniyat, turizm, ilm-fan sohalarida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Bu munosabatlar keyingi yillarda ancha rivojlandi. Kelgusi besh yillikka mo‘ljallangan bitim esa bu aloqalarni yangi bosqichda davom ettirishga asos bo‘ladi.