Samarqand tajribasi respublikaga namuna bo‘ldi

Xabar berganimizdek, viloyatimizda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirishga qaratilgan respublika ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminarni o‘tkazish uchun Samarqand tanlangani bejiz emas. Chunki yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish borasida viloyatda katta tajriba to‘plangan. Shuningdek, “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida har bir mahallani aniq bir yo‘nalishga ixtisoslashtirish, xonadonlarni kooperatsiya usulida biriktirish va yetishtirilgan mahsulotni markazlashgan holda realizatsiya qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Dastlab seminar ishtirokchilari Samarqand tumanidagi Sho‘rboyicha mahallasida aholiga ijaraga berilgan yerlarda “Bir kontur - bir mahsulot” tamoyili asosida sabzi yetishtirish, ichki bozorga yetkazib berish va eksportga chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.

3700 nafar aholi istiqomat qiladigan ushbu mahallada 642 ta xonadon, 1003 ta oila mavjud. Umumiy yer maydoni 43 gektar bo‘lgan mahalla bog‘dorchilik va dehqonchilikka ixtisoslashgan. 15 ta xonadonda issiqxonalar tashkil etilgan bo‘lib, ular limonchilik bilan shug‘ullanadi.

Ijara yerdan yiliga 100 million so‘mdan ortiq daromad

2023 yilda mahallada 5 gektar yer maydoni 16 nafar ishsiz fuqaroga o‘rtacha 30 sotixdan 30 yil muddatga ijaraga berilgan. Ijara yerlarida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida “duga” shaklidagi plyonka ostiga ekinlar ekilib, yiliga uch marotaba hosil olinmoqda. Shu mahallada istiqomat qiluvchi Otabek Ilyosov 30 sotix maydonda dehqon xo‘jaligi tashkil etib, plyonka ostida 2 yilda 5 xil mahsulot yetishtiradi va 100 million so‘mdan ortiq daromad qiladi.

Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari tumandagi Dehnav mahallasida tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish, yetishtirilgan mahsulotni ichki bozor va eksportga yo‘naltirish jarayonlari bilan tanishdi.

- Mahallamizda issiqxona xo‘jaliklari va chorvachilikni rivojlantirish hamda qo‘shimcha daromad olish uchun aholiga 3 milliard 100 million so‘m kreditlar ajratilgan, - deydi shu mahalla bankiri Azizbek Kamolov. – Tadbirkorlar tomonidan meva-sabzavotni saqlash uchun muzlatkichli omborxonalar ham tashkil etilgan. Mahallamizdagi 300 dan ortiq oila tomorqachilik bilan shug‘ullanadi, 20 dan ortig‘ida issiqxona bor. Shu sababli bu yerda ishsiz fuqaro yo‘q.

Ushbu mahalladagi xonadonlarning aksariyati tuzlama tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi. Xonadonlarda 300-400 tonnagacha tuzlama tayyorlanib, bozorga chiqariladi. Seminar davomida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti tomonidan agroinnovatsiya usulida xurmo tayyorlash va eksport qilish jarayonlari ko‘rsatib berildi.


Rediskadan 80 million so‘m

Mahalladagi tomorqachilar issiqxonada rediska ekib, mavsum davomida 65-80 million so‘mgacha daromad olishadi. “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida xonadonlar shu mahsulotni yetishtiradi hamda ichki bozor va eksportga chiqarishadi.

- Tasarrufimizda 13 sotix yer maydonimiz bor, - deydi Ma’suda Toshpo‘latova. – 2014 yilda 13 million so‘m kredit olib, 4 sotix maydonda issiqxona tashkil etdik, 3 kishi shu issiqxonada doimiy ishlab, foydamizdan yana 2 sotixli issiqxona qurdik. Keyingi daromaddan uch bosh qoramol oldik. Kooperatsiya asosida uch tomonlama tuzilgan shartnomaga asosan urug‘ni o‘zlari keltirib berishadi va biz ekib parvarishlaymiz, tayyor mahsulotni ham uyimizdan olib ketishadi. Issiqxonada ikki marotaba rediska ekamiz, bo‘shagan maydonda ko‘kat, so‘ngra pomidor, bodring yetishtiramiz. Shu asnoda yil davomida yerdan daromad olamiz. Asosiysi, mahsulotimiz qolib ketmaydi, zarurat bo‘lganda, mahsulotimizni o‘zimiz ham bozorga chiqarib sotamiz. Birgina rediskaning o‘zidan 50 million so‘mga yaqin daromad olamiz, boshqa ekinlar daromadini ham qo‘shsak, issiqxonaning o‘zidan 80 million so‘m atrofida daromad qilish mumkin. Tomorqachilarga ko‘mak sifatida subsidiya asosida motokultivator berilgani ham mehnatimizni yengillashtirdi.

Shu yerda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida Dehnav mahallasining ixtisoslashuvi, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilini joriy etish, mahsulotlarni ichki bozorga yetkazib berish, mahallaning eksport salohiyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Ko‘katchilik mahallaning asosiy daromadiga aylangan

Ko‘katchilik mahallalarning asosiy drayver yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Tumanda bu yo‘nalishni yanada rivojlantirish uchun sug‘orish tizimi og‘ir bo‘lgan yana 10 ta mahallada artezian qudug‘i qazib, ko‘katchilikka ixtisoslashtiriladi. Chunki oddiy hisoblaganda ham Samarqand shahrida 1 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi, yil davomida qariyb yana shuncha sayyoh keladi. Ularni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bian ta’minlash ustuvor vazifa. Bu yo‘nalish ana shu rejalarning bir qismi hisoblanadi.

- Seminarda qatnashib, o‘zimizda ishga solinmagan imkoniyatlarini ko‘ryapman, - deydi Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari O‘ktam Masharipov. – Har bir viloyatning o‘ziga yarasha iqlimi, sharoiti bor, lekin shunga qaramasdan bizda ham Samarqandda qilingan ishlarni amalga oshirish imkoniyati bor. Bu yerda bizga eng ma’qul bo‘lgani urug‘ yetkazuvchi, agrotexxizmatlar ko‘rsatuvchi, yetishtiruvchi, saqlash va qayta ishlovchi, eksportyorlarning bir-biriga bog‘langani bo‘ldi. Dehnav mahallasining o‘zidan bir yilda 15 million dollarlik mahsulot eksport qilinar ekan. Bu bitta mahalla uchun juda yaxshi ko‘rsatkich. Yana ikki yilda besh marta hosil olish, yerning har qarichidan unumli foydalanish, ekinlarni davriyligidan kelib chiqib, biri boshqasiga xalal bermasdan hosil olishni tashkil qilish katta natija hisoblanadi. Biz ham bu tajribalarni o‘rgandik va o‘zimizda tatbiq etishni rejalashtiryapmiz.

Respublikamizning janubiy viloyati bo‘lgan Surxondaryodan kelgan soha mas’ullari ham bu kabi dehqonchilikni o‘zlarida amalga oshirish mumkinligini bildirishdi. Shu bois ular har bir ekinning ekilishi, parvarishi, yuqori hosil olish yo‘llari, urug‘likni to‘g‘ri tanlash, saqlash va qayta ishlash, sotish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratishdi.

Surxondaryoda Samarqand tajribasini qo‘llaymiz

- Seminarda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, bandlik boshqarmasi boshliqlari va 9 tuman hokimi, ularning o‘rinbosarlari va hokim yordamchilari qatnashyapti, - deydi Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Sherzod Rajabov. – Bu tadbir ayni ekish mavsumi oldidan muhim paytda tashkil qilingan. Bugun bizda yo‘q tajriba, ya’ni urug‘ ta’minoti, yetishtiruvchi va xarid qiluvchi tarmog‘ining yo‘lga qo‘yilgani, mahsulotni saqlashdan tortib, xaridorga yetkazib berishgacha bo‘lgan qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratilayotgani biz uchun katta tajriba bo‘ldi. Ayniqsa, Samarqandda agronomlar faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilgani e’tiborimizni tortdi. Ularni har bir mahallaga biriktirib, tajribasidan foydalanilayotgani “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyiliga to‘g‘ridan to‘g‘ri yondashuv, desa bo‘ladi. Issiqxonalarda gaz va ko‘mir ishlatmasdan mahsulot yetishtirishni respublikaning barcha viloyatlarida amalga oshirish mumkin. Surxondaryoda ham keyingi 5-6 yilda tomorqa madaniyati ancha rivojlandi, mahallalarning ixtisoslashuvi 75-80 foizga yaqinlashdi. Surxondaryoni Samarqand bilan solishtiradigan jihatlaridan biri bizda bahor erta kelgani hisobiga barcha qishloq xo‘jalik mahsulotlari respublikada birinchi bo‘lib tayyor bo‘ladi. Shu bois bizda ko‘p xarajat qilmasdan yuqori daromad olish imkoniyati bor.

Turizm – istiqbolli yo‘nalish

Seminar qatnashchilari Samarqand tumanidagi Konigil mahallasi Siyobcha kanali bo‘yida olib borilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdi. Turizm va sohilbo‘yi atrofida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

- Bugun respublikadagi 71 ta og‘ir tuman rahbarlari, o‘rinbosarlar, hokim yordamchilari ishtirokida kambag‘allikni qisqartirishda tomorqa imkoniyatlaridan va ijaraga berilgan dehqon xo‘jaliklaridan samarali foydalanish bo‘yicha tajribalar o‘rtoqlashildi, - deydi Buxoro viloyati Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova. – Asosiysi, yerning tuproq qatlamiga zarar yetkazmasdan va hosildorligini kamaytirmasdan qaysi mahsulotdan keyin qaysini joylashtirish, almashlab ekish qoidalari va asosiysi, doimiy ravishda xaridorgir va yuqori daromadli ekinlar yetishtirish jarayoni bizga tajriba bo‘ldi. Samarqandda ancha avval yo‘lga qo‘yilgan “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili bizda ancha kech boshlandi. Bugungi seminardan xulosa sifatida shu ishlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zimizga rejalar belgiladik.

Soha ko‘rgazmasi ko‘rganlarimizning isboti

Kun davomida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminar yakunida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida hududlarda aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida muhokama etildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidov, Markaziy banki raisi T.Ishmetov, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev va boshqalar so‘zga chiqib, Samarqand viloyati misolida yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish, mahalla ixtisoslashuvi hamda “kompaniya — kooperativ — dehqon xo‘jaligi” tamoyili bo‘yicha kooperativlar tashkil etish mexanizmlari haqida fikrlarni bildirdi.

Shuningdek, seminarda soha mas’ullari va mutaxassislar tomonidan serdaromad sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka urug‘larini tayyorlash, ekish va parvarishlash hamda tomorqalardan yiliga ikki-uch marta hosil olish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar, mevali va tok ko‘chatlarini ekishga tayyorlash, ekish hamda mavjud mevali daraxtlar va uzumlarga shakl berish bo‘yicha agrotexnik ishlar, aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash, tomchilatib sug‘orish tizimi orqali ekinlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yishning afzalliklari haqida ma’ruza va taqdimotlar o‘tkazildi.

O‘ktam Xudoyberdiyev,

Fazliddin Ro‘ziboyev.