“Samarqand tasviriy va amaliy san’ati” kitob-albomi nashr etildi

O‘zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nuriddin Kalonovning aytishicha, samarqandlik rassom va amaliy san’at ustalari ijodi haqida hikoya qiluvchi so‘nggi kitob-albom 1992 yilda rus tilida nashr etilgan. Shundan keyin bunday katalog chiqarishga deyarli e’tibor qaratilmagan. Vaholanki, mustaqillik yillarida ham samarqandlik rassom va haykaltaroshlar, kulollar barakali ijod qilib, respublika va xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashdi. Yurtimizda bunyod etilgan bino va inshootlarni rang-tasvir, grafika asarlari, ganchkorlik ishlari, haykaltaroshlik namunalari bilan bezatishda faol ishtirok etdi. Ularning bu mehnatlari xalqaro darajada e’tirof etildi.

  – To‘g‘ri, ijodiy asarlarimiz xalqimizga tanish, ko‘rgazmalarda namoyish etilmoqda, bino va inshootlarga ko‘rk berib turibdi, – deydi N.Kalonov. – Lekin bu haqda yozma manbalar bo‘lishi, kelgusi avlodlar ham buni bilishi, o‘rganishi kerak. Afsuski, o‘ttiz yil bu haqdagi orzularimiz orzuligicha qoldi. O‘tgan yil viloyat hokimligi e’tibori bilan Samarqand badiiy ijodkorlar uyushmasi joylashgan bino rekonstruksiya qilinib, ijodkorlar uchun zarur shart-sharoit yaratildi. Uyushmamizga e’tibor oshdi. Buning natijasida “Samarqand tasviriy va amaliy san’ati” nomli kitob-albom yaratildi. Unda rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik va amaliy san’at bo‘yicha 47 nafar samarqandlik ijodkor va ularning asarlari haqida ma’lumotlar jamlandi. Kitob-albom Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nurning kirish so‘zlari bilan boshlangan.

O‘zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limida bugun mazkur kitob-albomning taqdimoti o‘tkazildi.

Samarqandlik ijodkorlar, rassom va ustalar, haykaltaroshlar, yoshlar ishtirok etgan tadbirda mazkur kitobning yaratilishi haqida so‘z yuritildi. Keyingi yillarda badiiy akademiya a’zolariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik e’tirof etildi.

Taqdimotda qatnashgan viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov viloyatda tasviriy va amaliy san’at bilan shug‘ullanayotgan ijodkorlar ko‘pligi, ularni qo‘llab-quvvatlash va asarlarini keng targ‘ib etish maqsadida ushbu kitob-albomning ikkinchi nashrini tayyorlashni, shuningdek, samarqandlik yosh rassomlarning ham shu kabi katalogini yaratish taklifini bildirdi. Bu kitoblarni nashr etishga viloyat hokimligi yordam berishini ta’kidladi.

Tadbir doirasida Samarqand badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolarining ijodiy asarlari ko‘rgazmasi va “Badiiy salon” ochildi. Endilikda ushbu “Badiiy salon”da samarqandlik rassomlarning asarlarini xarid qilish mumkin.