Samarqand teatri Sug‘dda iliq kutib olindi
Spektakldagi asosiy rollarni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar - Temur Pardayev, Mehri Hakimova, Bahrullo Rahimov, Baxtiyor Rahimov, Solijon Hakimov, iste’dodli aktyorlar Jo‘rabek Yorqulov, Shohsanam Rahimova ijro etishdi.
- Yurtboshimiz sa’y-harakatlari bilan xalqlarimiz orasida azal-azaldan davom etib kelayotgan do‘stlik aloqalarini davom ettirishlari uchun imkoniyat yaratildi, - deydi Samarqand viloyati musiqali drama teatri rahbari Kamoliddin Qorjovov. - O‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlar har ikki xalq manfaati yo‘lida izchil mustahkamlanib borayotgani biz, teatr san’ati vakillarini quvontirdi. Sentyabr oyi boshlarida teatrimizning bir guruh ijodiy jamoasi Sug‘d viloyatida bo‘lib o‘tgan "Samarqand madaniyati kunlari"da ishtirok etgan bo‘lsa, bugun yana bir to‘liq sahna asarini tojik xalqi ahliga havola etdik.
- Safarga tayyorgarlik ko‘rar ekanman, sug‘dliklar o‘zbek tilidagi sahna asarni qanday kutib olishar ekan, - degan xayol menga tinchlik bermasdi, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mehri Hakimova. – Chegaradan o‘tganimizda va Xo‘jand teatri binosi oldida Sug‘d viloyati madaniyat ahli bizlarni karnay-surnaylar sadosi ostida, spektaklimizni esa davomli qarsaklar bilan kutib olishlarini ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Tojikiston xalq artisti Sayram Isoyeva bilan uchrashib, dildan qilingan ijodiy suhbat bir umr yodimda qoladi.
Muhammadrasul MAMADAMINZODA.