Samarqand to‘rtta katta ko‘chadan iborat emas

Kecha oqshom yoqqan qor ta’sirida bugun ertalab yo‘llar muzlab, transport vositalari va piyodalar qatnovi uchun noqulayliklar kuzatildi.

Yarim tunda ijtimoiy tarmoqlarda obodonlashtirish boshqarmasi transport vositalari Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek, Bo‘stonsaroy, Beruniy va boshqa ko‘chalarda qum-tuz aralashmasi sepayotgani aks etgan videolavha tarqatilganda, ko‘ngil xotirjam bo‘lgandi. Ertalab yo‘llarda yurishda qiynalmas ekanmiz, deb o‘ylagandik. 

Afsuski, ertalab butunlay boshqa manzaraga duch keldik. To‘g‘ri, markaziy ko‘chalarga tuz sepilibdi. Lekin shahar faqat shu to‘rt-beshta ko‘chadan iborat emasku. Narpay ko‘chasida, Akbar Otaxo‘jayev ko‘chasida, Toyloq tumanidan shaharga kiriladigan Panjikent  ko‘chasida umuman, tuz sepilmaganini ko‘rdik.

Keyingi paytda katta shaharchaga aylanayotgan, lekin na yo‘li, na obodonlashtirilishiga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgan Qorasuv massividaga yo‘llarga soat 8.00 gacha qum-tuz aralashmasi sepilmagan edi. Hatto ushbu massivdagi shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga boradigan yo‘lga hech narsa sepilmaganini mas’ullar qanday izohlaydi?

Kechagi qor va sovuq favqulodda ro‘y bermadi, bir necha kun oldin bu haqda xabarlar berildi. Shundan keyin ham bu vaziyatga tayyorgarlik ko‘rilmagani mas’uliyatsizlikmi yoki ishonchni suiiste’mol qilishmi?

Katta yo‘llardagi holat shunday bo‘lgach, ichki ko‘chalarni, mahallalar ichidagi yo‘llarni tasavvur qilavering!

Xullas, mutasaddilar qachon xo‘jako‘rsinga ishlashni bas qilib, odamlar uchun qulaylik yaratishni o‘ylab ishlashadi?