Samarqand tumanida turistik zona tashkil etilmoqda
Viloyatimizda turizmning eko hamda ekstremal turlarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida shu yil 6 fevralda davlatimiz rahbari tomonidan “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilindi.
Qarorda bir oy muddatda “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik rekratsion zonasi faoliyatini tashkil etish, joriy yilning 1 avgustiga qadar zonaning master rejasini ishlab chiqish va talab etiladigan yer maydonlari toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni hukumat komissiyasiga kiritish, zona hududida ichki ishlar boshqarmasining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘limini tashkil etish va boshqa vazifalar bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan Samarqand tumani hokimligida viloyat hokimi E.Turdimov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda qaror bilan tasdiqlangan turistik zona hududida turizm sohasini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari hamda turistik zona va unga olib boruvchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
– Qarorda joriy yil 1 mayga qadar Ohalik, Oqbo‘yro va Mironqulda jami 2545 gektar yer maydonini belgilangan tartibda direksiya hisobiga o‘tkazish belgilangan, – dedi E.Turdimov. – Buning uchun tuman hokimligi tegishli idoralar bilan birga xatlov va o‘rganish ishlarini olib borib, o‘z takliflarini berishi kerak. Shuningdek, har bir hudud bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kirishish lozim. 2024-2026 yillarda zonada infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha davlat tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘riladi. Shu yilning 1 avgustiga qadar turistik zonaning bosh rejasi va batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi. Bunda ham barcha taklif va loyihalarni e’tiborga olish lozim. Umuman, mazkur turistik zona Samarqand tumanida turizmni rivojlantirish orqali hudud infratuzilmasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qilishini inobatga olib, uni tez va sifatli amalga oshirishga hududdagi mahallalardan boshlab hokimlikkacha faol qatnashishi lozim.
Yig‘ilishda turistik zonada amalga oshiriladigan ishlar, rejalashtirilayotgan loyihalar to‘g‘risida turizm boshqarmasi, tuman hokimligi va boshqa mutasaddilarning taqdimotlari o‘tkazildi. Ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.