Samarqand – turkiy dunyo shaharsozlari anjumani mezboni

Samarqandda Turk dunyosi muhandislari va me’morlari ittifoqining turkiy dunyo shaharsozlik qurultoyi o‘z ishini boshladi.
Unda ittifoqqa a’zo davlatlar vakillari, o‘zbekistonlik quruvchi va arxitektorlar, sohaning olim va mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Qurultoy ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatov, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev so‘zga chiqib, ittifoq rahbariyati va mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, mamlakatimizda bugungi kunda Turkiyaning bir qator yirik qurilish kompaniyalari, arxitektura byurolari va loyihachilari faoliyat yuritib, zamonaviy standartlar asosida shaharlarimiz qiyofasini tubdan yangilashga salmoqli hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidladilar.
Turk dunyosi muhandislari va me’morlari ittifoqi raisi Ilyas Demirji, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi, Turkiya Respublikasining sobiq Bosh vaziri Binali Yildirim, Turkiya Respublikasining Samarqanddagi bosh konsuli Salih Janer va boshqalar qariyb 25 yillik tarixga ega mazkur ittifoq bugungi kunda turkiy dunyoda tarixiylik uyg‘unlashgan zamonaviy shaharsozlik an’analarini joriy etish, ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda muhim o‘ringa egaligini qayd etdilar.
– Bunyodkorlik, shaharsozlik orqali aslida kelajak quriladi, – deydi Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim. – Unda xalqning, millatning qudrati, madaniyati, o‘zligi aks etadi. Bizning turkiy xalqlarimiz Sharqu G‘arbda, Bolqondan Baykalga qadar ana shu muhtasham bino va inshootlar barpo etib, kuch-qudratimizni, madaniyatimizni namoyon etganlar. Uch ming yillik bu qadimiy shaharsozlik an’analari namunalari hozirgacha ham saqlanib kelinmoqda va endilikda ular insoniyatning bebaho moddiy merosi hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham bunday tarixiy obidalar, qadimiy shaharsozlikning go‘zal namunalari juda ko‘p va dunyo ahli ularga hayrat va havas bilan boqadi. Turk dunyosi muhandislari va me’morlari ittifoqi bugun turkiy davlatlarning, xalqlarimizning ana shu merosini asrab-avaylash bilan birga, zamonaviy shaharsozlikda ulardan samarali foydalib, ulug‘vor binolar bunyod etmoqda.
Turkiya Buyuk millat majlisi deputati Ilyas Topsakal turkiy davlatlar qadimiy katta bir sivilizatsiyani tashkil etgani va bu an’analar bugun ham davom etayotganini ta’kidladi.
– Ba’zi olimlar, mutaxassislar shaharsozlik an’analarida G‘arbdan ilhomlanilgani haqida gapirib qolishadi, – deydi Ilyas Topsakal. – Lekin Sharqdagi qadimiy obidalarni ko‘rsangiz, Samarqand, Buxoro, Xivada bo‘lsangiz bu fikrlar xatoligini his qilasiz. Chunki, turkiy xalqlarning shaharsozlik an’analari bir necha ming yillik tarixga ega va undan boshqalar andoza olganligi bugun hech kimga sir emas. Biz bugun ham ana shu an’analarimizni asrab-avaylashimiz va zamonaviy arxitekturaga uyg‘un tarzda davom ettirimiz lozim.
Anjuman Samarqand – turk dunyosi sivilizatsiya markazi, turkiy dunyoda turizm va madaniy meros, Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan “tilda, fikrda va ishda birlik”, global iqlim o‘zgarishlari: Orol dengizi istiqboli kabi sessiyalarda o‘z ishini davom ettirdi. Unda Turk dunyosi muhandislari va me’morlari ittifoqiga a’zo davlatlar vakillari, yurtimiz olim va mutaxassislari o‘z ma’ruza va taqdimotlari bilan ishtirok etdi.
Tadbirlar doirasida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev va Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirimning uchrashuvi o‘tkazildi.
Qurultoy qatnashchilari uchun Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, zamonaviy bino va inshootlarga sayohat ham ko‘zda tutilgan.