Samarqand va Chimkent shaharlari o‘rtasida turizm aloqalari rivojlanadi
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida samarqandlik va chimkentlik turizm sohasi vakillari, turoperator va turagentlar ikki shaharning turizm imkoniyatlarini namoyish qildi.
Tadbirda ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritilib, sayyohlik mahsuloti va brendlarini rivojlantirish, mehmonxona xizmatidan foydalanish hamda turizm yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashildi va hamkorlik memorandumi imzolandi.
- O‘zbekistonga, jumladan, shahrimizga kelayotgan sayyohlarning asosiy qismini Qozog‘iston Respublikasi vakillari tashkil etadi, - deydi viloyat turizm boshqarmasi xalqaro aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Shohrux Hayitboyev. – Shu sababli Samarqand shahrining turizm salohiyatini rivojlantirish va shahrimizga sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish maqsadida ikki yil oldin Qozog‘istonning Chimkent shahar turizm sohasi vakillari bilan hamkorlik o‘rnatgan edik. Bugun ana shu hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldik.
- Maqsadimiz ikki mamlakat, ayniqsa, tarixiy shahar Samarqand bilan turizm salohiyatini ommalashtirish va hamkorlikni mustahkamlash, - deydi Chimkent shahar turizm, tashqi aloqalar va ijodiy sanoat boshqarmasi vakili Azamat Nurimbetov. – Shuningdek, Ipak yo‘li bo‘ylab transchegaraviy turlarni rivojlantirish hamda turistik va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish. O‘ylaymizki, amalga oshirilishi belgilangan yangi loyihalar ikki tarixiy shahar turistik salohiyatini keyingi bosqichga olib chiqadi.
Tadbir doirasida sayyohlik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.